GULXANIY IJODI.ZARBO’LMASAL ASARIDAGI MASALLARNI O’RGANISH ,TAXLIL QILISH .
Reja:
1 Gulxaniy ijodi
2.Zarbo’lmasal asaridagi masallarni o’rganish ,taxlil qilish
3 Gulxaniy “Maymun bilan Najjor” masalida
Isyonkor kuychi Gulxaniy XVIII asrning oxiri XIX asrning boshlarida yashab ijod etgan va bu davr oʻzbek adabiyotida oʻziga xos oʻrinda turadigan yozuvchidir. Uning asl ism-sharifi Muhammad Sharif boʻlib, Gulxaniy esa uning adabiy taxallusidir. Taxminlarga koʻra, u XVIII asrning 70yillari hozirgi Xoʻjand viloyatining Darvoza qishlogʻida dunyoga keladi.
Boʻlajak yozuvchining bolaligi oʻzi olamga kelgan togʻ qishlogʻida oʻtadi. Bu yerda ozmi-koʻpmi oʻqib, savod chiqaradi, adabiyotga boʻlgan havasi ortadi. Sheʼriyatga oid koʻplab asarlar oʻqiydi, xalq ogʻzaki ijodini berilib oʻrganadi va asta-sekin sheʼriy mashqlari boshlanadi. U oʻz ilmini oshirish maqsadida avval Namangan, soʻngra Fargʻonaga keladi, qiziqchiligi, hozirjavobligi va hajviy sheʼrlari bilan kishilar oʻrtasida tanila boshlaydi. Ayniqsa, gʻariblik turkumidagi ruboiy va toʻrtliklari bilan el ogʻziga tushadi. Shoir keyinchalik Qoʻqonga keladi va qiyinchilik bilan kun kechiradi. U oʻzbekcha sheʼrlariga Gulxaniy, tojikcha sheʼrlariga Jurvat deb taxallus qoʻyadi.
Gulxaniy bir necha yil Qoʻqon xoni Olimxon saroyida navkar boʻlib xizmat qilgan, janglarda qahramonlik koʻrsatgan boʻlsada, ammo ochlik, yupunlik, muhtojlik uning hamrohi boʻlib qolaveradi.
Gulxaniyning “Ber menga” radifli sheʼri uning navkarlik davrida yozilgan asaridir. Gʻazal och qolgan kishining oʻz xoʻjayinidan non soʻrashi bilan boshlanib, lirik qahramon – navkarning qalb alamlari soʻnggi baytlarda izchil ochila boradi.
Bu gʻazalga chuqurroq nazar tashlansa, unda faqat yakka, ochlikdan tinkasi qurigan ayrim shaxs haqida gapirilmay, balki katta ijtimoiy masala – Olimxonning navkarlari orasidagi ichki hayot sharoiti haqida gap boradi. Gʻazalda lirik qahramonning qiyafasi umumlashma timsol darajasiga koʻtarilgan, chunki Olimxon navkarlaridan faqat Gulxaniy xon iltifotiga sazovor boʻlolmadi, degan qarorga kelish yanglishdir. Demak, lirik qahramon – navkar oʻz boshidan kechirganlarini bayon qilish asosida Olimxonning navkarlarga muruvvatsizligi va qoʻshindagi tartibsizlikni fosh qiladi. Oʻz huquqini yoqlash bilan boshqa navkarlarni ham ana shunday ish koʻrishga daʼvat etadi:
Hazratim, ochlikdan oʻldim, yegani non ber menga,
Kofir oʻlgʻayman agar desamki, bahmon ber menga.
Mosh-u bugʻdoy-u guruch berkim, shular menga kerak,
Hech aytmasman aqiq-u laʼl-u marjon ber menga.
Egnima yopiq berib, qornimni toʻygʻiz non bilan,
Senga bilo kim demasman din-u iymon ber menga.
Navkaring ochlikdan oʻlsa, nega hayfing kelmagay,
Ey tabibi hoziqim, dori-yu darmon ber menga.
Non-u toʻn ber, benavolik dardidan qutqar meni,
Men qachon aytdimki, Qorun ganjidek qon ber menga…
Gulxaniyni er yigitlar toʻpidan kamsitmagil,
Foʻta ber, ot ber, toʻn-u chakmon ber menga.
Xalq zolim deb atagan Olimxondan keyin Qoʻqon taxtiga chiqqan Umarxon hukmronligi davrida ham Gulxaniy turmushida hech qanday oʻzgarish boʻlmadi.
Gulxaniy avval adashib, turmushim yaxshi boʻlarmikan, qornim nonga toʻyarmikan, degan oʻy-umidlar bilan Umarxon saroyidagi maddoh shoirlar guruhiga qoʻshiladi. Xonni maqtab qasida va gʻazallar yozadi. Qasidalarida Umarxonni koʻklarga koʻtarib maqtaydi, xonga unda boʻlmagan yaxshi xislatlarni taqadi, uni fuqaroparvar, adolatparvar, zulm va haqsizlikka xotima beruvchi kishi qilib tasvirlaydi va bu bilan xonni ana shunday ijobiy xislatlar egasi boʻlishga daʼvat etadi. Ammo Umarxon saroyidagi fisq-fujurlar, munofiqliklar, xon va uni oʻrab olgan arkoni davlat tayanchlari tomonidan xalq boshiga keltirilgan qora kunlar Gulxaniydek hassos shoirning saroy ahliga boʻlgan munosobatini oʻzgartirib yubordi: endi u baʼzan ixtiyoriy ravishda va baʼzan payrovlik qilib shohni taʼriflashdan chekinadigan boʻldi, oʻz eʼtirozlarini bildira boshladi.
Gulxaniy XIX asrning birinchi yarmida vafot etdi. “Zarbulmasal” xalq ertaklari taxlitida yozilgan mukammal mazmunli oʻtkir hajviy asardir. Gulxaniy oʻzining bu asarida xalqning mazmundor maqollari, hikmatli soʻzlari va qochirimlaridan mohirlik bilan foydalandi. U hukmdorlar va ularning laganbardorlarini, saroy ahlining yaramas kirdikorlarini majoz yoʻli bilan oʻtkir hajv ostiga oladi. Chunki u mehnatkash xalqning ogʻir, mashaqqatli hayotini oʻz koʻzi bilan koʻrdi, saroy bazmlari, keti uzilmas mayparastliklar xalqni talash hisobiga boʻlishini payqadi va bunday salbiy ishlar uning koʻzini ochdi. Natijada unda saroy ahliga nisbatan nafrat hissi tobora oshib bordi. Ammo shoir, sharoitga koʻra, hukmron doiralardan noroziligini va nafratini ochiq-oydin ifodalay olmas edi. Shuning uchun majoziy shakldagi “Zarbulmasal” asarini yozishga kirishdi. Asarda shoirning maqsadi, hayotga, uni oʻrab olgan muhitga, hokim tabaqalarga boʻlgan munosobati toʻgʻridan toʻgʻri ifoda etilmay, balki hayvonlar, qushlar va shunga oʻxshash majoziy obrazlarning tasviri orqali ifodalandi. Shoir shu zaylda oʻzi yashagan zamon uchun aniq voqea-hodisalarni, ularga oʻzining munosabatini, qarashlarini tasvirladi.
Muallif oʻz masallarida majoziy qiyofalar orqali oʻsha davrdagi hukmron sinf vakillarini fosh qiladi, mamlakatga xarobalik, xalqqa qashshoqlik keltirgan oʻzaro urushlarga qarshi ommaning noroziligini ifodalaydi.
Gulxaniy oʻz zamonida sodir boʻlgan talon-tarojlik, xalqni qiynash, ortiqcha soliqlar solish kabi voqealarni ochiqdan ochiq yoza olmas edi. U buni faqat ertak yoʻli bilan amalga oshirish mumkin ekanligini tushunardi. Shuning uchun Yapaloqqush va Boyoʻgʻli bir-biriga quda boʻlishi voqeasini keltiradi. Bu ikki quda toʻy bahonasi bilan mamlakatni xonavayron qiladi. Yozuvchi Koʻrqush, Hudhud, Kulonkirsulton, Shoʻranul, Malik shohim va Kordonlarning bir-birilariga aytgan masallari, hikoyalari orqali asarning gʻoyaviy mazmunini ochadi.
Yapaloqqush va Boyoʻgʻli yuqori tabaqa vakillari. Ularning xatti-harakatlari ochkoʻz va qonxoʻr boʻri, aldamchi va shayton tulkilarga oʻxshaydi. Bularning oʻy-fikrlari, yurish-turishlari, shumlik, shahar va qishloqlarning vayron boʻlishi ular uchun bayramdir.
Gulxaniy “Maymun bilan Najjor” masalida hunar va hunar ahlini ulugʻladi, qoʻlingdan kelmaydigan ishga aslo urinib kulgi boʻlma, koʻr-koʻrona birovga taqlid qilib falokatga yoʻliqma, degan fikrni maymun qismati orqali koʻrsatadi.
Najjor juda aqlli va mohir hunarmand sifatida tasvirlanadi. U ijtimoiy-foydali mehnat bilan shugʻullanishni har narsadan yuqori qoʻyadi. Gulxaniy Najjor va uning mehnatini, duradgorlik mahoratini katta muhabbat bilan tasvirlar ekan, hattoki maymun ham mehnatga muhabbat bilan qaraydi, hunarga va hunar egasiga uning havasi keladi, degan fikrni olgʻa suradi.
Mehnatkash xalqning ogʻir hayoti, huquqsizligi va nochorligi, bir soʻz bilan aytganda ayanchli qismati “Tuya bilan boʻtaloq”da oʻziga xos badiiy taʼsirli qilib beriladi.
Gulxaniyning tasvirlashicha, tuya hayotda ezilgan, tutqun, erk-ixtiyorsiz, ogʻir mehnat bandasi hamda qul qismatiga mahkum etilgan mehnatkashlarning majoziy timsolidir. Boʻtaloq esa ona sutiga ham toʻyolmay, ogʻir mashaqqatli hayot kechirgan, ochyalangʻochlikda, muhtojlikda yashagan erksiz mehnatkash bolalarning timsolidir.
Gulxaniyning “Toshbaqa va Chayon” masalida bir-biriga zid va qarama-qarshi ikki timsol berilgan: Toshbaqa – aqlli, farosatli, safarlarda koʻp yurib, ancha tajriba orttirgan, insofli, sodiq va qadrdon doʻst timsoli. U oʻz hamrohi Chayonning suvdan oʻta olmasligini bilgach, unga yordam qoʻlini choʻzadi. Lekin Toshbaqa Chayonning xiyonatini – “sen bilmaysanmi Chayonning muddaosi xoh doʻstning koʻksiga, xoh dushmanning orqasiga boʻlsin nish urishdir” degan javobini eshitgach, uni halok qiladi. Gulxaniy bu masali orqali Chayonga oʻxshagan odamlar bilan doʻst va hamroh boʻlmaslikka, kishi oʻzini va taqdirini oʻshanday kishilarga topshirib qoʻymaslikka chaqiradi.
Chayon butun umri boʻyi birovlarga yomonlik qilgan, ularga ziyon-zahmat yetkazgan, yaxshilikni bilmaydigan, yaxshilikka yomonlik qaytaradigan, xiyonatkor toifalarning ramziy qiyofasidir.
Gulxaniy shu zaylda hozirgi zamon oʻzbek bolalar adabiyotining maydonga kelishida barakali hissa qoʻshgan qalamkashdir.
Gulxaniyning “Zarbulmasal” asari tarkibiga kirgan masallarda ilgari surilgan g‘oyalar.
Muhammad Sharif Gulxaniy XIX asrning birinchi yarmi Qo‘qon adabiy muhitida masal–tamsil janrida xalqchil asar yaratishga muvaffaq bo‘lgan shoirdir. Uning hayoti va ijodiga oid tadqiqotlardan ma’lum bo‘lishicha, Gulxaniy tabiatan yumor va hajvga usta, xalq urf-odatlari va til boyliklarini, maqol, matal, naql va rivoyatlarni chuqur biladigan ijodkordir. U fors-tojikcha g‘azallarida Jur’at taxallusini qo‘llagan bo‘lsa, o‘zbek kitobxonlariga Gulxaniy taxallusi bilan mashhur.
Gulxaniy – olovqalb, majnunsifat ma’nolarini bildiradi. Gulxaniyning eng muhim ijodiy fazilati shundaki, u XIX asr folkloristi sifatida o‘zbek xalqining donishmandligini ifoda etgan masallar, maqollarni to‘plab, o‘zining mashhur “Zarbulmasal” asarini yaratgan. Shoir uni yaratishda xalq og‘zaki ijodi bilan birga, buyuk hind masali “Kalila va Dimna”dan, Firdavsiy, Jomiy, Hofiz Sheroziy, Shayx Sa’diy, Alisher Navoiy kabi mutafakkirlar asarlari an’analaridan keng foydalangan. Chindan ham jahon adabiyoti xazinasining noyob durdonasi sanalmish “Kalila va Dimna” qadimgi hind folklori zaminida vujudga kelgan. Uni hind podshohi Dobshalim uchun faylasuf Beydabo yozganligi naql qilinadi.
Jumladan, kitob muqaddimasigi ayrim fikrlar e’tirofga loyiq: “Har bir xalqning olim va faylasuflari qanday vositalar bilan bo‘lmasin, o‘z orzu va istaklarini amalga oshirmoq, mavjud tartibni intizomga solmoq uchun hamisha fikr yuritganlar, har xil tadbirlar ila ish ko‘rmoqchi bo‘lganlar, bu haqda har xil asarlar yozmoqqa intilganlar. Shulardan biri qushlarning va yovvoyi, yirtqich hayvonlarning tilidan yozilgan, g‘oyat chuqur ma’noli, nafis ramz va muammolarga to‘la ushbu kitobdir…
Olimlar bu yo‘lni tanlab zo‘r imtiyozga ega bo‘lganlar: avvalo, bu bilan ular xohlagan so‘zlarini aytib, har bir bobni orzu qilganlari darajada bezash imkoniyatiga ega bo‘ldilar. Buning ustiga, ular shu yo‘l bilan nasihat, hikmat, latifa va hazil-mutoyiba javohirlarini bir-biriga qo‘shganlar, toki dono odamlar bu kitobni mutolaa qilib, foydalansinlar, nodon odamlar esa, uni afsona deb o‘qisinlar.
Yosh shogirdlar esa, savodli bo‘lmoq, ilm orttirmoq, naql aytmoq maqsadida bu kitobda yozilganlarni osonlik bilan yodlarida saqlab qolgusidirlar. Katta bo‘lib, aql va tajriba egasi bo‘lganlarida, yodlab olgan va esda saqlab qolgan naqllar ustida fikr yuritib, ularni tushunganlarida dillari naqadar foydali hikmatlar bilan to‘lganligini ko‘radilar va o‘zlari kutmagan ulkan boylikka, bitmas-tuganmas xazinaga ega bo‘lganlarini biladilar. Yoshlarning xursandligi katta bo‘lganda otasidan meros bo‘lib qolgan xazinani topgan va shu tufayli umrining oxiriga qadar qiyinchilik ko‘rmasdan yashay olishini bilgan odamning sevinchiga o‘xshaydi.”
Ta’kidlangan jumlalarni Gulxaniyning “Zarbulmasal” asari haqida ham aytish mumkin. Bu esa asarning yosh kitobxonlar uchun g‘oyat muhimligini asoslaydi. Gulxaniy ham Yapaloqqush va Ko‘rqush suhbatida ayrim hikoyatlar bayonini “Kalila va Dimna”nadan topmoq joizligini ta’kidlaydi. “Zarbulmasal” Umarxonning amri, istagi bilan yozilganligi, u xalq orasida keng tarqalgan zarbulmasallarni – xalq maqollarini yig‘ib, kitob holiga keltirish lozimligini aytgani hamda Gulxaniy shu nozik xizmatga loyiq, deb topilgani nazarda tutilsa, mazkur asarlarning maqsad-mohiyati juda yaqinligi oydinlashadi.
“Zarbulmasal” so‘zi “zarb” va “masal” so‘zlarining qo‘shilmasidan iborat bo‘lib, adabiy atama sifatida masal, maqol, matal keltirib so‘zlamoqlikni anglatadi. Zero, undagi pandnamo hikoyatlar, xususan, majoziylik, qushlar, hayvonlar tilidan so‘zlash, “Tuya bilan bo‘taloq”, “Maymun bilan najjor”, “Toshbaqa va chayon”, “Bozanda va Navozanda” kabi bir qancha masallar hamda xalq maqollarining keltirilishi bilan ham yuqorida zikr qilingan asardan ijodiy ilhomlanib yozilganligini tasdiqlaydi. Ammo, aytish joizki, “Kalila va Dimna” turli mavzudagi hikoyatlar zamirida qurilgan pand-u hikmatlardan iborat, voqealar bayoni, hikmat va maqollar ifodasi ham mumtoz adabiyotga xos yashirin, majozlar tilida so‘zlashdan iborat. Undagi masallar garchi turli parranrdalar, qushlar va yirtqich hayvonlar o‘rtasidagi munozaralar, munosabatlar orqali hikoya qilinsa-da, yuksak andisha, falsafiy va purhikmat o‘gitlar ustuvorlik qiladi.
