«Ekologiya va geografiya» kafedrasi.
1 BOB. AHOLI GEOGRAFIYaSI VA DEMOGRAFIYa ASOSLARINING PREDMETI VA VAZIFALARI
1.1. Aholi geografiyasi iqtisodiy va ijtimoiy geografiyaning muhim tarmog’i ekanligi
Aholi deganda ma’lum hududda (butun er shari, uning ayrim qismlari-qit’alar, mamlakatlar, shaharlar, rayonlar va hokazolarda) yashayotgan kishilar guruhi tushuniladi. Aholi va uning xo’jalik faoliyati hamma davrlarda geografiya fanining qiziqtirib kelgan. Geografiya fanlari tizimida iqtisodiy va ijtimoiy geografiyaning qaror topishi bilan bu masalaga qiziqish ayniqsa kuchaydi. Bu bejiz emas edi. Chunki iqtisodiy va ijtimoiy geografiyaning vazifasi ishlab chiqaruvchi kuchlarning hududiy joylashish qonuniyatlarini o’rganishdir.
Aholi esa, har qanday jamiyatning asosiy ishlab chiqaruvchi kuchidir. Jamiyat hayoti uchun zarur bo’lgan barcha boyliklar insonning mehnati natijasida yaratiladi. Ishlab chiqarish jarayonida qatnashayotgan mehnat qurollari, xom ashyo, yoqilg’i va boshqa qo’shimcha materiallar faqat inson qo’li, mehnati tufayligina harakatga keltiriladi va ular ishlab chiqaruvchi kuchlar sifatida namoyon bo’ladi. Inson mehnati ishlab chiqarish jarayonining eng ilg’or qismidir, qolgan barcha ishlab chiqaruvchi kuchlar ishlab chiqarish jarayonining passiv qatnashchilaridir. Shunday qilib, aholi, birinchi navbatda, ishlab chiqarishning asosiy sub’ektidir. U barcha moddiy boyliklarni yaratuvchi asosiy kuchdir. Ayni paytda aholi ishlab chiqarilgan barcha moddiy boyliklarning asosiy iste’molchisi hamdir.
Iste’mol butun ijtimoiy ishlab chiqarishni tugallaydigan, unga yakun yasaydigan qismidir. Bundan tashqari 1-chizmadagi “Tovarlar, xizmatlar va resurslarning takror ishlab chiqarish fazalaridagi harakati” ga e’tibor bering.
Taraqqiyot jarayonida aholining shaxsiy iste’moli bilan birga (keng ma’noda-moddiy ne’matlarni iste’mol qilishdan tashqari, kishilarning madaniy talablarini qondirish, ularni uy-joy bilan ta’minlash, xizmat doirasi sohalari va boshqalar ham iste’molga kiradi), aholi o’zini takror barpo qiladi–kishilarning avlodlari tarbiyalanadi va voyaga etkaziladi.
Shuning uchun ham aholini geografik jihatdan o’rganishida quyidagilarga e’tibor berish zarur: 1. Aholi – ishlab chiqarish sub’ekti, barcha moddiy ne’matlarni ishlab chiqaruvchi. 2. Ishlab chiqarilgan jami ijtimoiy mahsulotlardan ma’lum qismining is’temolchisi. 3. Aholi butun ijtimoiy takror ishlab chiqarish jarayonining muhim tarkibiy qismi bo’lib, o’zi ham takror barpo qilinishi zarur.
Aholiga xos bo’lgan ana shunday xususiyatlarni o’rganmay turib, har qanday iqtisodiy-geografik muammoni chuqur tahlil qilish va hal qilish qiyin. Xuddi shunga ko’ra olimlar aholi geografiyasi va demografiyasini iqtisodiy va ijtimoiy geografiyaning bir tarmog’i deb hisoblaydilar. Aholining hududiy joylashuvi xalq xo’jaligining (iqtisodiyotning) joylashuvi hamda tuzilishi (strukturasi) bilan bog’liq va aksincha, aholining joylashuvi, o’z navbatida xo’jalikni rivojlantirish hamda joylashtirishga bevosita ta’sir etadi. Turli mamlakatlar va rayonlar xo’jaligining ixtisoslashuvi va rivojlanish darajasiga qarab shu hududlarda aholining faoliyati, professional (kasbiy) tarkibi turlicha bo’lishi mumkin.
Aholi geografiyasi va demografiyasi iqtisodiy va ijtimoiy geografiyaning bir tarmog’i bo’lishi bilan birga boshqa tarmoqlar (sanoat geografiyasi, qishloq xo’jalik geografiyasi, transport geografiyasi) orasida alohida o’rin tutadi. Chunki aholi asosiy ishlab chiqaruvchi kuch va ishlab chiqarilgan mahsulotlarning iste’molchisi sifatida barcha ishlab chiqarish sohalarida faol qatnashadi, iqtisodiy va ijtimoiy geografiya o’rganadigan barcha hodisa va jarayonlarda o’zi bevosita ishtirok etadi.
Binobarin, iqtisodiy va ijtimoiy geografiyaning barcha boshqa tarmoqlarida aholi geografiyasi va demografiyasi ko’rsatkichlariga (mehnat resurslari, mehnat malakalari, aholi manzilgohlari, migratsiya jarayoni, aholi joylashuvi, takror barpo qilinish, oila muammolari va boshqalar) muhim o’rin beriladi. Aks holda, tegishli xo’jalik tarmog’i geografiyasining barcha xususiyatlari to’la ochilmay qolishi mumkin. Chunki hozirgi zamon konstruktiv (amaliy) geografiya fanining muhim vazifalaridan biri–tabiiy sharoit, xo’jalik, aholining o’zaro aloqalari va bir-biriga ta’sirini hududiy analiz qilishdan hamda turli mamlakatlar va rayonlarda ana shu aloqalar jarayonida vujudga keladigan hududiy dinamik tizimlarni (sistemalarni) o’rganishdan iborat. Aholi er sharining turli qismlarida vujudga keladigan ana shunday hududiy dinamik tizimlarining eng ilg’or tarkibiy qismidir.
Do'stlaringiz bilan baham: |