Korxonaning buxgalteriya bo’limida tayyor mahsulotlar hisobi pul bahosida olib boriladi.
Tayyor mahsulotlarning mavjudligi va harakati to’g’risidagi axborotlarni umumlashtirish quyidagi hisobvaraqlarda amalga oshiriladi:
2810 “Ombordagi tayyor mahsulotlar”;
2820 “Ko’rgazmadagi tayyor mahsulotlar”;
2830 “Komissiyaga berilgan tayyor mahsulotlar”.
Chetga ko’rsatilgan xizmatlar va bajarilgan ishlarning qiymati tayyor mahsulotlarni hisobga oluvchi hisobvaraqlarda (2800) aks ettirilmaydi. Ular bo’yicha haqiqiy xarajatlar, xarajatlarni hisobga oluvchi hisobvaraqlardan 9130 “Bajarilgan ish va ko’rsatilgan xizmatlar tannarxi” hisobvarag’iga hisobdan chiqariladi. Buyurtmachilarga joyida topshiriladigan va qabul qilish dalolatnomasi bilan rasmiylashtirilmagan mahsulotlar tugallanmagan ishlab chiqarish tarkibida qoladi.
2810 “Ombordagi tayyor mahsulotlar” hisobvarag’ida tayyor mahsulotlar haqiqiy ishlab chiqarish tannarxi bo’yicha hisobga olinadi. Qishloq xo’jaligi korxonalari o’simlikchilik mahsulotlari, chorvachilik va qayta ishlangan mahsulotlarining harakatini biznes-rejadan kelib chiqib, yil davomida prognoz tannarxi bo’yicha hisobga oladi. Yil oxirida tayyor mahsulotning haqiqiy va prognoz tannarxi o’rtasida aniqlangan farq mahsulotlar hisobvarag’iga hisobot yili oxiridagi keltirilgan mahsulotlarning qoldig’iga taalluqli bo’lgan ulushlarda o’tkaziladi. Mazkur hisobvaraqda realizatsiya qilishga mo’ljallangan qurilish ob’ektlarining tannarxi ham hisobga olinadi.
Sotish uchun tayyorlangan (olingan) tayyor mahsulotlar, shu jumladan, qisman korxonaning o’z ehtiyojlari uchun mo’ljallangan mahsulotlarning kirim qilinishi 2810 “Ombordagi tayyor mahsulot” hisobvarag’ining debetida xarajatlarni hisobga oluvchi hisobvaraqlar bilan bog’langan holda aks ettiriladi.
Xaridorlar (buyurtmachilar)ga ortib jo’natilgan tayyor mahsulotlar va ular uchun ushbu xaridor (buyurtmachi)lar tomonidan hisob-kitob hujjatlarining taqdim etilishi 2810 “Ombordagi tayyor mahsulotlar” hisobvarag’ining kreditidan sotilish tartibida 9110 “Sotilgan tayyor mahsulotlarning tannarxi” hisobvarag’ining debetiga hisobdan chiqariladi.
2810 “Ombordagi tayyor mahsulotlar” hisobvarag’ida haqiqiy ishlab chiqarish tannarxida hisobga olingan tayyor mahsulotlar, analitik hisobda alohida turdagilarning harakatini, mahsulotning haqiqiy ishlab chiqarish tannarxining, uning hisob bahosi qiymatidan farqini ajratgan holda ularni hisob baho (reja tannarxida, sotish bahosida va boshqa)da aks ettirish mumkin. Bunday farqlar tayyor mahsulotning alohida guruhlari bo’yicha korxona tomonidan shakllantiriladigan hisob bahosi qiymatidan haqiqiy ishlab chiqarish tannarxining farq darajasidan kelib chiqqan holda hisobga olinadi.
Tayyor mahsulotlarni 2810 “Ombordagi tayyor mahsulotlar” hisobvarag’idan hisobdan chiqarishda haqiqiy ishlab chiqarish tannarxi analitik hisobda qabul qilingan bahosi bo’yicha qiymatidan farq summasi, hisobot davri boshiga tayyor mahsulotlar qoldig’idagi farqlar va hisobot oyi mobaynida omborga kelib tushgan tayyor mahsulotlar bo’yicha farqlarning bu mahsulotlarning hisob bahosidagi qiymatiga nisbati sifatida aniqlanadigan foizlar bo’yicha topiladi. Sotilgan mahsulotga to’g’ri keladigan tayyor mahsulot haqiqiy ishlab chiqarish tannarxining uning hisob bahosi bo’yicha qiymatidan farq summasi 2810 “Ombordagi tayyor mahsulotlar” hisobvarag’ining kreditida va ular ortiqcha xarajat yoki tejalganlikni ko’rsatishidan kelib chiqqan holda qo’shimcha yozuv orqali tegishli hisobvaraqlarning debetida aks ettiriladi.
2820 “Ko’rgazmadagi tayyor mahsulotlar” hisobvarag’ida ko’rgazma, yarmarka, reklama va ko’rsatish uchun mo’ljallangan tayyor mahsulotlar haqiqiy ishlab chiqarish tannarxi bo’yicha hisobga olinadi. Bunda 2820 “Ko’rgazmadagi tayyor mahsulotlar” hisobvarag’ining debeti va 2810 “Ombordagi tayyor mahsulotlar” hisobvarag’ining krediti bo’yicha yozuvlar amalga oshiriladi. Tayyor mahsulotlar uchun javobgarlik vaqtincha bir moddiy javobgar shaxsdan boshqasiga o’tadi. Agar ko’rgazmaga, yarmarkaga va sh.k.ga qo’yilgan tayyor mahsulotlar sotilsa, u holda 2810 “Ombordagi tayyor mahsulot” hisobvarag’idagi kabi buxgalteriya yozuvlari amalga oshiriladi.
2810 “Ombordagi tayyor mahsulotlar”, 2820 “Ko’rgazmadagi tayyor mahsulotlar”, 2830 “Komissiyaga berilgan tayyor mahsulotlar” hisobvaraqlari bo’yicha analitik hisob javobgar shaxslar bo’yicha, turlari (navlar, sinflar, partiyalar, kiplar) bo’yicha va tayyor mahsulotni saqlash joylari bo’yicha yuritiladi.
Tayyor mahsulotlarni hisobga oluvchi hisobvaraqlar (2800)ning namunaviy xo’jalik operatsiyalari bo’yicha bog’lanishini quyida ko’rib chiqamiz:
1) Asosiy, yordamchi tsexlardan, xizmat ko’rsatuvchi xo’jaliklardan tayyor mahsulotlarning kirim qilinishi:
D 2810 “Ombordagi tayyor mahsulotlar”
K 2010 “Asosiy ishlab chiqarish”
K 2310 “Yordamchi ishlab chiqarish”
K 2710 “Xizmat ko’rsatuvchi xo’jaliklar”.
2) Tayyor mahsulotlarni hisobning yarim tayyor usulida kirim qilish:
D 2810 “Ombordagi tayyor mahsulotlar”
K 2110 “O’zida ishlab chiqarilgan yarim tayyor mahsulotlar”.
3) Tayyor mahsulotlarning ko’rgazmadan omborga kirim qilinishi:
D 2810 “Ombordagi tayyor mahsulotlar”
K 2820 “Ko’rgazmadagi tayyor mahsulotlar”.
4) Tayyor mahsulotni qayta baholash:
a) qiymatining oshirilishi:
D 2810 “Ombordagi tayyor mahsulotlar”
K 6230 “Boshqa kechiktirilgan daromadlar”;
b) qiymatining kamaytirilishi:
D 3190 “Boshqa kelgusi davr xarajatlari”
K 2810 “Ombordagi tayyor mahsulotlar”.
5) Inventarizatsiya natijasida aniqlangan ortiqcha tayyor mahsulotlar:
D 2810 “Ombordagi tayyor mahsulotlar”
K 9390 “Boshqa operatsion daromadlar”.
6) Ichki ehtiyojlar uchun tayyor mahsulotlarning ishlatilishi, tayyor mahsulotlarning tsexlarga qayta ishlov berish va boshqalar uchun qaytarilishi:
D 2010 “Asosiy ishlab chiqarish”
D 2310 “Yordamchi ishlab chiqarish”
D 2510 “Umumishlab chiqarish xarajatlari”
D 2710 “Xizmat ko’rsatuvchi xo’jaliklar”
D 9410 “Sotish xarajatlari”
D 9420 “Ma’muriy xarajatlar”
D 9430 “Boshqa operatsion xarajatlar”
K 2810 “Ombordagi tayyor mahsulotlar”.
7) Tayyor mahsulot omboridan mahsulotlar yaroqsiz mahsulotlarni tuzatish uchun berildi:
D 2610 “Ishlab chiqarishdagi yaroqsiz mahsulotlar”
K 2810 “Ombordagi tayyor mahsulotlar”.
8) Inventarizatsiya natijasida aniqlangan kamomad:
D 5910 “Kamomadlar va qiymatliklarning buzilishidan yo’qotishlar”
K 2810 “Ombordagi tayyor mahsulotlar”.
9) Kelgusi davr xarajatlari tarkibida yuritiladigan xarajatlarga tayyor mahsulotlarning ishlatilishi:
D 3190 “Boshqa kelgusi davr xarajatlari”
K 2810 “Ombordagi tayyor mahsulotlar”.
10) Tayyor mahsulotlarning ko’rgazmaga berilishi:
D 2820 “Ko’rgazmadagi tayyor mahsulotlar”
K 2810 “Ombordagi tayyor mahsulotlar”.
11) Sotilgan tayyor mahsulotning tannarxini hisobdan chiqarish:
D 9110 “Sotilgan tayyor mahsulotlarning tannarxi”
K 2810 “Ombordagi tayyor mahsulotlar”
K 2820 “Ko’rgazmadagi tayyor mahsulotlar”
K 2830 “Komissiyaga berilgan tayyor mahsulotlar”.
12) Tayyor mahsulotlarning moliyaviy qo’yilmalar (shu jumladan, qimmatli qog’ozlar) hisobiga berilishi:
a) tayyor mahsulotni moliyaviy qo’yilmalar hisobiga shartnoma narxlar bilan berilishi:
D 0600 “Uzoq muddatli investitsiyalarni hisobga oluvchi hisobvaraqlar”
D 5800 “Qisqa muddatli investitsiyalarni hisobga oluvchi hisobvaraqlar”
K 9010 “Tayyor mahsulotlarni sotishdan daromadlar”;
b) moliya qo’yilmalarga berilgan tayyor mahsulotlar tannarxini hisobdan chiqarilishi:
D 9110 “Sotilgan tayyor mahsulotlarning tannarxi”
K 2810 “Ombordagi tayyor mahsulotlar”.
13) Tayyor mahsulotlarning ajratilgan bo’linmalardan kelib tushishi:
D 2810 “Ombordagi tayyor mahsulotlar”
K 6110 “Ajratilgan bo’linmalarga to’lanadigan hisobvaraqlar”.
14) Tayyor mahsulotlarning ajratilgan bo’linmalarga berilishi:
D 4110 “Ajratilgan bo’linmalardan olinadigan hisobvaraqlar”
K 2810 “Ombordagi tayyor mahsulotlar”
K 2820 “Ko’rgazmadagi tayyor mahsulotlar”
K 2830 “Komissiyaga berilgan tayyor mahsulotlar”.
15) Tayyor mahsulotlarning tekinga berilishi:
D 9430 “Boshqa operatsion xarajatlar”
K 2810 “Ombordagi tayyor mahsulotlar”.
Tayyor mahsulotlarning analitik va sintetik hisobi hisobot tayyorlash uchun zarur bo’lgan ma’lumotlarni ta’minlanishi kerak.