Muhokama uchun savollar
2.1.1. Punktuatsiya asoslariga nimalar kiradi?
2.4.1. Sodda va Qo’shma gaplarda tinish belgilarining asoslari qaysi jihatdan o’xshash va farqli xususiyatlarga ega?
3-masala: O’zbek punktuatsiyasi prinsiplari.
Punktuatsiya printsipi tinish belgilarining qanday usul va tarkibda qo’llanishini ko’rsatadi. Shuning uchun tinish belgilarining qo’llanishidagi barcha qonun-qoida va tartiblar punktuatsiya printsiplari asosida belgilanadi; punktuatsiya printsiplari tinish belgilarining malum asosiy usullar zaminida sistemalashuvini ta’minlaydi.
Hozirgi o’zbek tilida tinish belgilarining qo’llanishiga doir quyidagi printsiplarni ko’rsatish mumkin:
1. Logik-grammatik printsip. Bu printsip nutqning semantik-grammatik tomonini aks ettiradi: bunda tinish belgilari gapning (nutqning) mazmuniy, tuzilish va intonatsion jihatlarga bog’liq holda qo’llanadi. Shuning uchun logik-grammatik printsip quyidagilarga asoslanadi:
1) nutq mazmuniga. Bunda tinish belgilarining gap mazmuniga bog’liq holda qo’llanishi tushuniladi. So’roq ma’nosini anglatsa, bunday gaplar oxirigi so’roq belgisi qo’yiladi: Kimning iltimosi bu? Nima gap o’zi? Gap habar ma’nosini anglatsa, uning oxiriga nuqta, buyruq yoki turli xil emotsional munosabatlar ifodalasa, undov belgisi qo’yiladi: Hamma o’z vazifasini bajarsin! Yo’q! Bu iflosni otgan men bo’laman! Yashashdan yuz asr oltin qafasda – yashash afzal bir oy erkin nafasda! (Uyg’un)
Tinish belgilari nutqning ma’no jihatiga ko’ra ishlatilganda, ular bir gapdagi yoki gaplar orasidagi mazmuniy munosabatni, shuningdek, gap bo’laklarining va gapdagi ayrim qismlarning ham o’zaro mazmuniy munosabatini ifodalash uchun xizmat qiladi: It huradi – karvon o’tadi.
2) nutq tuzilishiga. Bunda tinish belgilarining gap strukturasiga bog’liq holda ishlatilishi tushuniladi. Ma’lumki, gaplar tuzilish jihatdan bir necha turli. Shuningdek, gapni tashkil etuvchi vositalar (gapning tarkibiy qismlari) bir-biri bilan turlicha munosabatda bo’ladi. Bu munosabatlar yozuvda tinish belgilari vositasida aks ettiriladi. Masalan, kiritma konstruktsiyalarning ayrimlari asosiy gap bilan zich bog’langan bo’lsa, ba’zilari kuchsizroq bog’langan bo’ladi. Shunga ko’ra, ular birinchi holatda asosiy gapdan qavs bilan (qo’sh qavs – ikki qavs bilan), ikkinchi holatda tire bilan (qo’sh tire – ikki tire bilan) ajratiladi.
Gaplar tarkibiy jihatdan murakkab bo’lib, uning qismlari orasidagi leksik-grammatik munosabatlar ham har xil bo’lishi mumkin. Bunday holatlarda ham sintaktik munosabat, ulardagi ma’no va ma’no ottenkalari tinish belgilari vositasida aniqlanadi.
Tinish belgilari nutq strukturasiga ko’ra qo’llanganda, tubandagi maqsadlarda ishlatiladi: a) uyushiq bo’laklar munosabatini ko’rsatish uchun; b) kirish va kiritma konstruktsiyalarni asosiy gapdan ajratib ko’rsatish uchun; v)gapdagi undov so’z, tasdiq va inkorni bildiruvchi so’zlarning asosiy gapdagi o’rni va leksik-grammatik xususiyatlarini ko’rsatish uchun; g)ajratilgan bo’laklarni asosiy gapdan ayirish uchun; d)qo’shma gap qismlarini ajratish, chegaralash uchun va boshqalar.
3) nutq intonatsiyasiga. Bunda tinish belgilarning gap intonatsiyasiga muvofiq ishlatilishi anglashiladi. Intonatsiya sintaktik munosabatni ifodalovchi, gapni shakllantiruvchi asosiy grammatik vositalardan biri bo’lib, tinish belgilarning qo’llanishi,o’z navbatida, intonatsiyaga ham bog’liq bo’ladi. Masalan: Yuring, Ochil o’quv zaliga borib birpas Begimovni o’qiylik (ular ko’p fanlarni o’qituvchining nomi bilan atab o’rgangan edilar). (P.Qodirov) Bundagi kiritma gap pasayuvchi intonatsiya bilan – kirish intonatsiyasi bilan – aytiladi, shunga ko’ra, qavsga olingan; E, yaqinda rais eshikdan kirsa, qorni derazadan chiqadigan bo’ladi. (A.Q.) Baribir kechikdik, eh! (Yashin) Birinchi gapda undov so’z kuchsiz intonatsiya bilan, ikkinchi gapda kuchli intonatsiya bilan aytilgan, shuning uchun ulardan so’ng ikki xil tinish belgisi (vergul va undov) qo’llangan.
Intonatsiya nutq ohangi, temp, pauza kabi hodisalarni o’z ichiga oladi. Tinish belgilarning gap ohangi, gapdagi emotsionallik va gapdagi pauzalar asosida qo’yilishi intonatsiyaga bog’liqligini ko’rsatadi. Masalan, gapning uyushiq bo’laklari sanash intonatsiyasi bilan aytiladi: bundagi sanash intonatsiyasi uyushiq bo’laklarning bir-biridan qisqa pauzalar orqali ajratib talaffuz etilishidan tug’iladi.
Nutqning mazmuniy, tuzilish va intonatsion jihatlari o’zaro zich bog’liq bo’lib, nutqning har qanday parchasida (gapda) shu uch xususiyat mujassamlashgan bo’ladi. shu jihatdan quyidagi gapni tekshirib ko’raylik: Xo’p, soat oltiga etib boraman. (A.Qahhor)Bu gapdagi: a) mazmuniy jihat: xabarni anglatish, voqeani konstattsiya qilish; b) tarkibiy jihat: sodda gap shaklida, tarkibida gap bo’laklari bilan sintaktik aloqaga kirishmaydigan, tasdiq ma’nosini anglatuvchi so’z (xo’p)bor; v) intonatsion jihat : pasayuvchi intonatsiya – darak intonatsiyasi bilan aytiladi, tasdiq bildiruvchi so’z qisqa pauza bilan asosiy gapdan ajratib talaffuz etiladi. Gapdagi bu uch tomonning dialektik birligi quyidagi misollarda ham yaqqol ko’rinadi: Onajonlarim, nechuk shamol uchirdi? (A.q.)Yugur, qo’zim, bolalarni chaqirib kel. (A.Makarenko)Yo’q, yo’q! U menga bir og’iz ham so’z aytmadi! (Sh.R.) U qo’shnisini – bir kampirni – chaqirdi. (A.q.)
Do'stlaringiz bilan baham: |