Glyukokortikoidlar. Glyukokortikoidlar (gidrokortizon, kortikosteron, kortizon) oqsil, uglevod va yog’lar almashinuviga ta’sir etadi. Ular ichida aktivrog’i gidrokortizondir. Glyukokortikoidlar jigarda glyukoza hosil bo’lishini kuchaytirib, qondagi qandii ko’paytira olgani uchun shunday atalgan. Bu prosess aminokislotalarning tezroq dezaminlanishi va azotsiz qoldiqlarining uglevodlarga aylanishi yo’li bilan yuzaga chiqadi. Bu holda jigardagi glikogen miqdori hatto ortishi mumkin. Glyukokortikoidlarning ta’siri shu bilan adrenalin ta’siridan farq qiladi, organizmga adrenalin yuborilganda qondagi glyukoza ko’payib, jigardagi glikogen zapasi kamayadi.
Glyukokortikoidlar organizmga yuborilganda to’qima oqsillarining parchalanishi kuchayadi va sintezlanishi susayadi, natijada to’qimalardagi oqsillarning umumiy miqdori kamayadi. Biroq organ o’z to’qimalarning spetsifik funksiyasini yuzaga keltiruvchi oqsillar (masalan, muskullarni qisqartiruvchi oqsillar) miqdori o’zgarmaydi.
Qondagi oqsillariing ko’p parchalanishi natijasida aminokislotalar ko’payadi, ular jigarda utilizatsiya qilinib, qisman glyukoza va glikogenga aylanadi. Glyukokortikoidlar yog’ almashinuv intensivligini ham oshiradi. Ular yog’ depolaridan yog’larning safarbar qilinishini kuchaytiradi va shu bilan energiya almashinuvining kuchayishiga yordam beradi. Glyukokortikoidlar plastik almashinuv prosesslariga ham ta’sir etib, tiklanish — reparatsiya prosesslariga yordam beradi.
Glyukokortikoidlar hayot uchun zarur gormonlar emas, ularning yo’qligi organizmni darhol o’limga olib bormaydi. Biroq glyukortikoidlar kam chiqqanda organizmning turli zararli ta’sirotlarga chidami kamayadi, shuning uchun yuqumli kasalliklar va boshqa yomon ta’sirotlar og’ir o’tadi va ko’pincha o’limga olib keladi.
Glyukokortikoidlar antitelolar hosil bo’lishini kamaytiradi, yallig’lanish, revmatizm va boshqa ba’zi kasalliklar munosabati bilan organizmda ro’y beruvchi reaksiyalarni susaytiradi. Klinikada revmatizm, allergik prosesslar va boshqa kasalliklarni davolashda glyukokortikoidlarni tatbiq etish shunga asoslangan. Glyukokortikoidlar yallig’lanish prosesslarining rivojlanishini to’xtatgani uchun ularni yallig’lanishga qarshi gormonlar ham deb atashadi. Mineralokortikoidlar esa organizmda natriy va suv ushlanib qolishiga yordam berib, yallig’lanish prosessida to’qimalarning shishib ketishini, shuningdek yallig’lanish reaksiyalarining boshqa belgilarini kuchaytiradi. