3. Barcha turkiy tillardagi singari so’zlar ko’p ma’nolidir: bosh, tosh, tish, uch.
4. Ayrim ko’makchilarni hisobga olmaganda, so’zining oxirgi bo’g’inida undoshlar qator kelmaydi: ostki, ustki.
5. Boshqa turkiy tillardagi kabi affikslar so’z oxiriga qo’shiladi. Bundan fors-tojik tilidan o’zlashgan prefikslar mustasno.
6. Barcha turkiy tillardagi singari o’zbek tilida agglyutinatsiya qonunlari amal qiladi va h.o.
YUqoridagi o’xshashliklar bilan bir qatorda o’zbek adabiy tili o’ziga xos xususiyatlari bilan boshqa turkiy tillardan farq qiladi.
Masalan; o’zbek adabiy tilida unlilar oltita (a, ә, o, o’, u, i) qirg’iz tilida sakkizta (a, ә, o, ө, u, ü, i, ї), uyg’ur tilida ham sakkizta (a, e, o, ө, e, u, ü, i), xakos tilida esa to’qqiztadir.
Hozirgi o’zbek adabiy tilida singarmonizm qonuniyatiga amal qilmaydi, boshqa turkiy tillar esa bu qonuniyatga amal qiladi.
Eski o’zbek tilida unlilar uyg’unligi bo’lgan, lekin u qattiq va yumshoqlikka qarab farqlangan: kәlduk, kөrüң, bardї.
O’zbek tilining undoshlar tizimi boshqa turkiy tillarga mos tushadi. Ammo turkiy tillardan ba’zilarida undoshlar boshqacharoq ishlatiladi.
O’zbek va turkman tillarida so’z boshida keladigan y tovushi qipchoq guruhidagi turkiy tillarda dj va j tovushi bilan beriladi: yigit - jigit, yo’q –jo’q, etti — jetti.
O’zbek tilida k, t bilan boshlanadigan so’zlar o’g’uz guruxidagi turkiy tillarda d, g bilan beriladi: temir - demir, teve — deva, til - dil, ko’z — go’z, kun -gun kabi.
O’zbek tilida ayrim so’zlarda ch, sh undoshlari ishlatilgani holda, qoraqalpoq va qozoq tillarida s undoshlari ishlatiladi: kuch — kush, och - ash, tish — tis, bosh-bas kabi.
O’zbek tilida g’ undoshi bilan tugagan so’zlar tatar, boshqird, qirg’iz, qozoq, qoraqalpoq tillarida (v) u undoshlari bilan beriladi: tog’ – tav – tau, bog’ – bav – bau, sog’ – sav – sau kabilar.
O’rta Osiyo va Qozog’istondagi turkiy tillar grammatik qurilishida ham o’xshash tomonlar mavjud. Turkiy tillardagi so’z turkumlari, so’z yasovchilar, so’z o’zgartiruvchilar, shakl yasovchilar bir-biriga o’xshaydi. Ammo affikslar har bir tilning o’z fonetik tuzilishiga ko’ra turlicha variantlarda keladi.
Masalan, o’zbek adabiy tilidagi ko’plik -lar afiksi bilan ifodalanadi. Boqsha turkiy tillarda ham -lar bilan beriladi. Lekin qozoq tilida oltita (-lar, -lәr, - dar, - dәr, - tar, - tәr), qirgiz tilida o’n ikkita (-lar, -lәr, - dar, - dәr, - tar, - tәr, - lor, - lәr, - dor, - dәr, - tor, - tәr) varianti bordir.54
Xuddi yuqoridagi kabi o’zbek tilidagi kelishik, egalik, kesimlik, shaxs, zamon, affikslari boqsha turkiy tillarning talaffuz qonuniga ko’ra turlicha fonetik variantlarda ishlatiladi.
O’zbek tili bilan boshqa turkiy tillar o’rtasidagi o’xshashlik va noo’xshashliklar ularning lug’at tarkibida ham mavjuddir. Agar o’zbek tili lug’at tarkibini ko’zdani kechirsak, unda umumiy turkiy tillarga, O’rta Osiyo va Qozog’iston turkiy tillarga tegishli va faqat o’zbek tilining o’ziga xos so’zlarini uchratamiz.
Umumiy turkiy tillarga tegishli so’zlarning dastlabki qo’llanishini runik yozma yodnomalarda uchratamiz. O’rta Osiyo va Kozog’istondagi turkiy xalqlarga aloqador bo’lgan so’zlarning dastlab ishlatila boshlanishi X-XIII asrlar yodgorliklarida ko’ramiz.
O’zbek tilida boshqa turkiy tillarga xos xususiyatlar bilan birga turkiy bo’lmagan tillarda so’zlashuvchi unsurlarning ta’siri ham bor. Bu hol o’zbek tili materiallari asosida turkiy tillarga oid bir qator muammolarni hal qilishda qiyosiy-tarixiy usulni joriy qilishga keng imkon beradi.
