Falsafa fanining muammolari - o`z xususiyatlariga ko`ra, azaliy va yoki o`tkinchi bo`lishi mumkin. Azaliy muammolar insoniyat paydo bo`lgan davrdayoq vujudga kelgan bo`lib, toki odamzod mavjud ekan, yashayveradi. Chunki insoniyat taraqqiyotining har bir bosqichida ushbu muammolar yangidan kun tartibiga qo`yilaveradi. Ularni o`rganish jarayonida ilm-fan taraqqiy etib boradi.
Olam va odam munosabatlari, dunyoning mavjudligi, borliqning voqeligi, undagi o`zaro aloqadorlik va taraqqiy etish, insoniyat hayotidagi adolat va haqiqat, yaxshilik va yomonlik, urush va tinchlik, umrning mazmuni, tabiat va jamiyat taraqqiyotining asosiy tamoyillari bilan bog`liq ko`pdan-ko`p masalalar falsafa va falsafiy bilim sohalarining azaliy muammolari sirasiga kiradi.
Falsafiy dunyoqarash - bu tushunchaning mazmuni insonning olamga, voqea va hodisalarga, o`zgalarga va ularning faoliyatiga, o`z umri va uning mazmuni kabi ko`pdan-ko`p tushunchalarga munosabati, ularni anglashi, tushunishi, qadrlashida namoyon bo`ladi.
Falsafiy dunyoqarash kundalik faoliyat, dunyoviy, diniy, ilmiy bilimlar, hayotiy kuzatishlar va ijtimoiy tarbiya ta`sirida shakllanadi hamda rivojlanadi. Fanda ijtimoiy borliqning barcha jihatlari aks etadi. Dunyoqarashning shakllanishida his-tuyg`u, aql-idrok va tafakkur ham muhim o`rin tutishi tabiiy. Uning shakllanishi kishilarning hissiy kechinma va kayfiyatlariga ham bog`liq bo`lib, inson kayfiyatida uning hayot sharoitlari, ijtimoiy ahvoli, milliy xususiyati, madaniy saviyasi, shaxsiy taqdiri, yoshi va hokazolar aks etadi. Muayyan davr dunyoqarashida zamon ruhi, ijtimoiy kuchlarning kayfiyati, intilishi ham o`z ifodasini topadi. Masalan, bugungi O`zbekiston mustaqilligini mustahkamlash zarurati istiqlol dunyoqarashini shakllantirishga ulkan ta`sir ko`rsatmoqda.
Xoja Ahmad Yassaviy (1166 yilda vafot etgan) -Yassaviya tariqatining asoschisi. U Turkistonning Sayram muzofotida tug`ilgan, mashhur mutasavvif Yusuf Hamadoniyning (1140 yilda vafot etgan) ta`lim-tarbiyasi bilan voyaga etgan, orif maqomiga erishgan. Yassaviyning oddiy xalq tushunadigan uslubda yozilgan, tasavvufiy qarashlarini aks ettirgan hikmatlari devonida o`z aksini topgan. Unda ilohiy ishq, Haq vasliga etishish, uning ishqida parvona bo`lish, undan boshqa narsaga ko`ngil qo`ymaslik haqida fikr yuritilgan. Yassaviy riyozat, chilla, zikrga alohida ahamiyat berib, hayotining aksariyatini chillaxonada o`tkazgan. Yassaviy tariqati Turkiston o`lkasi, Ozarboyjon, Turkiya, Shimolda — Qozongacha, G`arbda — Bolqongacha keng tarqalgan.
Shariat (to`g`ri yo`l, ilohiy yo`l demakdir) — islomda huquqiy, axloqiy me`yor va amaliy talablar tizimidir. Qur`on va sunnadan keyingi muhim manba — shariatdir. Islomdagi asosiy yo`nalishlar — sunniylik, shialik va xorijiylik. Ular diniy ta`limot, marosimchilik, axloqiy-huquqiy me`yorlarga oid masalalarda o`zaro farqlanib turadi.
Epikur (341-270 yillar) — qadimgi Yunon mutafakkiri. Demokrit ilgari surgan atomchilik ta`limotini yanada takomillashtirib, uni yuqori pog`onaga ko`targan va tegishli qarashlar bilan boyitgan faylasuf. Epikur ta`limoticha, olam — moddiy, abadiy va cheksiz. Atomlar — bo`linmas, olam — jism va bo`shliqdan iborat, deb yozgan edi u. Barcha jismlarni Epikur ikki guruhga bo`lgan. Birinchi guruhga jismlarni tashkil etuvchi atomlarni kiritgan bo`lsa, ikkinchi guruhga atomlarning birlashishidan tashkil topgan jismlarni kiritgan. Epikur ichki harakat qonuniyatini kashf etib, Demokrit ilgari surgan atomchilik ta`limotiga ulkan hissa qo`shgan.
Ekzistentsial falsafa - XX asrning 30 — yillariga kelib rivojlandi. Ekzistentsiya — tom ma`noda mavjud bo`lmoq demakdir. Ekzestentsializm nihoyatda xilma-xil yo`nalishdagi ta`limotlarni insonning ma`naviy dunyosi, inson taqdiri, erkinligi g`oyalari asosida umumlashtirdi.
Bu muammolarning talqini, ayniqsa, ijodkor ziyolilar o`rtasida ommaviy tus oldi. Shuning uchun ekzistentsial falsafa bu davrda eng keng tarqalgan oqim bo`lib qoldi.
Ekzistentsializm vakillari asosan ikki yo`nalishga bo`linadilar. Biri — dunyoviy (Xaydeger, Sartr, Kamyu) va ikkinchisi diniy (Yaspers, Marsel`) bo`lib bunday bo`linish nisbiydir.
Do'stlaringiz bilan baham: |