7.6. Hisobdor shaxslar bilan hisob-kitoblar hisobi
Tashkilotlarning moliyaviy-xo’jalik faoliyati jarayonida moddiy boyliklarni, shuningdek, turli ishlar, xizmatlarni nafaqat bank o’tkazmasi bo’yicha, balki naqd pulga ham sotib olish zaruriyati tug’iladi. Bunday hollarda bu xarajatlarni to’lash uchun xodimga hisobdor bo’nak shaklida kassadan naqd pul beriladi.
Hisobdor summalar - korxona xodimlariga xizmat safari va ma’muriy xarajatlar uchun beriladigan naqd pul bo’naklari.
Hisobdor shaxslar korxona xodimlari hisoblanadi, ular kassadan bo’nakka naqd pul olib, hisobdor pullarni quyidagi maqsadlarga xarajat qiladilar:
1. Xo’jalik-operatsion xarajatlar uchun:
- kantselyariya tovarlari, pochta-telegraf va boshqalar;
- chakana savdodan materiallar sotib olish bilan bog’liq xarajatlar.
2. Bo’lajak xizmat safari xarajatlari uchun.
3. Vakillik xarajatlari uchun.
Sintetik hisob-kitoblar № 7 jurnal-orderda olib boriladi.
№ 7 jurnal-orderni to’ldirish uchun asos bo’lib kassa chiqim orderi bilan berilgan hisobdor summalar, bo’nak hisobotlari – xarajat qilingan summalarga, yangi kirim va chiqim kassa orderlari (olingan va sarflangan miqdordagi tafovutlar uchun) xizmat qiladi. Bo’nak hisobotlari arifmetik tarzda tekshiriladi, xarajatlarning maqsadga muvofiqligi va zarurligi, ularning oldindan tayinlanishiga muvofiqligi va tashkilot rahbari tomonidan tasdiqlanganligi, bularning barchasi buxgalteriya hisobi uchun qabul qilinadi. Buxgalter bo’nak hisobotini qayta ishlaydi, hujjatlarga va hisobotga xarajat yo’nalishiga javob beruvchi tegishli bog’lanuvchi hisobvaraqlarni qo’yadi.
Hisobdor pul mablag’lari chiqim kassa orderlari bilan beriladi va aniq maqsadga muvofiq sarflanishi kerak. Olingan pul mablag’lari bo’yicha hisobdor shaxslar bo’nak hisobotini, tasdiqlovchi hujjatlarni ilova qilgan holda (sotib olingan tovarlar uchun tovar cheklari, yo’l kira hujjatlari), tuzishlari va ularni buxgalteriyaga taqdim etishlari lozim.
Hisobdor summalar berish va bu summalardan foydalanish tartibi tashkilot rahbarining buyrug’i bilan belgilanadi. Hisobdor shaxslarga berilgan pul mablag’larini hisobga olish uchun hisobdor shaxs va buxgalter tomonidan bir nusxada tuziladigan “Bo’nak hisoboti” AO-1 shakli qo’llaniladi.
Shaklning teskari tomonida hisobdor shaxs qilingan xarajatlarni tasdiqlovchi hujjatlar ro’yxatini yozadi: kvitantsiyalar, transport hujjatlari, tovar cheklari va boshqa tasdiqlovchi hujjatlar va ular bo’yicha xarajatlar summalari. Bo’nak hisobotiga ilova qilingan hujjatlar hisobdor shaxs tomonidan ularning hisobotga kirish tartibida raqamlanadi.
Hisob bo’limi tomonidan pul vositalarining maqsadli xarajat qilinishi, qilingan xarajatlarni tasdiqlovchi hujjatlar mavjudligi, tuzilgan hujjatlar va hisoblangan summalar to’g’ri hisoblanganligi tekshiriladi, shuningdek shaklning orqasida hisobga qabul qilingan xarajat summalari va bu summaga debetlanadigan hisobvaraqlar ko’rsatiladi.
Tekshirilayotgan bo’nak hisoboti rahbar yoki unga vakolat berilgan shaxs tomonidan tasdiqlanadi va hisobga qabul qilinadi. Foydalanilmagan bo’nak qoldig’i hisobdor shaxs tomonidan belgilangan tartibda kirim kassa orderi bo’yicha korxona kassasiga topshiriladi. Bo’nak hisoboti bo’yicha ko’proq xarajat qilingan summa hisobdor shaxsga chiqim kassa orderi bo’yicha beriladi.
Tasdiqlangan bo’nak hisoboti asosida buxgalteriya belgilangan tartibda bo’nak summalarni hisobdan chiqaradi.
Hisobdor shaxslar bilan hisob-kitoblar hisobi 4200 “Xodimlarga berilgan bo’naklarni hisobga oluvchi hisobvaraqlar” aktiv hisobvarag’ida va 6970 “Hisobdor shaxslarga bo’lgan qarz” passiv hisobvarag’ida hisobga olinadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |