Sodda so’z birikmasi. Tobe va hokim komponentlar ikki mustaqil so’zdan, shuningdek, bir so’z yoki bir so’z shakli hukmida qabul qilinadigan frazeologizmlar, turg’un birikmalar, tarkibli nomlar bilan ifodalangan so’z birikmalari sodda so’z birikmalari hisoblanadi .
Murakkab so’z birikmasi. Murakkab so’z birikmalari sodda so’z birikmasining kengayishidan, birikmalarning qo’shilishidan hosil bo’ladi. Bunda kengayish, yoyiqlashish, asosan, tobe komponentga taalluqli bo’ladi. Chunki murakkab birikma hokim komponent ma’nosini yanada aniqlashtirish, konkretlashtirish, yorqinlashtirish ehtiyoji tufayli yuzaga keladi. Masalan:yosh yozuvchi – iste’dodli yosh yozuvchi – sirlaryolik iste’dodli yosh yozuvchi kabi.
9. Hokim komponentning ifodalanishiga ko’ra so’z birikmasi umumlashtirilib, asosan, ikki guruhga ajratiladi:
1)otli so’z birikmalari;2)fe’lli so’z birikmalari.
Otli so’z birikmalari keng ma’noda bo’lib, komponenti ot, sifat, son, olmosh, ravish, harakat nomi, undov, taklidiy so’zlar bilan ifodalangan so’z birikmalarini o’z ichiga oladi.
Fe’lli so’z birikmalari. Bosh so’zi shaxsli fe’l formasi va ravishdosh, sifatdosh shakllari bilan ifodalangan so’z birikmalari fe’lli so’z birikmalari hisoblanadi.
10. So’z birikmalari tobe komponentning sintaktik mavqei, vazifasiga ko’ra uch turga ajratiladi:1)aniqlovchili;2)to’ldiruvchili;3)holli.
Aniqlovchili so’z birikmalari. Tobe komponenti aniqlovchi ( ular sifat, sifatdosh, ot, olmosh son, ravish, taqlidiy so’zlar, frazeologizmlar bilan ifodalangan bo’ladi) vazifasini bajaradigan birikmalar aniqlovchili so’z birikmalari deyiladi.
To’ldiruvchili so’z birikmalari. Tobe komponenti tushum, jo’nalish, o’rin-payt,chiqish kelishigi yoki ko’makchilar bilan birga kelib to’ldiruvchi vazifasini bajaruvchi ob’ektni bildirgan birikmalar to’ldiruvchili birikmalar hisoblanadi.
Holli so’z birikmalari. Tobe komponenti jo’nalish, o’rin-payt, chiqish kelishigi shaklida yoki ko’makchilar bilan kelib hol vazifasini bajaruvchi relyativ birikmalar holli so’z birikmalari deyiladi.
11. Gap sintaksisning asosiy birligidir. Chunki gap tilning asosiy funktsional belgisi kommunikativlikni, ya’ni fikr ifodalash va bayon qilish vazifasini yuzaga chiqaruvchi asosiy vosita hisoblanadi.
Gap termini umumlashgan birlik, mohiyat sifatida til birligini ham, reallashgan birlik, hodisa sifatida nutq birligini ham ifoda etadi. Gap sathida til va nutq hodisalarini farqlash uchun “gap modeli, qolipi” (til birligi) va “jumla, gap” (nutq birligi) terminlaridan foydalanish o’rinli. Gap qolipi, gap modeli jumlaning umumlashtirilgan, tipiklashtirilgan grammatik shaklidir (O.M.Maskalskaya), gap, jumla esa uning muayyan vaziyat bilan bog’langan ko’rinishidir.
Til va nutq farqlanishiga binoan gapga ikki xil ta’rif berish mumkin.
*Til nuqtai nazaridan gap kesimlik kategoriyasi orqali shakllangan atov birligidir.
*Nutq nuqtai nazaridan esa grammatik jihatdan shakllangan, tugallangan intonatsiyaga ega bo’lgan bir so’z yoki so’zlar bog’lanmasidan iborat bo’lgan fikr ifodalovchi eng kichik va asosiy sintaktik birlik gap deyiladi.
Gap so’z va so’z birikmasidan farqli o’laroq tushuncha emas, balki fikr ifodalaydi. Bu xususiyat gapning ob’ektiv borliqqa xos voqea-hodisa, holatning in’ikosi ekanligida, uning voqelik bilan bevosita bog’lanishida o’z ifodasini topgan. Sintaksisda bu gapning predikativligi deyiladi. Shunga muvofiq gap predikativ birlik hisoblanadi.
12. Predikativlik har qanday gapga xos xususiyat bo’lib, gapning shakllar tizimidagi qismlarga ajratilmaydigan grammatik ma’nosidir. Predikativlik shaxs (son), zamon, mayl, tasdiq-inkor ma’nolari va bu ma’nolarni ifodalovchi shakllar tizimi orqali ifodalanadi. Binobarin, ana shunday shakllar tizimiga ega bo’lgan har qanday eng kichik sintaktik birlik gap hisoblanadi.
Gapni gap bo’lmagan boshqa lisoniy birikmalardan farqlovchi grammatik ma’no bo’lgan predikativlik har qanday gapga xos umumiy grammatik ma’no sifatida quyidagi tarkibiy-grammatik kategoriyalar sintezidan iborat:
1) grammatik shaxs kategoriyasi;
2) grammatik zamon kategoriyasi;
3) grammatik tasdiq-inkor kategoriyasi;
4) modallik kategoriyasi.
Do'stlaringiz bilan baham: |