Standartlashtirish va yagona me’yorlar tashkil etish asoslari
Standart qabul qilingan oʻlchov, shakl yoki uslubdir va u biror-bir ishni yoki mahsulotni bajarishdan, tavsiflashdan yoki yetkazib berishdan oldin ishlab chiqiladi hamda qoʻllaniladi. Geoaxborot tizimidagi fazoviy ma’lumotlar va tahliliy ishlar natijalari boʻlgan standartlar turli tashkilotlar tomonidan almashib turilganligi uchun muhim sanaladi. Ma’lumotlar standartlari bizga fazoviy ma’lumotlarning tuzilganligi va uni ishlatishni tushuntirib beradi. Geoaxborot tizimi mutaxassislari bir necha standartlarni qoʻllaydilar.
Ma’lumotlar standarti fazoviy ma’lumotlarni formatlash, baholash, hujjatlashtirish va foydalanuvchiga yetkazib berish uchun ishlatiladi. Oʻzaro ma’lumot almashish (Interoperability) standarti fazoviy ma’lumotlarnining turli xil dasturlar tarmoqlarida yoki tizimlarida xizmat koʻrsata olishi yoki oʻqiy olinishini aniqlab beradi. Tahliliy standartlarda loyihani yoki modelni ishlab chiqishda qoʻllanilgan eng maqbul uslublar koʻrsatib beriladi. Kasbiy standartlar esa geoaxborot tizimidagi ta’lim, bilim yoki tajribalarni qoʻllash orqali texnologiya rivojini aniqlab beradi.
Fazoviy ma’lumotlar standartlari fazoviy referenslangan ma’lumotni tizimga keltirish, tavsiflash va yetkazib berish uchun moʻljallangan uslublar sifatida tushunilishi mumkin. Fazoviy ma’lumotlar standartlari 4 ta kategoriyaga boʻlinadi va ular: 1) mediastandartlar, 2) format standartlar, 3) aniqlik standartlari, 4) hujjatlashtirish standartlaridir.
Standartlashtirishning asosiy maqsadlari quyidagilardan iborat:
mahsulotlar, jarayonlar, ishlar va xizmatlarning (bundan buyon matnda
„mahsulot” deb yuritiladi) aholining hayoti, sogʻligi va mol-mulki, atrof- muhit uchun xavfsizligi, resurslarni tejash masalalarida iste’molchilar va davlat manfaatlarini himoya qilish;
mahsulotlarning oʻzaro almashinuvchanligini va bir-biriga mos kelishini ta’minlash;
fan va texnika taraqqiyoti darajasiga, shuningdek, aholining hamda xalq xoʻjaligining ehtiyojlariga muvofiq holda mahsulot sifatini hamda raqobat qila olish imkonini oshirish;
barcha turdagi resurslar tejalishiga koʻmaklashish, ishlab chiqarishning texnik-iqtisodiy koʻrsatkichlarini yaxshilash;
ijtimoiy-iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy dasturlar va loyihalarni amalga oshirish;
tabiiy va texnogen falokatlar hamda boshqa favqulodda vaziyatlar yuzaga kelish xavf-xatarini hisobga olgan holda, xalq xoʻjaligi obyektlarining xavfsizligini ta’minlash;
iste’molchilarni ishlab chiqarilayotgan mahsulot nomenklaturasi hamda sifati toʻgʻrisida toʻliq va ishonchli axborot bilan ta’minlash;
mudofaa qobiliyatini va safarbarlik tayyorgarligini ta’minlash;
oʻlchovlarning yagona birlikda boʻlishini ta’minlash.
Do'stlaringiz bilan baham: |