I.LOYIHALASH ASOSLARI
1-Mavzu: G‘isht to‘g‘risida ma’lumot
Reja:
1.G‘isht haqida qisqacha ma’lumot.
2.Qurilish g‘ishtlarining turlari
3.G‘isht o‘lchamlari va xususiyatlari
1.G‘isht to‘g‘risida qisqacha ma’lumot
Gʻisht— qurilish materiali bo‘lib, toʻgʻri burchakli parallelepiped koʻrinishidagi sunʼiy tosh. Tabiiy va sunʼiy (mineral) materiallardan tayyorlanadi. Xom va pishiq turlarga boʻlinadi. Xom g‘isht tabiiy sharoitda quritiladi. Pishiq g‘ishtni tayyorlashning "hoʻl" va "yarim quruq" usullari mavjud. Oddiy pishiq g‘ishtni "hoʻl" usulda tayyorlash uchun sogʻtuproqdan loy tayyorlanadi, yaxshilab pishitiladi, qoliplanadi, quritiladi va xumdonda pishiriladi. "Yarim quruq" usulga koʻra, 8—10% namlikdagi tuproq massasi 120–150 kg/sm 2 bosim ostida poʻlat qoliplarda maxsus presslarda presslanadi, keyin 1000°C ga yaqin temperaturada aylanma yoki tunnel xumdonlarda pishiriladi. Bu usul g‘ishtning oʻlchamlari aniq va shakli toʻgʻri boʻlishini taʼminlaydi. Siqilishga mustahkamlik chegarasi boʻyicha g‘ishtlar 5 markaga boʻlinadi: 150; 125; 100; 75; 50. "Hoʻl" usul boʻyicha tayyorlangan g‘ishtning hajmiy ogʻirligi oʻrtacha 1700 kg/m, "yarim quruq" usulda tayyorlangan g‘ishtniki esa 1900 kg/m3 ni tashkil etadi. Hajmiy ogʻirligi 1400 kg/m3 dan kam boʻlgan yengil g‘ishtlar ham binokorlikda keng ishlatiladi. Siqilishga mustahkamlik chegarasi 50–100 kg/sm2 va hajmiy ogʻirligi 1000– 1400 kg/m3 boʻlgan g‘ishtlar imoratlarning yuk koʻtaruvchi devorlarini tiklashda qoʻllanadi. Siqilishga mustahkamlik chegarasi 35–50 kg/sm2 va hajmiy ogʻirligi700–1000 kg/m3 boʻlgan yengi g‘ishtlar esa oddiy devorlarda, issiq - sovuqni oʻtkazmaydigan (izolyatsion) material sifatida hamda sinchli binolarda sinchlar orasini toʻldirishda ishlatiladi. Hajmiy ogʻirligi 500–700 kg/m3 va mustahkamlik chegarasi past ya’ni 6–15kg/sm2 boʻlgan g‘ishtlar qozon, quvur va pechlarga qoplash uchun qoʻllaniladi.Gʻishtlarning kovakli, koʻp teshikli, kislotaga, oʻtga chidamli maxsus xillari mavjud bo‘lib, silikat g‘ishtlar ham ishlab chiqariladi. Silikat g‘ishtlarni tayyorlash uchun kvars qumi (92—95%), ohak (5—8%) va suv aralashmasidan iborat massa yuqori bosim va temperatura ostida avtoklavlarda qotiriladi. Silikat g‘ishtlar sargʻish-kulrang koʻrinishda boʻladi. Uning hajmiy ogʻirligi 1700– 1900 kg/m ni tashkil etadi. Bunday g‘ishtlar binolarning yuk koʻtaruvchi devorlari va ustunlarini tiklashda ishlatiladi. Silikat g‘ishtlar namga, yuqori temperatura (500°C dan ortiq) ga chidamli boʻlmaganligi sababli pech va moʻrilarda, poydevor va sokollarda ishlatilmaydi. Qadimgi oʻzbek milliy meʼmorligida kvadrat shaklidagi
24x24x5 sm o‘lchamli “Musulmon” deb nomlangan g‘ishtlar keng rasm boʻlgan. Oʻzbekistonda XIX asr 2-yarmidan toʻrtburchak shaklli 28x13x7 sm va
37x23x9 sm oʻlchamli “Nikolay” deb nomlangan g‘ishtlar ishlatilgan. Hozirgi kunda asosan qurilishlarda 25x12x6,5 sm oʻlchamli va bir yarimtali
25x12x8,8 sm o‘lchamli pishiq g‘ishtlar ishlatilmoqda.
Do'stlaringiz bilan baham: |