Tillarning qarindoshligini qiyosiy-tarixiy usul asosida o’rganishni birinchi marta Mahmud Qoshg’ariy boshlab bergan. Biroq uning jahon axamiyatiga ega bo’lgan «Devonu lug’atit turk» asari etarli darajada o’rganilmagan.
Ma’lumki, VI asrda turkiy kabilalar kuchayib, o’zlarining ko’chmanchi Tukyu imperiyasini tuzadi.Bu imperiyaning chegarasi Amudaryo, Marv, Balx, Hindistonga borib taqalar edi. O’zaro urushlar va arablar istilosi natijasida Tukyu davlati ikki qismga ajraladi. Biri markazi Ettisuv bo’lgan g’arbiy turklarga va ikkinchisi markazi Mo’g’iliston bo’lgan sharqiy turklarga ajraladi. Ettisuvdagi Tukyu davlati turgeshlarga o’tadi. VIII asrda o’g’iz va qarluqlarning siquvi ostida bu davlat qarluqlarga o’tadi va Tukyu davlati IX asrning boshigacha Ettisuvni egallab turganlar.
Uyg’urlar 745 yilda dastlab sharqiy tukyu eriga, so’ng g’arbiy tukyu eriga xujum qilib, butun Tukyu davlatini bosib oladi. 840 yilda qirg’izlar uyg’urlarga qarshi kurashib, hokimiyatni qo’lga kiritadilar. SHundan so’ng uyg’urlarning bir qismi qarluqlar tomoniga va bir kismi Tibetga ketadi.
Xuddi ana shu davrda hozirgi vaqtda amalda qo’llanib kelinayotgan turkiy tillardan birontasiga ham to’la mos kelmaydigan qadimgi turkiy adabiy tili paydo bo’ladi.
Qadimgi turkiy adabiy tilning yozma yodgorliklari turk-runiy (O’rxun-Enasoy) va turk-uyg’ur yozuvi orqali bizgacha etib kelgan. Bu yozuvlar orqali etib kelgan yodgorliklarni turkiy tillarning birontasiga tegishli deb bo’lmaydi. Chunki ularda O’rta Osiyo va Qozog’istonda yashovchi turkiy xalqlarga tegishli fonetik, grammatik va leksik xususiyatlarni uchratamiz.
Masalan: Kultәgin yoq, әrsәr, kөplөltari әrtigiz. Inim Kultegin kәrgәk boltї, өzim saqїntьm; kөrür kөzüm kөrmәztәg, bilir biligim bilmәztәg boltї, өzüm saqїntїm. Od tәңri yasar, kisi oglї kөp olg’әlї (yoki өlügli) torumїs.
Kultegin obidasidan keltirilgan bu parchada qariyib hamma so’zlar tushunarlidir: Kultegin bo’lmaganda edi, siz hammangiz o’lar zdingiz. Inim Kultagin kerak bo’ldi, o’zim sog’indim, ko’rar ko’zim ko’rmasdek, bilgan bilimimni bilmagandek bo’ldim, o’zim sogindim. Oh, tangri, inson o’g’li o’lish uchun tug’iladimi?
Ko’rinib turibdiki, qadimgi turkiy yozuv yodnomalari umumturkiy tillar uchun asosiy manba bo’lib xizmat qiladi.
Ma’lumki, yozma yodgorliklar bizga yozuv orqali etib kelgan. SHunday ekan, turkiy xalqlar qanday yozuvlardan foydalangan? - degan savol tug’iladi. Tarixiy va arxeologik manbalarning ko’rsatishicha, O’rta Osiyo va Qozog’istondagi turkiy xalqlar oromey, so’g’diy, xorazmiy, urxun-enasoy yoki runiy, uyg’ur, arab yozuvidan foydalanganlar
Oromiy yozuvining ta’sirida shakllangan so’g’diy va xorazmiy yozuvlari eramizning 1-U asrlarida ishlatilgan. SHuningdek, oromey yozuvi ta’sirida eramizning birinchi asrida uyg’ur yozuvi shakllanadi. V asrga kelib esa, runiy nomi bilan atalgan urxun-enasoy yozuvi paydo bo’ladi.
Runiy yozuvi oromey yozuvi ta’sirida paydo bo’lgan so’g’diy va xorazmiy yozuvlari asosida shakllangan. Bunga turkiy tillar tovushlarini ifodalovchi tamg’a shaklidagi harflar ham qo’shilgan.
Bu yozuvlarning borligi fan olamiga XVIII asrdagana ma’lum bo’ldi. Ularning namunalari Enasoy daryosi bo’yida topiladi. XIX asr oxirida rus sayyohi va yozuvchisi N.M.Yadrintsev Urxun daryosi bo’yidan shu xildagi yozuvlarni topadi va tuzilishi jihatidan German runik yozuvlariga o’xshagani uchun runiy yozuv deb ataydi. Runiy yozuvdagi yodgorliklar katta hududga taqalgan bo’lib, ular feodal hukmdorlar va ularning qarindoshlari qabri ustiga qo’yilgan toshlar, idishlar, yog’och va tog’ qoyalarda saqlangan. Bu yozuvdagi bitiklar Enasoy daryosi bo’ylaridan, Qirg’izistonning Talas vodiysidan, Urxun daryosi Selenga havzasi va unga yaqin joylardan, Boyqol ko’li atroflaridan topilgan.
Uyg’ur yozuvi yangi so’g’d yozuvi asosida shakllangan bo’lib, u keyinchalik mo’gullarga va mo’g’ullardan manjurlarga o’tgan. Uyg’ur yozuvi VI tortib XV asrgacha turkiy xalqlarda va buddaviylar orasida XVIII asrgacha ishlatilib kelingan. Uyg’ur yozuvi asosida 1X-X asrlarga tepishli bo’lgan turkiy tillarning yozma yodgorliklari paydo bo’ladi. Ular diniy, falsafiy xususiyatga ega bo’lgan asrlardir.55
Uyg’ur alfaviti bilan yozilgan yodgorliklarning xususiyati va mazmuniga qarab, quyidagilarga bo’lish mumkin: 1. Uyg’ur yodgorligi. 2. Ma’naviylik yodnomasi. 3. Buddiy yodnoma. 4. Xristian yodnomasi.
X1-XU asrlarga oid ko’pgina yirik asarlar turk uyg’ur yozuvida tartib qilingan. Masalan, «Me’rojnoma», «Tazkirai avliyo», «Baxtiyornoma» kabi bir qator asarlar shu yozuvda ko’chirilgan. «Qutadg’u bilig», «Hibatul haqoyiq», «Muhabbatnoma» kabi asarlarning uyg’ur yozuvida ko’chirilgan nusxalari ham mavjud.
Akademik V.V. Radlov birinchi marta kadimgi turkiy adabiy tilning o’ziga xos dialektlarini o’rganib chikdi va uni shimoliy, janubiy va aralash dialekt deb uch guruhga bo’ldi. SHimoliy turkiy adabiy tilga runiy yoki o’rxun-enasoy yozuvlari asosida vujudga kelgan til kiritiladi. Bu tilga xos xususiyatlaridan biri so’z boshida va so’z oxirida jarangli undoshlar o’rnida ko’proq jarangsiz undoshlar kelishidir. Lekin bundan b undoshi istisnodir, chunki so’zning oxiri n va ng tovushlari bilan tugagan so’zlarda so’z boshidagi jarangli b undoshi saqlanadi: bәn-men, bing-ming, bin-min kabi. Masalan Tonyuquq bәnәg aydї - Toyo’quq menga aytdi (Tonyo’quq). Bagnu tash taqїtdїm-Mangu tosh tikdim (Kultagin).
Bundan tashqari, t tovushi so’z boshida ko’p ishlatiladi: Su barїn tidi -Qo’shin bilan bor dedi (Tonyo’quq).
Tushum kelishi uchun asosan -g’ (-g) / -їg’ - ig - ug’ - üg affiskli shakl qo’llangan: sabїg’ - so’zni, yag’їg’ - dushmanni (Tonyo’quq), on әrig - o’n erni (Kultagin).
Qaratqich kelishigi affiksi -ning/-ing shaklida ishlatilgan: Kultәginniң altunїn, kümüshün; Qag’anїң sabї -Xoqonning so’zi; biziң sü - bizning askar (Kultagin).
O’rin-payt, chiqish kelishiklari uchun — da / - dә// - ta / tә affiksli shakl qo’llangan: Türgesh qag’anta kөrüg kәlti - Turgash xoqondan ayg’oqchi keldi (Kultagin), Qїrqїzta yantї- miz — Qirg’izlardan qaytdik (Tonyo’quq).
O’tgan zamon fe’li ma’nosida -dї / - di // - tї / - ti, - mїsh / - mish (- mїs / - mis) affikslaridan tashqari — duq / - dük affiksli shakl ham qo’llangan. - duq / - duk affiksli shakl o’tgan zamon fe’li ma’nosida shaxs-son ko’rsatkichisiz uchala shaxsning birligi va ko’pligi uchun ishlatilavergan.
O’rxun-Enasoy yozuv yodgorliklarida hozirgi turkiy tillarga xos so’zlar uchraydi: el (el), ben (men) ilig (qo’l), siz, og’lan, yash, at, tәңri, altmїsh kabi. Lekin semantik xususiyatlari bilan iste’moldan chiqib ketgan so’zlar ham mavjud: bodun (xalq), bag’ (ittifoqchshshk), sü (qo’shin), sabїm (so’zim) їtї (yubordi), tosїq (to’ygan), ukush (ko’p) kabi.
Do'stlaringiz bilan baham: |