18-Topshiriq Kartalarning mazmuni va maqsadi bo‘yicha generalizatsiya qilish
Kartaning masshtabi. Generalizatsiyada masshtab maydalashgan sari tasvirlanadigan geografik ob’ektlar saralanib, kamayib boradi, kartani o‘qish qiyinlashadi. Masshtabning generalizatsiyaga ta’sirini bir hududning ikki xil shu masshtabdagi kartalarini taqqoslash bilan yaqqol ko‘rish mumkin. Masalan, O‘zbekiston geografik atlasidagi (1999 yil, 9-bet), O‘zbekiston tabiiy geografik kartasidan (masshtabi 1:4 mln.) Farg‘ona vodiysini olib ko‘rsak, xuddi shu betdagi kesma karta holatda berilgan «Farg‘ona vodiysi» kartasi (masshtabi 1:1,5 mln.) solishtirsak, ularda tasvirlangan tafsilotlarning soni bir-biridan katta farq qiladi. 1:4 mln. li kartada atigi 4 ta shahar (Farg‘ona, Andijon, Namangan va Qo‘qon) tasvirlansa, 1:1,5 mln. li kartada 8 ta shahar (yuqoridagilarga qo‘shimcha, Rishton, Marg‘ilon, Paxtobod, Pop) ko‘rsatilgan.
Kartaning maqsadi. Kartalar bir xil masshtabda bo‘lsa ham har xil maqsadlar uchun nashr qilinganligi sababli ularning mazmunida farq bo‘ladi. Masalan, O‘zbekiston geografik atlasining (Toshkent, 1999) 9-betida berilgan «O‘zbekistonning tabiiy kartasi» bilan «O‘zbekistonnning ijtimoiy-iqtisodiy atlasi» dagi (Toshkent, 2000) Tabiiy geografik kartalar masshtablari bir xil (1:4 mln.) bo‘lsa-da tasvirlangan tafsilotlar soni bir-biridan farq qiladi, ya’ni birinchi kartada qazilma boyliklar tasvirlangan shartli belgilar soni 76 ta bo‘lsa, 8-sinf atlas kartasida 32 ta qilib ko‘rsatilgan. Aholi yashaydigan joylar sonida ham farq bo‘lib, birinchisida 36 ta, 8-sinf kartasida 60 dan ortiq berilgan. Maktablar uchun chiqarilgan kartalarda kartani mazmunidan tashqari maktab o‘quv dasturi talablari va o‘quvchilarning yoshi, bilim darajasi ham e’tiborga olinadi.
Generalizatsiya qilishda karta mazmunining roli ham kam emas. O‘zbekistonning geografik atlasidagi bir xil masshtabdagi tabiiy va siyosiy-ma’muriy kartalarida tasvirlangan geografik elementlarning soni bir xilda emas. Vaholonki, bu ikkala karta ham bir xil masshtabda bo‘lib, O‘zbekistonning tabiiy geografik kartasida aholini yashash yashaydigan joylarning soni siyosiy-ma’muriy kartadagiga nisbatan juda kam. Siyosiy-ma’muriy kartadagi ba’zi bir aholi joylari: Jasliq, Qo‘ng‘irot, G‘allaorol, O‘smat, CHinoz va boshqalar siyosiy kartada berilmagan. Holbuki, bu shaharlar orientir hisoblanadi.
Kartada tasvirlanayotgan xududlarning o‘ziga xos xususiyatlarini e’tiborga olish generalizatsiyaning to‘rtinchi omilidir. Har qanday hudud kartasida u joyning o‘ziga xos tabiiy xususiyatlari saqlanishi kerak. Masalan, Finlyandiya «ming ko‘llar» mamlakati deb yuritilib, uning janubiy qismida ko‘llar landshafti asosiy o‘rin tutadi. Generalizatsiyaga ko‘ra kartada mayda ko‘llar tasvirlanmasa ham bo‘lar edi. Lekin Finlyandiya kartasida ko‘llar tasvirlanmasa, ko‘llar landshafti to‘laligicha aks etmay qoladi. SHu sababli mayda ko‘llar (masshtabga sig‘maydigan ko‘llar) ham hududning o‘ziga xos xususiyati sifatida tasvirlanishi lozim. O‘zbekiston tabiiy kartasida Qizilqumni tasvirlashda qum landshafti, Farg‘ona vodiysida adirlar landshafti saqlanishi kerak.
Generalizatsiya qilishda geografik ob’ektlarning o‘ziga xos xususiyatlaridan tashqari, geografik elementlarning xalq xo‘jaligidagi roli ham e’tiborga olinishi shart. O‘rta Osiyoda suv ob’ektlarining roli nihoyatda katta. Barcha xalq xo‘jaligi tarmoqlari suv bilan bog‘liq. SHuning uchun O‘rta Osiyo kartalarida suv ob’ektlari iloji boricha to‘liq ko‘rsatiladi. Masalan, uzunligi 20 km bo‘lgan daryo yoki soy tasvirlanishi kerak. Rossiyaning Evropa qismi SHimolida, G‘arbiy va SHarqiy Sibirda bunday uzunlikdagi daryo yoki soy ko‘rsatilmasa ham bo‘laveradi. O‘rta Osiyoda ba’zan undan ham qisqa daryo-soylar tasvirlanishi mumkin.
Kartada shunday miqdor ko‘rsatkichli tafsilotlar ham borki, ular generalizatsiya qilinsa, sifat ko‘rsatkichlari yo‘qolib ketadi. Masalan, dengiz va okeanlarning chuqurligini ko‘rsatuvchi izobatalarni ko‘rsatganda 200 m li izobata tasvirlanishi shart, chunki u materik sayozligining chegarasidir. O‘rta Osiyoning tabiiy kartasida 1000-gorizontal ko‘rsatilishi shart, chunki u paxta ekiladigan erlarning yuqorigi chegarasi hisoblanadi.
Xullas, umumiy geografik kartalarda tafsilotlar bir xil aniqlik va mukammallikda saralanib tasvirlansa, mavzuli kartalarda ularning maqsadiga, mazmuni va mavzuiga muvofiq har xil darajada generalizatsiya qilinadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |