Sug’urta va maqsadli davlat jamg’armalariga to’lovlar bo’yicha qarzlarni hisobga oluvchi hisobvaraqlar. Korxona mulki va xodimlarini sug’urta qilish, davlat ijtimoiy sug’urtasi, korxona xodimlarining nafaqa ta’minoti va tibbiy sug’urtasi, maqsadli davlat jamg’armalariga ajratmalar, shuningdek uchinchi shaxslar mulkiy manfaatlariga keltirilgan zararlar uchun fuqarolik javobgarligini sug’urta qilish bo’yicha qarzlar to’g’risidagi axborotlarni umumlashtirish quyidagi hisobvaraqlarda amalga oshiriladi:
6510 “Sug’urta bo’yicha to’lovlar”;
6520 “Maqsadli davlat jamg’armalariga to’lovlar”.
6510 “Sug’urta bo’yicha to’lovlar” hisobvarag’i korxonaning mulki va xodimini sug’urtalash bo’yicha qarzlari to’g’risidagi ma’lumotlarni umumlashtirish uchun mo’ljallangan.
6520 “Maqsadli davlat jamg’armalariga to’lovlar” hisobvarag’i maqsadli davlat jamg’armalari oldidagi ajratmalar bo’yicha qarzlar to’g’risidagi ma’lumotlarni umumlashtirish uchun qo’llaniladi.
Sug’urta to’lovlari va maqsadli davlat jamg’armalariga ajratmalar bo’yicha qarz summalari sug’urta va maqsadli davlat jamg’armalari bo’yicha qarzlarni hisobga oluvchi hisobvaraqlar (6500)ning kredit tomonida xarajatlarni hisobga oluvchi hisobvaraqlar bilan bog’langan holda aks ettiriladi. Sug’urta to’lovlari va maqsadli davlat jamg’armalariga ajratmalar bo’yicha qarz summalarining to’lanishi sug’urta va maqsadli davlat jamg’armalari bo’yicha qarzlarni hisobga oluvchi hisobvaraqlar (6500)ning debet tomonida pul mablag’larini hisobga oluvchi hisobvaraqlar bilan bog’langan holda aks ettiriladi.
Sug’urta va maqsadli davlat jamg’armalari bo’yicha qarzlarni hisobga oluvchi hisobvaraqlar (6500) bo’yicha analitik hisob sug’urtachilar va alohida sug’urta shartnomalari, shuningdek korxona to’lovchi deb hisoblangan har bir maqsadli davlat jamg’armalari bo’yicha alohida yuritiladi.
Quyida sug’urta va maqsadli davlat jamg’armalari bo’yicha qarzlarni harakati bo’yicha muoamalalarni buxgalteriya hisobida aks ettirilishi ko’rsatilgan:
1) Kapital qo’yilmalar bilan bog’liq sug’urta to’lovlari bo’yicha qarz summalari:
D 0800 “Kapital quyilmalarni hisobga oluvchi hisobvaraqlar”
K 6510 “Sug’urta bo’yicha to’lovlar”.
2) Sug’urta bo’yicha hisoblangan to’lovlar korxona xarajatlariga o’tkazildi:
D 2010 “Asosiy ishlab chiqarish”
D 2310 “Yordamchi ishlab chiqarish”
D 2510 “Umumishlab chiqarish xarajatlari”
D 2710 “Xizmat ko’rsatuvchi xo’jaliklar”
D 9410 “Sotish xarajatlari”
D 9420 “Ma’muriy xarajatlar”
K 6510 “Sug’urta bo’yicha to’lovlar”.
3) Hisoblangan sug’urta to’lovlari summasi bankdagi hisobvaraqlardan to’landi:
D 6510 “Sug’urta bo’yicha to’lovlar”
K 5110 “Hisob-kitob hisobvarag’i” va boshqa pul mablag’larini hisobga oluvchi hisobvaraqlar.
4) Korxona xodimi ish haqi hisobidan maqsadli davlat jamg’armalariga ajratmalar qilindi (2019 yildan boshlab bunday xo’jalik operatsiyasi bekor qilingan):
D 6710 “Mehnat haqi bo’yicha xodim bilan hisoblashishlar”
K 6520 “Maqsadli davlat jamg’armalariga to’lovlar”.
5) Korxona xodimlariga hisoblangan ish haqi hisobidan maqsadli davlat jamg’armalariga ajratmalar qilindi:
D 2010 “Asosiy ishlab chiqarish”
D 2310 “Yordamchi ishlab chiqarish”
D 2510 “Umumishlab chiqarish xarajatlari”
D 2710 “Xizmat ko’rsatuvchi xo’jaliklar”
D 9410 “Sotish xarajatlari”
D 9420 “Ma’muriy xarajatlar
K 6520 “Maqsadli davlat jamg’armalariga to’lovlar”.
6) Maqsadli davlat jamg’armalariga ilgari hisoblangan summalar o’tkazib berildi:
D 6520 “Maqsadli davlat jamg’armalariga to’lovlar”
K 5110 “Hisob-kitob hisobvarag’i” va boshqa pul mablag’larini hisobga oluvchi hisobvaraqlar.