Gulxaniy esa feodal jamiyatining kishisi sifatida o‘tkir satiraga keng o‘rin bergan. Binobarin, “Zarbulmasal” majoz asosiga qurilgan qissa bo‘lib, unda turmush voqea-hodisalari, turli ijtimoiy toifaga mansub kishilarning fe’l-atvorlari, birbiriga munosabatlari qushlar, hayvonlar tilida bayon qilinadi. Muhimi, asarda xalq maqollari va naqllari (400 dan ortiq) keng o‘ringa ega. Undagi asosiy voqea-hodisalar qushlar– hayvonlar timsollari orqali ifodalanganligi, bosh qoliplovchi hikoya boyo‘g‘li va Yapaloqqush hikoyasi bilan bog‘lanib ketuvchi katta-kichik masal-hikoyalar ham keltirilganligi uchun adib uni “Zarbulmasal” deb nomlagan. Qushlar obrazlari asarning asosiy mazmunini belgilaydi, hayvon-hasharot va kishi obrazlari qushlarning o‘zaro suhbatlarida, ular tomonidan keltirilgan naql-u rivoyatlarda namoyon bo‘ladi.
Asar sujetidagi voqealar xalq ertaklariga monand yozilgan: Yapaloqqush o‘g‘li Kulonkir sultonni uylantirish maqsadida o‘z yaqini Ko‘rqushni Boyqush huzuriga sovchilikka yuboradi. Boyo‘g‘lining nihoyatda go‘zal, quyosh yanglig‘ Gunashbonu ismli qizi bor edi. Yapaloqqushning har qancha qalin bo‘lsa topilur deya o‘z tarafidan sovchilikka borishga unaganida, Ko‘rqush quyidagi maqollar orqali unga gap uqtirmoqchi bo‘ladi: “Bor maqtansa topilur, yo‘q maqtansa chopilur”, “Yolg‘on masal turmas”, “Uyat o‘limdan qattiq”,”Ermon yog‘ochining egilgani–singani, er yigitning uyalgani – o‘lgani”, “Oyoq yugurigi oshqa, og‘iz yugurigi boshqa…” Sen kim, Boyo‘g‘lining eshigiga kishi yubormoq kim? Hech bilmasmusenki, “Teng tengi birla, tezak qopi birla”. Yapaloqqush: “Andin bizning nima kamligimiz bor?»,–deganda esa Ko‘rqush: “Maqtangan qiz to‘yda uyalur”,
“O‘zini maqtag‘on o‘lumning qarovuli”. Sening ahvoling olamg‘a ma’lumdir. “Oyni etak birla yashirsa bo‘lurmi?”, “Chumchuq semursa, botmon bo‘lurmi?”, “Olako‘zanak ola bo‘lsa ham, arslon bo‘lmas, olato‘g‘anoq olg‘ur bo‘lsa ham, ahvoli ma’lum” kabi.
Ana shunday maqolli aytishuvlar, “sovchi”ning yo‘ldagi hamsuhbatlari orasidagi masallar hikoyasi, bir-ikki bordi-keldidan so‘ng ming xaroba– chaldevor(chordevor) qalin badaliga Boyo‘g‘li rozilik beradi. Yapaloqqush shonu shavkat bilan to‘y anjomlarini keltiradi, o‘sha davrdagi quda-andachilikka xos hamma rasm-rusumlar, milliy odatlar bajo keltirilib, to‘y marosimlari o‘tkaziladi. Bu marosimlarda ikki tomondan juda ko‘p qushlar– Ko‘rqush, Hudhud, Turumtoy, Kordon, Bozanda, Navozanda, Anqo, Humo, Ukob, Lochin, Oqqush, Turna, G‘oz, O‘rdak, Suqsur, Kaklik, Bedana, Olato‘g‘anoq, Zarqaldoq kabilar qatnashadi va har biri o‘ziga yarasha xizmatni ado etadilar. Farg‘ona iqlimida xarobalar kam bo‘lganligi uchun Mavorounnahr iqlimidan (Buxoro amirligi) 1000 chordevor topishib, kelin Gunashbonu mahriga to‘laydilar.
Ko‘rinadiki, Gulxaniy asarda aniq makon (Ho‘qand, Buxoro) va zamon (XIX asr), hayotiy voqelik (feodal jamiyatidagi notenglik)ni hamda xalq an’analarining yaxshi-yomon qirralarini majoz va kinoya, so‘z o‘yinlari, kesatiqlar orqali bayon etadi. Garchi unda o‘z yurti (Qo‘qon) va uning xoni (Umarxon)ga sodiqlik, u boshqarayotgan yurtning boshqa hududlardan ko‘ra obodroq ekanligiga ishora etilsa-da, Xolboqi misgar, Yodgor po‘stindo‘z, Muhammad Amin mufti, Otaboy amin, Sayid Azimxon, eshon kalla haqidagi hajviyrivoyaviy epizodlarni ochiq-oydin keltiradi.
Muallif o‘z masallaridan majoziy obrazlar orqali hukmron sinf vakillarini fosh qiladi, mamlakatga xarobalik, xalqqa qashshoqlik keltirgan o‘zaro feodal urushlarga qarshi ommaning noroziligini ifodalaydi. Shuning uchun Yapaloqqush va Boyo‘g‘lining bir-biriga quda bo‘lishi voqeasini keltiradi. Bu ikki quda to‘y bahonasi bilan mamlakatni xonavayron qiladi. Yozuvchi Ko‘rqush, Hudhud, Kulonkirsulton, Sho‘ranul, Malik Shohim va Kordonlarning bir-birlariga aytgan masallari, hikoyalari orqali asarning g‘oyaviy mazmunini ravshanlashtiradi.
Gulxaniy “Maymun bilan najjor” masalida hunar va hunar ahlini ulug‘laydi, qo‘lingdan kelmaydigan ishga aslo urinib kulgi bo‘lma, ko‘r-ko‘rona birovga taqlid qilib falokatga yo‘liqma, degan fikrni maymun qismati orqali ko‘rsatadi. Bu masal axloqiy tarbiyaviy mavzuda bo‘lib, ishning mohiyatini bilmay, pala-partish kirishuvchi va oxirida o‘zi sharmanda bo‘lib qoluvchi kishilarga o‘git-nasihat tarzida keltirilgan.
Mehnatkash xalqning og‘ir hayoti va mehnati, huquqsizligi va nochorligi, ayanchli qismati esa “Tuya bilan bo‘taloq”da badiiy tasvirlangan. Gulxaniy bu masalda Sarbon, Tuya va Bo‘taloq orqali xususan, o‘zi yashayotgan jamiyatdagi tengsizlikni, uning og‘ir mashaqqatlarini bayon qiladi. Chunki, xalq uchun “tirikchilik toshdan qattiq”, Sarbon o‘z g‘amida, tuya og‘ir yuk ostida, Bo‘taloq esa ona sutidan mahrum.
Gulxaniyning “Toshbaqa bilan chayon” masalida esa bir-biriga zid va qarama- qarshi ikki obraz berilgan: toshbaqa–aqlli, farosatli, safarlarda ko‘p yurib, ancha tajriba orttirgan, insofli, sodiq va qadrdon do‘st timsoli, chayon esa uning ziddi. U boshqalarga yomonlik qilishdan huzur qiladi, yaxshilikni bilmaydigan kimsalarning ramziy obrazidir.
Gulxaniy qissadan hissa chiqarib, kishilarni hushyorlikka odamoxunlikka undab: “Aslning xatosi bo‘lmas, nojinsning oshnosi bo‘lmas”, “Bo‘ynida illati borning oyog‘i qaltiraydi”,–degan maqollarni keltiradi.
“Zarbulmasal” majoz va masallar, xalqning jonli iboralari asosiga qurilgan asar. Undagi she’riy va nasriy matnlar turli badiiy san’atlar vositasida ta’sirchan ifoda etilgan.
“Zarbulmasal” ham “so‘z matosi qadim o‘tmishda to‘qilgani, ranginkamon rishtalari butun yer yuzini, go‘zal so‘z gilamlari bilan burkab chiqqan” yodgorliklarga monandligi jihatidan, nafaqat kattalar, balki bolalar ham zo‘r qiziqish bilan o‘qib kelayotganligi uning bolalar kitobxonligidagi muhim o‘rnini belgilaydi. Umuman, asarda zarb, zarblash usulidan foydalanilgani uchun nomi “Zarbulmasal” hisoblangan. Unda 400 dan ortiq maqol va iboralar singdirilgan. Asar tarkibida quyidagi masallar bor: “Toshbaqa bilan chayon”, “Tuya bilan bo‘taloq”, “Maymun bilan Najjor”, “Kabutar bilan zog‘”, “Yodgor po‘stindo‘z”, “Dumsiz eshak”, “Yolg‘onchi tuya”. Asardagi masallarning jami 15 dan ortiq.
“Zarbulmasal” xalq orasida “Yapaloqqush hikoyasi” ham deyiladi.
Qo‘qon adabiy hayotida Gulxaniy o‘zining o‘zgacha uslubda, ya’ni xalq maqollardan foydalgan holda yaratilgan "Zarbulmasal" asari bilan kitobxonlar e’tiboriga tushdi. Ijodkor o‘z asarida maqollardan tashqari she’riy parchalardan ham keng foydalanadi. Bu asar yaralishi jarayonida Gulxaniy yuksak iqtidori va salohiyatini namoyon etgan. Chunonchi, u maqollarni nasriy usul bilan bayon etish bilan birgalikda asarning ta’sirchanligini oshirish maqsadida bir baytli va ikki baytli she’riy maqollardan ham foydalanadi. Chunonchi:
“Dala-tuzni suv olsa, o‘rdak, qozni to‘shidin,
Quloqsizga so‘z aytsang, qulog‘ini toshidin”
Ushbu maqolning birinchi qismi tushunarli, lekin ikkinchi qismiga ahamiyat berib qarashimiz kerak. “Quloqsizga so‘z aytsang qulog‘ini toshidin”. Ikkinchi qismda aytilmoqchiki, quloqsiz, bebosh, tarbiyasiz insonlarning yaxshi yo‘lga kirishiga, birovlarga yomonlik qilmasdan hayotini ezgulik bilan yuritishga undash juda og‘ir.
Sabr qilsang g‘o‘radin halvo bitar,
Besabrlar o‘z ayog‘idin yitar.
Yamon otga yol bo‘lsa, yoniga tursuq bog‘latmas,
Yomon erga mol bitsa, yoniga qo‘shni qo‘ndirmas
Tikansiz gul, sadafsiz dur, mashaqqatsiz hunar bo‘lmas,
Riyozat chekmaguncha yor vasliga yetib bo‘lmas.
Bu maqolni izohlaydigan bo‘lsak, tikansiz gul, sadafsiz dur, bo‘lmaganidek, mehnat qilmasdan turib biror bir hunarga erishib bo‘lmasligi yoki ikkinchi ma’noda muhabbat dardiga mubtalo bo‘lgandan so‘ng yorining vasliga erishish uchun g‘am-qayg‘u, mushkulotlarga duchor bo‘lishi mumkinligi yoritilgan.
Er boshiga ish tushsa o‘tuk birlsa suv kechar,
Ot boshiga ish tushsa suvluq birla suv ichar.
Monandi arra bosh dar ilmi maosh,
Gohi suyi xud mekash, gohi meposh
Yuqorida kuzatganlarimizdan biri forsiy maqol bo‘lib, bu orqali o‘sha davrda Qo‘qonda turkiy adabiyot bilan birga forsiy adabiyotning ham bovasta ekanligi namoyon bo‘ladi. Buning yana bir tasdig‘i sifatida asarda uchraydigan forsiy she’riy parchalarni ham kuzatishimiz mumkin.
"Zarbulmasal" asaridagi she’riy parchalarga e’tibor berar ekanmiz, ushbu parchlarning deyarli barchasi Ko‘rqush tomonidan bayon etiladi. Gulxaniy "Zarbulmasal"ni yozish davomida mumtoz shoirlarning baytlaridan ham foydalanadi. Bunga misol qilib:
Darkori xayr hojati hech istihola nest.
Abdurahmon Jomiy
Uzulmas solmani bo‘yningga solma,
Agarchi olmadur ruxsori olma.
So‘fi Olloyor
Nasihat tinglamas dil faxtu mahjub,
Ko‘karmas toshqa yomg‘ir yog‘sama ham ko‘p.
So‘fi Olloyor
“Zarbulmasal”dagi she’riy misralarga e’tibor qaratar ekanmiz, ularni pand-nasihat, sabr-toqat, saxiylik va baxillik, shirinso‘zlik, sevgi muhabbat kabi ma’noviy guruhlarga bo‘lishimiz mumkin:
Do'stlaringiz bilan baham: |