Muhokama uchun savollar:
4.1.Grammatik zamon kategoriyasining ta’rifi.
4.2 Grammatik zamon qanday vositalar orqali ifodalanadi?
4.3.Grammatik zamon va fe’l zamonlarining farqi.
4.5. Fe’l qatnashmagan gaplarda grammatik zamon qanday ifodalanadi?
4.6. Fe’l zamonlarining ko’chishi.
5 - masala bayoni:
Predikativlikda modallik kategoriyasi asosiy o’rin tutadi. Chunki predikativlik gap mundarijasining ob’ektiv borliqqa aloqadorlik, bog’lanish xususiyati bo’lsa, modallik ana shu umumiy munosabatni konkretlashtiradi: gap mundarijasining ob’ektiv borliqqa aloqasi so’zlovchi shaxsning nutq mundarijasiga qarashi bilan aniqlashtiriladi, to’ldiriladi. Demak, modallik gap mundarijasining ob’ektiv borliqqa munosabatining so’zlovchi-sub’ekt tomonidan baholanishidir. Demak, modallik gapning ob’ektiv holat bilan belgilanadigan, shuningdek, ob’ektiv holatdan kelib chiquvchi sub’ektiv munosabat ifodalash xususiyatidir. Shu ma’noda modallik ob’ektiv-sub’ektiv munosabat mohiyatiga ega grammatik kategoriyadir.
Modallik turli vositalar orqali ifodalanadi. Ularni asosan to’rt guruhga bo’lish mumkin:
Fe’lning mayl ko’rsatuvchi shakllari: bunda modallik tasdiqlash va inkor qilish orqali ifodalanadi.
Aniqlik maylida tasdiq (yo aksi) qat’iy tusda beriladi: bordi, boradi-boriladi, bormaydi kabi). Bu holat aniqlik maylidagi fe’l kesim vazifasida kelganda yuz beradi. Buyruq maylining II shaxsida ham shunday: bor, borma. Bu forma o’rni bilan iltimos, yalinish ma’nolariga ham ega bo’ladi. Bunda intonatsiya ham boshqacha bo’ladi: Berib yubor. Berib yubor! Ber. Ber! Berib tur. Berib tur! Bu erda birinchi holda iltimos yalinish, keyingi holda buyurish ma’nosi ifodalangan. Shart mayli tilak, istak, iltimos kabilarni bildiradi. Bunda shart maylidagi fe’l sodda gapning kesimi bo’lib keladi: Mana shu kitobni menga berib tursang. Bugun bir shaharni aylansak.
b) shartni, ayrim hollarda paytni bildiradi. Bu holat ular ergash gapning kesimi bo’lib kelganda ro’y beradi. Vaqtdan unumli foydalansak, ishimiz ham tez bitadi, dam olishga ham ulguramiz .
Modal so’zlar orqali. Bu, shubhasiz, sening ishing. Ehtimol, kelib qolar.
Yuklamalar orqali. Nahotki, podachi bormay qolsa. Sen-a ?
Gapning maxsus tipi bilan: harakat nomi kerak (zarur, lozim, shart, aniq, gumon kabi so’zlar) orqali: Ertaga viloyatimizda prezidentimiz asarlari bo’yicha seminar bo’lishi kerak. Imtihonlarga jiddiy tayyorlanishimiz zarur .
Intonatsiya orqali. Gaplar modallik intonatsiyasi orqali turli xil modal ma’nolar kasb etadi. Kelinglar! – ishonch intonatsiyasida: Kelinglar – istamaslik, xohish bildirmaslik intonatsiyasi. Bormaydi – ishonchli, qat’iy inkor intonatsiyasi. Bormaydi ?! – qat’iy tasdiq intonatsiyasi. Albatta, boradi ma’nosida.
Yuqoridagilardan qisqacha shunday xulosa qilish mumkin:
Grammatik modallik gapni shakllantirishdagi o’rni va sub’ektning gap mazmuniga munosabat darajasiga qarab, ikki guruhga: ob’ektiv va sub’ektiv modallikka bo’linadi
Ob’ektiv modallik gapni shakllantiruvchi zaruriy grammatik ma’nolardan biri, asosiy uzvi hisoblansa, sub’ektiv modallik ob’ektiv modallik ustiga qo’yilgan qo’shimcha modallikdir. U gapda bo’lishi ham, bo’lmasligi ham mumkin. Shuning uchun u gapning doimiy uzvi emas. Tilga xos modallik so’zga, iboraga, so’z birikmasiga ham xos bo’lishi mumkin (grammatik, leksik, fonetik vositalar orqali ifodalanadi) .
Do'stlaringiz bilan baham: |