O’tkir Fayzullayev Gul DU talabasi
O’rta Osiyodagi antik va o’rta asrlarga oid eng ko’hna, siyosiy, iqtisodiy va madaniy markazlarning biri – Termiz shahridir. Shaharning qulay geografik o’rni, ya’ni daryo kechuvi va karvon yo’llarining chorraxasida barpo etilishi, uni tezda O’rta Osiyoda xususan qadimgi Baqtriya – Toxaristonning eng yirik shaharlaridan biriga aylanishiga asos bo’ldi. Janubni shimol bilan, sharqni g’arb bilan bog’lovchi mamlakatlararo savdo yo’llari, jumladan “Buyuk Ipak yo’lining bir tarmog’i Termiz orqali o’tgan. Shahar ayniqsa, Kushonlar saltanati hukmronligi davrida va o’rta asrlarda o’z taraqqiyotining eng yuqori bosqichlaridan biriga ko’tarildi. Shahar kengaydi, qator ma’muriy va ijtimoiy binolar, ibodatxona va masjidlar qurildi. Hunarmandchilik rivojlandi. Bu davrlarda Termiz Baqtriya –Toxaristonning eng taraqqiy etgan madaniyat markazlaridan biriga aylandi bemalol aytishimiz mumkin1.
Termiz qadimgi arman manbalarida, IV-V asrlarda “Drmat”deb atalgan, VII asrlarga oid xitoy manbalarida esa “Tami” deb qayd qilingan. IX-XI asrlarga oid arab – fors manbalarida shaharning nomi “Tarmid”, “Tarmiz” va “Tirmiz” shaklida bo’lgan.
Ko’hna Termiz xarobalari hozirgi Termiz shahridan 7 chaqirim (7 km) shimoli-g’arbda, Amudaryo sohili bo’yida joylashgan bo’lib, uning maydoni 500 gektardan oshiq bo’lgan.Shahar qal’a, shahriston va shahar atrofi-rabotdan iborat bo’lib, ularning har biri mudofa inshoatlari bilan himoya etilgan. Shaharning eng qadimiy qismi Amudaryoning tepaliklar shunday sohilida bo’lib, qum va toshdan tarkib topgan tabiiy balandlik ustiga qurilgan. Hozir bu joy qal’a deb ataladi. U to’rtburchak shaklda bo’lib 10 gektardan ortiq maydonni egallaydi. Dastlab ana shu qal’a maydoni shaharning asosini tashkil etgan. Vaqt o’tishi bilan shahar maydoni kengayib borib oldingi shahar qal’aga aylandi. Bu yerda asosan hokimlarning saroylari, ibodatxonalar va ma’muriy binolar joylashgan. Birinchi bor bu yerda arxeologik qazish ishlari 1927-1928- yillarda professor B.P.Denikie rahbarligida Moskvadagi sharq madaniyati muzeyining ekspeditsiyasi tomonidan olib borildi2. U qazish jarayonida saroyning janubiy qismida joylashgan katta bir binoning xarobasini topgan. Topilmalar u kutgan natijadan ham bir necha bor ziyod edi, juda boy jihozlangan Termiz hokimlarining qabulxonasi topilgan edi. Lekin ekspiditsiyaga ajratilgan mablag’ning kamligi bu binoni to’la ochib o’rganishga imkon bermadi. 1936-yilda saroyda olib borilgan qazish ishlari professor M.E.Masson rahbarligida yana davom ettirildi va to’la ochib o’rganildi3. Qabulxona XI asrda asosan xom g’ishtdan qurilgan bo’lib, uning tashqari va ichki devorlarining ayrim qismi turli naqshli maxsus pishiq g’ishtlar bilan bezatilgan.Qabulxona to’g’ri burchak shaklda zalning uzunligi esa 13,5 m , eni 11,5 metrga teng bo’lgan, zalda g’ishtdan terilgan 11 dona kungurali ustun bo’lib, bu ustunlar zalni uchga bo’lgan. Zalning o’rta qismi ravoqli bo’lgan, shoh taxti zalning to’rida turgan. Zalga faqat g’arbiy devorning o’rtasida qurilgan katta eshik orqali kirilgan. Zalning old qismida ayvon bo’lib, u ustunlar bilan bezatilgan. Ayvonning poli pishiq g’isht bilan turli geometrik shakldagi naqshlar qilib terilgan, hayvonga zinapoyalar orqali ko’tarilgan. Ayvonning oldida ochiq hovli va o’rtasida hovuz bo’lgan. Qabul zalidan 40 metr masofada saroyga kiriladigan maxsus baland peshtoq qurilgan. Hovlining shimoliy va janubiy devorlari bo’ylab ayvonlar joylashgan. Bu ayvonlar qabul zalidagidek bezatilmagan. Qabulxona kompleksining uzunligi 100 metr, eni esa 75 metrga teng. Bu raqamlardan ko’rinib turibtiki, qabulxona kompleksi juda katta bo’lgan. Termiz hokimlari bu bilan o’zlarining kuch quvvatlarini mehmonlarga namoyish qilmoqchi bo’lganlar.
Saroyning o’yma ganch naqshlari rang-barangligi, go’zlligi, nafisligi va badiiy barkamolligi bilan O’rta Osiyoda hozircha bizga ma’lum bo’lgan o’yma naqshlardan ajralib turadi. Hayvonlarning tasviri juda noyobdir. Chunki XIV asrgacha bo’lgan O’rta Osiyo me’morchiligida hayvonlarni tasvirlash odat bo’lmagan. Saroyni bezagan naqshlarni ko’rgan odam Termiz hokimiga emas balki, balki bu naqshlarni yaratgan noma’lum ganchkorlarning o’lmas san’atiga qoyil qoladi.
Bundan ko’rinib turadiki, bizning qadimgi bobokalonlarimiz san’atning ganchkorlik turi orqali o’zining ichki siyosatini va tashqi siyosatini namoyish qila olgan.
Professor M.E.Masson Termizning bir necha joylarida turli asrlarga oid kulollar mahallasi borligini qayd etgan edi.
Kulolchilik mahallasi, asosan sirlanmagan sopol idishlarni tayyorlashga ixtisoslashgan edi. Bu yerdan o’ndan ortiq sopol idishlarni pishiradigan katta-kichik humdonlar ochildi. Ular hammasi bir xil, ya’ni ikki qismdan iborat bo’lib, uming pastki qismi o’txona, yuqori qismi sopol idishlarni pishirish xonasidan iborat. O’yib chizilgan naqsh bilan bezatilgan Termiz kulollarining idishlariga o’xshash idishlar hatto o’sha davr yirik kulolchilik markazlari hisoblangan Samarqand, Marv, Buxoro, Binkentda ham kam uchraydi. Kulolchilik mahallasida hayot mo’g’ul bosqinchilarining yurishlari natijasida to’xtab qoladi. Mo’g’ullar kulolchilik buyumlarini sindirib yo’q qilib tashlaydi.
Xulosa qilib aytadigan bo’lsak, biz yoshlar mana shunday buyuk tarixga, buyuk madaniyatga, buyuk san’atga ega bo’lgan tarixiy qadamjolarimiz va qadimiy yodgorliklarimiz borligidan faxrlanishimiz, g’ururlanishimiz kerak, ularni ko’z qorachig’idey asrab-avaylashimiz kerak. O’zbekistonda uchinchi Renessansni amalga oshirishimizda poydevor bo’lishi uchun harakatdan to’xtamasligimiz zarur.
Do'stlaringiz bilan baham: |