II BOB. KARTASHUNOSLIK FANINING ISTIQBOLLARI
2.1.O‘zbekistonda kartografiyaning rivojlanishi va istiqbollari
O‘zbekiston o‘zining boy kartografik tarixiga ega. Dunyo kartografiyasining rivojida ajdodlarimiz Muso Muhammad al-Xorazmiy, Abu Rayhon Beruniy, Mirzo Ulug‘bek, Mahmud Qoshg‘ariy, Muhammad Bahroniy, Hofizi Abru va boshqa allomalarimiz qoldirgan ilmiy meros muhirm o‘rin tutadi. Ma’lumki, kartografiya ham, boshqa fanlar kabi kishilik jamiyatining hayotiy talablari asosida vujudga kelgan va ishlab chiqarish kuchlarining taraqqiy etishi bilan tobora rivojlana borgan. Biz kartografiya fanining O‘zbekistonda rivojlanish tarixini 3 bosqichga bo‘lishimiz mumkin.
1-bosqich: 1917-yilga qadar O‘zbekiston hududini kartografik jihatdan o‘rganilganlik darajasi ancha past bo‘lgan. XIX asrning ikkinchi yarmida Rossiya O‘rta Osiyoni, jumladan, O‘zbekistonning hozirgi hududini bosib olib, o‘z mustamlakasiga aylantirgandan so‘ng bu iqtisodiy jihatdan muhim o‘lka kartalarini yaratish bo‘yicha ishlar boshlandi. Respublikamiz hududida karta tuzish ishlari Sho‘rolar davriga qadar yaxshi rivojlanmadi, kartalar kam chop etildi, ularning jihozlanishi juda oddiy edi. Zotan, hududning ichki qismlari hali yaxshi o‘rganilmagan, manbalar yetarli darajada to‘liq va aniq bo‘lmagan, plan olish asboblari, kartografik tasvirlash usullari va karta ishlash texnikasi rivojlanmagan edi.
2-bosqich: O‘zbekistonda kartografiya sohasi Sho‘rolar davrida sezilarli rivoj topdi. 1934-yili O‘rta Osiyo va Qozog‘istonda yagona bo‘lgan Toshkent kartografiya fabrikasi tashkil etildi. Unga davlat muassasalarini va jamoat tashkilotlarini mavzuli, siyosiy-ma’muriy va ma’lumotnoma kartalar bilan, shuningdek maktab o‘quvchilarini o‘quv karta va atlaslari bilan ta’minlashdek yuksak vazifa yuklatildi. Ko‘p o‘tmay ayrim sug‘oriladigan rayonlarning 1:10 00 masshtabli qishloq xo‘jalik kartalari, O‘zbekistonning 1:500 000 masshtabdagi ma’muriy kartasi va O‘rta Osiyo xalqlarining milliy tillarida o‘quv kartalari tuzildi
va nashr etildi. O‘rta maktablar uchun alohida materiklarning yozuvsiz (kontur) kartalarini yaratish bo‘yicha ishlar olib borildi. 1963-yili respublikamizning birinchi “Tabiiy geografik atlasi” chop etildi. Atlasning bichimi 44x30 sm, asosiy kartalarining masshtabi 1:3500 000 va 1:5 000 000, iqlim kartalari 1:7 500 000 va 1: 10 000 000 masshtablarda tuzilgan. 1981-yili O‘zbekistonning birinchi “ o’quv-o’lkashunosIik atlasi” chop etildi. Atlas loyihasi O‘zbekiston Milliy universitetining Geografiya fakulteti jamoasi va O‘zbekiston Fanlar Akademiyasining Geografiya bo‘limi va umumiy o‘rta ta’lim muassasalarining tajribali metodistlari bilan hamkorlikda yaratilgan. 1982-1985 yillari ikki jilddan iborat umumiy kompleks geografik ilmiy-ma'lumotnomali “O’zbekiston atlasi” chop etildi. Mazkur atlasning umumiy hajmi va mazmunini qamroviga ko‘ra milliy atlasga yaqin deb hisoblash mumkin. Atlasning bichimi 61x42sm, asosiy kartalarining masshtabi 1:2500 000 va 1:3 500 000. Atlas 28 ta alohida-alohida bo‘limdan iborat bo‘lib, unda 322 ta ko‘p rangli karta berilgan.
O‘zbekistonda atlas kartografiyasi sohasida ancha uzoq muddatli tanaffus boshlandi. To‘g‘ri, 80-yiIlarning oxiri va 90-yillarning boshida O‘zbekiston FA ning Geografiya bo‘limi rahbarligida respublikamizning “Paxtachilik” va ”Tibbiiy geografik atlas” lari tuzilib, nashrga tayyorlab qo‘yilgan edi. Biroq ayrim sabablarga ko‘ra ular o‘z vaqtida chop etilmay qoldi.
3-bosqich: O‘zbekiston mustaqillikka erishgandan keyin, respublika rahbariyati mamlakatimiz iqtisodiyotini rivojlantirish, isblab chiqarish kuchlaridan oqilona foydalanish va uni butun mamlakat hududi bo‘ylab ilmiy asosda to‘g‘ri joylashtirish masalalariga jiddiy e’tibor qaratmoqda. Shu maqsadda 16-yanvar 1992-yil Vazirlar Mahkamasining 19-sonli qaroriga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzirida Geodeziya va kartografiya Boshqarmasi, hozirgi O‘zbekiston Respublikasi Yer resurslari geodeziya, kartografiya va davlat kadastri qo‘mitasi tashkil etildi. Shubhasiz, so‘nggi 30-40 yil ichida O‘zbekistonda kartografiya fani sezilarli rivoj topdi. O‘zbekistonda atlas kartografiyasining shakllanishi va rivojlanishiga bag‘ishlangan yirik monografiyalar, ilmiy to‘plamlar, maqolalar, nomzodlik va doktorlik dissertatsiyalari muvaffaqiyatli yoqlandi. O‘zbek tilida dastlabki o‘quv dasturlari, o‘quv qo‘llanmalari, ma’ruza matnlari, testlar to‘plami, masala va mashqlar to‘plamlari, laboratoriya va dala amaliy ishlariga oid va boshqa yana ko'plab ilmiy-uslubiy ishlanmalar chop etildi.O‘zbekistonda atlas kartografiyasining rivojlanishida professorlardan T.M. Mirzaliyev, Z.M. Akramov, A.A. Rafiqov, E.Yu. Safarov dotsentlardan Ch. V. Galkov, Y,G. Brodskiy, P.N. G‘ulomov, T.M. Mirzaliyev, Z.M. Akramov, A.A. Rafiqov, E.Yu. Safarov dotsentlardan Ch. V. Galkov, Y,G.Brodskiy, P.N. G‘ulomov, I.A.Hasanov, L.H.G‘ulomova, A.Egamberdiyev, A.Bozarboyev, Sh.Azimov, J.S. Qoraboyev, T.Qoraboyeva, , J.M. Nazirov, Sh.M.Muhitdinov, L.M. Qo‘ziboyeva, L.G. Soliyeva, C. Salohuddinova, S.A. Avezov, G.Sh. Norxo‘jayevalarning xizmatlarini alohida ta’kidlash joiz.
O‘zbekistonda kartografiya sohasini rivojlanishida O‘rta Osiyoda yagona bo‘lgan Geodeziya, kartografiya va kadastr kafedrasining roli nihoyatda katta. Mazkur kafedra O‘zbekiston Milliy universitetida (sobiq O‘rta Osiyo Davlat universiteti) 1921-yili tashkil etilib, unga professor N.I. Lebedinskiy 1948-yilgacha mudirlik qilgan. So‘ngra oldinma keyin professor I.G. Krasovskiy, dotsentlar Ch.V. Galkov, T.M. Mirzaliyev, E.G. Brodskiy, A.Egamberdiyev, L.X. G‘ulomova va X.Muborakov rahbarlik qildilar. 2010-yildan boshlab kafedraga texnika fanlari doktori, prof. E.Yu. Safarov rahbarlik qilmoqda. Kafedrada hozirgi vaqtda ikkita fan doktori. professorlar (T.Mirzaliyev, E.Yu. Safarov), oltita fan nomzodi, dotsentlar (X.Muborakov, L.X. G‘ulomova, A.Egamberdiyev, J.S. Qoraboyev, Z.D. Oxunov. E.R. Mirmahmudov), to‘rtta katta o‘qituvchi (I. Ixlosov, S.Salohiddinova, I.Ol. Abdullayev, O.G.Shukina), uchta o‘qituvchilar (A.Ro‘ziyev, Sh.Prenov, O.Allanazarov) ishlab turibdi. Bularning natijasida
bugungi kunda O‘zbekiston kartografiya sohasida MDHga a’zo bo‘lgan mamlakatlar orasida yetakchi o‘rinlardan birini egallab turibdi.
Do'stlaringiz bilan baham: |