Mavzu: Ishlab chiqarish muhiti havosida kimyoviy birikmalarni aniqlash va
baholash.
Mashg‘ulotning jihozlanishi: zaharli kimyoviy birikmalarni ruxsat etsa bo‘ladigan miqdorini ifodalovchi jadvallar
Mavzuni asoslash
Sanoatning deyarli hamma sohalarida kimyoviy birikmalarni qo‘llashda keng imkon berilgan. Kimyoviy birikmalar texnologiya jarayonida xom ashyo va ish joylarida esa ikkilamchi mahsulot sifatida zaharli birikmalar bilan ifloslanishi mumkin.
Sanoat sharoitida zaharlanish ikki xil: o‘tkir va surunkali bo‘lishi mumkin. O‘tkir kasb kasalligi ish joylarida zaharli birikmalarning (parlar, gazlar) miqdori yuqori bo‘lganda kuzatiladi. Surunkali zaharlanish organizmda zaharli birikmalarning asta-sekin yig‘ilishi (material- kumulyasiya) yoki funksional o‘zgarishlar (funksional kumulyasiya) natijasida rivojlanadi. Yangi sintez qilingan har qanday kimyoviy birikma qo‘llanishidan oldin, har tomonlama sinab ko‘rilishi shart. Kimyoviy birikmalarga baho berish deganda, sinov ma’lumotlari asosida chiqariladigan xulosa ko‘zda tutiladi.
Bu sinovlarda sintez qilingan kimyoviy birikmaning xo‘jalik uchun foydaliligi odamga va hayvonlarga qanday ta’sir ko‘rsatishi aniqlanadi.
Ishlab chiqarishda sintezlangan kimyoviy birikmalarni sinash uchun davlat sanitariya inspeksiyasi tomonidan ruxsat bo‘lishi va uni belgilangan qoida asosida o‘tkazish kerak. SHundan keyin laboratoriya tekshiruvlari o‘tkazilib, hayvonlarga so‘ng odamlarga uning ta’siri amalda o‘rganiladi. Ayrim a’zolarga va butun organizmga, jumladan nafas yo‘llari, me’da-ichak yo‘llari, shikastlanmagan teri va shilliq pardalar orqali yaxshi so‘rilish va so‘rilmasligi aniqlanadi.
Har qanday kimyoviy birikmaning oragnizmga ko‘rsatadigan zaharli ta’sirini aniqlashda toksikologiyada (laboratoriya hayvonlari uchun) eng kam zaharli miqdor (PDK-predelno dopustimaya konsentratsiya), o‘ldiradigan eng kam miqdor, o‘ldiradigan o‘rtacha miqdor, o‘ldiradigan eng katta miqdor tushunchalaridan foydalaniladi. Eng kam zaharli miqdorda tajriba hayvonlariga birikma bir yo‘la yuborilsa, vaqtincha seziladigan o‘zgarishlarni keltirib chiqaradi. Tajriba hayvonlariga (sichqon, kalamush, quyon va h.k.) kimyoviy birikma yuborilganda shu hayvonlardan bittasini o‘ldiradigan miqdor LDmin bilan belgilanadi. O‘ldiradigan o‘rtacha miqdor deganda tajribadagi hayvonlarning yarmini, ya’ni 50%ini o‘ldiradigan miqdor tushuniladi. Odatda, bu miqdor LD50 bilan ifodalanadi va tekshirilayotgan moddani bir necha hayvonga turli miqdorda yuborib, olingan natijalarni solishtirib ko‘rish va statistika, patomorfologiya hamda boshqa usullardan foydalangan holda aniqlanadi.
O‘ldiradigan eng katta miqdor deb, tajribadagi hayvonlarning hammasini o‘ldiradigan miqdorga aytiladi. Bu miqdor LDmax bilan ifodalanadi. Kimyoviy birikmaga gigiyenik va toksikologik jihatdan baho berishdan maqsad, o‘sha moddaning hayvon organizmiga surunkasiga uzoq vaqt kirib turganida zaharli ta’sir ko‘rsatmaydigan miqdorini aniqlashdir. Buning uchun odatda laboratoriya shiroitida hayvonlar yangi kimyoviy birikmaning boshlang‘ich miqdori aniqlanadi, moddaning boshlang‘ich miqdori yoki dozasi deb, o‘sha moddadan uzoq muddat davomida (4-6 oydan 10-12 oygacha) hayvonga har kuni berib turilganda uning organizmida bilinar-bilinmas vaqtincha o‘zgarishlarni keltirib chiqaradigan eng kam miqdorga aytiladi. Boshlang‘ich miqdori odatda hayvon vaznining har kilogrammiga to‘g‘ri keladigan modda miqdori bilan ifodalanadi. Kimyoviy birikmaning boshlang‘ich miqdori tajribada maxsus usullar bilan aniqlangandan keyin shu ma’lumotlardan foydalanib, oziq-ovqat mahsulotlarida, ichimlik suvida, havoda va tashqi muhitning boshqa manbalarida yo‘l qo‘yiladigan miqdor (PDK), ya’ni me’yori belgilanadi.
Ko‘pchilik zaharli birikmalar o‘tkir va surunkali zaharlanish alomatlarini (benzol, uglerod oksidi, fosfor va xloroorganik birikmalar). ba’zilari esa faqat o‘tkir zaharlanish (sinil kislotasi) yoki surunkali zaharlanish (qo‘rg‘oshin, marganets va h.k.) belgilarini paydo qiladi.
Kimyoviy birikmalarning organizmga kirishi, to‘qimalarga tarqalishi uning fizik-kimyoviy xossasiga bog‘liq. Shu jihatdan asosiy ko‘rsatkich kimyoviy birikmaning yog‘larda va lipoidlarda erish xususiyatiga bog‘liq.
Erish miqdori E.N.Lyublina va A.A.Golubevalar tavsiya etgan formula bilan aniqlash mumkin:
K=0.053 M.M.-3.68; K-tarqalish koeffitsienti;
M.M.-molekulyar miqdor (molekulyar og‘irlikning hajm og‘irligiga nisbati).
Kimyoviy birikmalar organizmga nafas organlari, me’da jarohatlanmagan teri va shilliq qavatlar orqali kirish mumkin.
Nafas a’zolari bilan kirgan kimyoviy birikmalar yuqorida aytganimizdek chuqur o‘zgarishlarni keltirishi mumkin, chunki bu a’zolar orqali yuqori fizikaviy faollikka ega (yuqori dispesrli va gazsimon) zaharli birikmalar oragnizmga kiradi va katta qon aylanish sistemasi (jigarga kirmasdan) orqali to‘qimalarga tarqalib o‘z ta’sirin ko‘rsatadi.
Alimentar yo‘l bilan kirgan zaharli birikmalar me’dadan jigarga o‘tib, qisman parchalanib, o‘z salbiy ta’sirini ko‘rsatishi mumkin.
Jarohatlanmagan teri hamda shilliq qavatlar orqali organizmga asosan yog‘da va lipoidlarda eriydigan zaharli birkmalar kiradi.
Havo tarkibidagi kimyoviy birikmalarni tahlil qilish uchun bir qancha asboblar, jumladan fotokalorimetrlar, spektrofotometrlar, polyarograflar, xromatograflar va boshqalar qo‘llaniladi.
Kimyo sanoatida tezlik bilan kimyoviy tahlil qilish maqsadida tezkor (ekspress) usuli qo‘llaniladi. Shu maqsadda universal gazni tahlil qiluvchi shaxta indikatorlari va boshqa asboblar ishlatiladi.
Bunday asboblarda qo‘shimcha tarzda indikatorlik naychalar yig‘indisi, reaktiv qog‘oz, standart shkalasi maxsus eritmalar va h.k. mavjud.
Korxonada zaharli birikmalar miqdorini doimiy nazorat qilish uchun avtomat usulda zaharli birikmalar miqdorini qayd etuvchi, gazni tahlil qiluvchi va gaz miqdori oshganda fotometrik, temokimyo, ionizatsion usullarga asoslangan ogohlantiradigan signal beruvchi moslamalar o‘rnatiladi.
Havodan namuna olishda Polejaev, Zaysev, Petri, Rixter va boshqalar tavsiya qilgan o‘ziga singdiruvchi eritmalardan foydlaniladi. Havoni tortuvchi sifatida aspiratordan, havo purkagichlaridan, ejektorlardan, nasoslardan, pnevmometrlardan, gaz soatlaridan, gazli pipetkalardan, maxsus kamera yoki butilkalardan foydalanish mumkin.
Tahlil uchun olingan havo namunasi (Vo) yuqorida qayd etilgan me’yor sharoitga keltirish
zarur.
Kimyoviy birikmalardan zaharlanishning oldini olishda texnikaviy (uzil-kesil), sanitar- texnikaviy, sanitariya-gigiyenik va profilaktik davolash usullari qo‘llaniladi.
Texnikaviy usulni qo‘llash mehnat uslubini tubdan o‘zgartirishi mumkin, bunda texnologik jarayon zamonaviy moslamalarda (zich yopiq holda) ma’lum masofadan turib bajariladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |