Daryolari. Eron ichki suvlarga boy emas. Ko‘p daryolari kam suvligi bilan va vaqtinchalik oqim hosil qilishi bilan farq qiladi. Doimiy oqimlar faqat Janubiy Kaspiy bo‘yida va alohida namga to‘yingan tog‘ tizmalariga boy. Mamlakatning markaziy qismidagi daryolar asosan Markaziy Erob cho‘lidagi cho‘kmalarda yerga singib ketadi.
Mamlakatning sharqiy qismidagi daryolar tog‘ qor va muzlik suvlaridan to‘yinadi. Ko‘pchilik daryolarda to‘lin suvliklik bahorda yomg‘irli va qor erish mavsumida boshlanadi. Chekka rayonlardagi daryolar maromi yog‘inlar tushishga bog‘liq holda o‘zgaradi.
Kaspiy dengizi havzasidagi yirik daryolar Araks va Atrek daryolari, shuningdek Sefidrud va Gorgan hisoblanadi. Shatt-al-Arab orqali Fors ko‘rfaziga o‘z suvini quyuvchi Eromdagi yagona kema qatnovchi daryo – Qorun hisoblanadi.
Qorun daryosi - Shatt-al-Arab daryosining chap irmog‘i. Xavzasining maydoni 60 ming km², uzunligi 820 km , Zagros tog‘laridan boshlanadi, pastki oqimi Mesopotamiya tekisligida joylashgan. Suvlari yerlarni sug‘orishga ishlatiladi.
Kerxe daryosi - Eron va Iroqdan quyi oqimi o‘tadi. Uzunligi 870 km. Xavzasining maydoni 50 ming km². Zagros tog‘laridan boshlanib, Xuziston tekisligi botqoqlarida yo‘qoladi. Bahor toshqini paytida suvlarining ayrim qismi Tigr daryosiga oqib tushadi.
Bulardan tashqari Erondan Turkmaniston chegarasi yaqinidan Atrek daryosining kichik qismi oqib o‘tadi. Ozarbayjon va Armaniston chegaralarida Araks daryosi tabiiy chegara bo‘lib turadi.
Ko‘llari. Mamlakatda ko‘llar ko‘p, ular asosan Eron tog‘ligining ichki qismlarida joylashgan. Ularning hammasi oqmaydigan, kuchli sho‘rlangan va kam suvli. Ko‘p ko‘llar yozda qurib qoladi va sho‘rxoklarga aylanadi. Eronning eng yirik ko‘li Urmiya (Rezoye) mamlakatning shimli-g‘arbida 1275 m balandalikda joylashgan. Suvi oqib chiqib ketmaydigan sho‘r ko‘l. Maydoni 5800 km², uzunligi 130 km, kengligi 30 km atrofida. Ko‘lning o‘rtacha chuqurligi 5-6 m, taxminan 15 m dan oshmaydi. Bu ko‘lda 50 dan ortiq orollar bor. Sohilbo‘ylarida sho‘rxoklar joylashgan. Ko‘l tubida davolovchi balchiqning qalin qatlami joylashgan. Kemalar qatnaydi. Mamlakatdagi eng katta chuchuk ko‘l – Xomun ko‘lidir.
Eron daryolari energiya resurslariga boy emas, lekin sug‘orish uchun ahamiyati katta Eronning hamma daryolari ichida Araks energiya zahiralariga birmuncha boy. Bu daryoda boshqa davlatlar bilan hamkorlikda bir qator gidrotexnik inshootlar qurilgan. To‘g‘onning balandligi 35-40 m, suv omborining suv sig‘imi 1350 mln m³, 40 ming ga yerni sug‘orishni ta’minlaydi va GESning quvvati 44 ming kVt/s.
Ustki chuchuk suv manbalarining yetishmasligidan Eronda grunt suvlaridan keng foydalaniladi. Yer yuziga yaqinlari quduqlar orqali, qolganlari yer osti kanallari – korizlar yordamida olinadi. Eron xalqi uzoq tarixiy davr mobaynida suvni saqlash va tejab sarflash borasida boy tajriba to‘pladi. Bunga misol qilib korizlarni aytish mumkin. Koriz – bu shunday o‘ziga hos bo‘lgan inshoot-ki tog‘ etaklarida tarqalgan yer osti kanalidan tashkil topgan bo‘lib, ba’zan bir necha km ga cho‘zilgan va kuzatuv quduqlar tizimi bilan jihozlangan. Korizlarning tuzilishida quduqlar cho‘kmalarni yig‘ish uchun, korizlarni tozalash va shamollatish uchun xizmat qiladi. Quduqlarning chuqurligi tog‘ yaqinida ba’zan 150-200 m ga yetadi, tog‘lardan uzoqlashgan sari asta-sekin qisqaradi.
Tuproqlari. Tog‘ oldi tekisliklaridagi bo‘z tuproqlarda cho‘l o‘simliklari, tog‘lardagi jigarrang tuproqlarda kserofit dasht o‘simliklari o‘sadi. Pasttekisliklar sho‘rxok. Elburs tog‘larining shimoliy yonbag‘ri kengbargli o‘rmonlar bilan qoplangan. O‘rmonlar Eronda hududining – 11%ni qoplagan. Eronning janubidagi qizil tuproqlarda savanna tipli o‘simliklar o‘sadi. Daryo vodiylari o‘tloq, tuprog‘i - allyuvial.
O‘simlik dunyosi. Eron florasida eron-turon o‘simliklari hukumronlik qiladi. Eron o‘simliklarining umumiy soni 6000 dan ortiq turlarini tashkil etadi. Eng keng tarqalgani dukkaklilar va murakkab gullilar hisoblanadi. Dukkaklilar orasida astragallar oilasiga (600 tur atrofida), murakkab gullilar orasida esa kuziniyalar oilasiga (200 turdan ortiq, ulardan 180 tasi-Eron endemiklari) boy. O‘simliklar endemik turning umumiy soni 900 atrofida, bu mamlakat florasining 15%ini tashkil etadi.
Eron hududining katta qismi cho‘l va quruq dasht o‘simliklari bilan qoplangan. Bu o‘simliklar frigana deb ataluvchi o‘ziga xos bo‘lgan shaklni hosil qilgan. Uning uchun balandligi 1metrgacha bo‘lgan yostiqsimon ignali butalar asosiy namoyondasi bo‘lib, ignalari ko‘tarilgan tipratkanni eslatadi. Ular orasida akantolimunlar, juda turli-tuman astragallar va boshqalar xosdir. Butalar bilan bir qatorda Eronning ichki qismidagi qurg‘oqchil rayonlarda turli xildagi shuvoq, chalov, ko‘plab efemerlar (uzoq yashaydigan bahorda ko‘karib, yozda qurib qoladigan o‘t-o‘lanlar) o‘sadi.
O‘rmonlar hissasiga mamlakat hududining 1%dan sal ortig‘i to‘g‘ri keladi. O‘rmonlar Elburs va Zagros tog‘larining tashqi yonbag‘irlaridagi tor hududlarda va bu tog‘larga yondosh namga to‘yingan viloyatlarda o‘sadi. Kaspiy dengizi sohilbo‘yida va Elbursning 2500m gacha bo‘lgan yonbag‘irlarida qimmatbaho turlardan tashkil topgan quyuq baland bo‘yli nam kengbargli o‘rmonlar o‘sadi: kashtanbargli eman, temir daraxti, sharqiy qoraqayin, klyon, grab (qayin oilasiga mansub daraxt), shumtol, qarag‘ay, grek yong‘og‘i, platana va yog‘och beruvchi o‘rmonlarga boy. Kaspiy oldidagi ba’zi o‘rmonlar o‘tib bo‘lmas subtropik chakalakzorlardan iborat bo‘lib, liana, yovvoyi uzum, pechak, xmel, ilon o‘tlar bilan daraxtlar o‘rab olingan.
Elbursning janubiy yonbag‘irlarida, shuningdek Zagros va Janubiy Eron tog‘larida o‘rmonlar eman, klyon, pista, shumtoldan tashkil topgan. Daraxtlar tez-tez qurg‘oqchillikka chidamli butalar bilan aralashadi. 2600m dan yuqoriga egri-bugri o‘rmonlar va alp o‘tloqlari almashinadi, ulardan molar uchun yaylov sifatida foydalaniladi.
Eron Ozarbajoni tog‘ligida Araks vodiysi bo‘ylab eman va archa siyrak o‘rmonlari uchraydi. Ichki tog‘liklar va Eron tog‘ligini janubi-sharqiy qismi deyarli o‘rmonsiz, bu yerlar o‘tloq dasht o‘simliklari kamdan-kam uchraydigan pista, tog‘bodomi va archalar bilan qoplangan.
Fors va Ummon ko‘rfazi sohilbo‘yida o‘simlilar tropik daryolarning botqoqlik yerlarida va sohilga yaqin orollarda mangra o‘rmonlari o‘sgan. Vohalarda xurmo palmalari keng tarqalgan.
Hayvonot dunyosi. Eron hayvonot dunyosi boy va turli-tuman. Bu yerda tuyoqlilardan cho‘llarda – jayron, kiyik; tog‘larda – arxar (yovvoyi tog‘ echkisi); o‘rmonlarda – kosulya (bug‘u turi), beozor ohu; ichki yassitog‘lilarda yovvoyi eshak-onagr hali ham saqlanib qolgan. Yirtqichlar ham ko‘p: turon yo‘lbarsi, qamishzor mushugi, yo‘l-yo‘l sirtlon, shoqol, qoplon, bo‘ri. Kemiruvchilar soni ko‘p bo‘lib, asosan qum sichqonlar tarqalgan. Qushlarning 400 turi hisobga olingan. Shuningdek sudraluvchilar faunasi turli-tuman bo‘lib, 100ga yaqin turi bor, jumladan zaxarlilar bor (kobra, gurzi, fors gadyukasi). Kaspiy dengizi suvlarida baliqlarning qimmatli turlari yashaydi.
Do'stlaringiz bilan baham: |