11.4. Doimiy va vaqtinchalik farqlarni hisobi
O’zRning Soliq kodeksi soliq to’lovchilar hisoblanadigan sub’ektlar tomonidan foyda solig’i hisobining tartibini belgilab beradi. Amaliyotda buxgalteriya foydasi bilan soliqqa tortiladigan foyda o’rtasida farq bor.
Buxgalteriya foydasi (zarari) – bu hisobot davrida soliq bo’yicha xarajatlar ayrilgunga qadar yuzaga kelgan foyda (zarar)dir.
Soliqqa tortiladigan foyda – bu soliq qonunchiligiga muvofiq belgilanadigan hisobot davrining daromad (foyda) summasidir.
Korxonalar buxgalteriya foydasini yillik yalpi daromad summasidan jami xarajatlarni ayirish orqali aniqlaydilar. Soliq qonunchiligiga ko’ra yalpi daromad summasiga qo’yidagilar kiritiladi:
- mahsulotlarni sotish, ishlarni bajarish va xizmatlar qo’rsatishdan olingan tushum;
- asosiy vositalar, nomoddiy aktivlar, qimmatli kog’ozlar, materiallar va boshqa aktivlarni sotishdan olingan daromad;
- foiz ko’rinishidagi daromadlar;
- olingan dividendlar;
- tekinga olingan mulk;
- mulkni ijaraga berishdan olingan daromad;
- royalti;
- tekin ko’rsatilgan moliyaviy yordam;
- kreditorlik va deponentlik qarzini hisobdan chiqarishdan olingan daromad;
- kursdagi ijobiy farqlar;
- favqulodda daromadlar;
- boshqa daromadlar.
Yalpi daromad summasidan ayriladigan xarajatlar tarkibiga qo’yidagilarni kiritish mumkin:
- qo’shilgan qiymat solig’i;
- aktsiz solig’i;
- sotilgan mahsulotlar, bajarilgan ish va ko’rsatilgan xizmatlar tannarxi;
- davr xarajatlari;
- bank krediti bo’yicha hisoblangan foizlar;
- lizing to’lovlari;
- kursdagi salbiy farqlar;
- boshqa xarajatlar.
Soliqqa tortiladigan foydani aniqlash uchun buxgalteriya foydasiga qayta qo’shiladigan va ayriladigan xarajatlarning tarkibi soliq qonunchiligi tomonidan belgilanadi. Masalan, Soliq kodeksini 317-moddasi “Chegirib tashlanmaydigan xarajatlar” deb ataladi, undagi elementlarqaytadan soliqqa tortish bazasiga kiritiladi.
Joriy davrda to’lanadigan soliqlar – bu soliqqa tortiladigan foydaga hisoblangan va joriy davrda to’lanishi lozim bo’lgan soliq summasidir.
Muddati kechiktirilgan soliqlar deb hisobot davrida aniqlangan, lekin buxgalteriya standartlari va soliq qonunchiligi tasiriga ko’ra to’lanishi kelgusi davrlarga ko’chirilgan soliq summasiga aytiladi.
Aksariyat hollarda soliqqa tortiladigan foydani aniqlash qoidalari buxgalteriya foydasini aniqlash uchun qo’llanadigan hisob siyosatidan farq qiladi. Bunga asosan doimiy va vaqtinchalik farqlar bevosita tasir ko’rsatadi:
Buxgalteriya foydasi + Doimiy farqlar ± Vaqtinchalik farqlar -
- imtiyozlar = Soliqqa tortiladigan foyda
Do'stlaringiz bilan baham: |