1.2. Aholi geografiyasining boshqa fanlar bilan aloqasi
Aholi geografiyasining boshqa fanlar bilan aloqasi juda keng va har tomonlamadir. Chunki aholiga ta’luqli bo’lgan masalalarga katta e’tibor beradigan fanlar va fan tarmoqlari juda ko’pdir. Aholi geografiyasining o’z tadqiqotlari jarayonida aloqa qiladigan yoki hamkorlikda ishlaydigan fanlarni shartli ravishda uch guruhga bo’lish mumkin:
1) Geografiya fanining boshqa tarmoqlar bilan aloqasi. Xo’jalik geografiyasi orqali u tabiiy geografiya bilan aloqada bo’ladi. Har qanday ishlab chiqarish – muayyan tabiiy sharoitda va har xil tabiiy resurslardan foydalangan holda vujudga keladi va rivojlanadi. Xo’jalikning (ayniqsa qishloq xo’jaligining) ixtisosi va boshqa ayrim xususiyatlari ko’p jihatdan tabiiy sharoit bilan belgilanadi. Aholi geografiyasining tibbiyot geografiyasi bilan aloqalari ham tez rivojlanmoqda. Tibbiyot geografiyasi ikki fan tibbiyot va geografiya fanlari chegarasida vujudga kelib, u tabiiy muhitning hamda turli rayonlarda yashash va mehnat qilish sharoitining aholi sog’ligiga ta’sirini, shuningdek, ayrim kasalliklarning geografik tarqalishini o’rganadi. Turli rayonlarga aholining gigienik yashash sharoiti nuqtai nazaridan baho berish, ovqatlanish, kiyinish xususiyatlari bo’yicha tavsifnomalar berish ham tibbiyot geografiyasining muhim vazifalari qatoriga kiradi.
Aholi geografiyasi bilan xizmat doirasi geografiyasining aloqadorligi va o’zaro hamkorligi ayniqsa mustahkamdir. Xizmat doirasi geografiyasi aholining barcha ehtiyojlariga xizmat ko’rsatuvchi xizmat doirasi tarmoqlarining rivojlanishi darajasi va hududiy joylashishini geografik taqsimlash usulida o’rganadi. Xizmat doirasi geografiyasi o’rganishi kerak bo’lgan barcha masalalarning hammasi faqat aholi va aholi manzilgohlari haqidagi batafsil ma’lumotlar asosidagina analiz qilinishi va hal qilinishi mumkin. Shuning uchun ham u dastavval aholi geografiyasi tarkibida vujudga kelgan bo’lib, ular o’rtasidagi aloqalar har tamonlamadir.
Aholi geografiyasi geografiya fanining yangi vujudga kelayotgan turizm geografiyasi, iste’mol geografiyasi kabi yo’nalishlari bilan ham mustahkam aloqador. Bu har ikkala yo’nalishda ham aholining soni, yoshi, jinsi tarkibi va boshqa ko’rsatgichlar muhim ahamiyatga ega. Aholi geografiyasi bilan tarixiy geografiya o’rtasidagi aloqa shundan iboratki, o’tgan tarixiy davrlar aholi geografiyasi ichidagi maxsus yo’nalish – tarixiy aholi geografiyasi shug’ullanadi va u yo’nalish shu bilan birga tarixiy geografiyaning ajralmas bir qismidir. Geografiya fanining barcha tarmoqlari va yo’nalishlari singari aholi geografiya ham kartografiya bilan chanbarchars bog’liqdir. Aholi geografiyasida aholi va aholi manzilgohlarining maxsus xaritalari tuziladi, ulardan keng foydalaniladi. Chunki, aholi va aholi manzilgohlariga xos bo’lgan xilma-xil ko’rsatkichlar, ularning hududiy joylashuvi hamda regional farqlarini xaritaga tushirish yo’li bilan yaqqol ko’rsatish mumkin.
2) Aholi geografiyasi bilan chanbarchas va har tomonlama aloqador bo’lgan fanlarning ikkinchi guruhi demografiya va etnografiya fanlaridir. Demografiya va etnografiya fanlarini alohida guruhga ajratamiz, buning boisi shundaki, ular ham aholi geografiyasi singari aholini o’rganadi. Ularning har qaysisi aholini o’z nuqtai nazaridan tadqiq qiladi. Ammo shunday masalalar borki, ularni bu fanlarning har uchalasi o’rganadi, biri ikkinchisining materiallaridan foydalanadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |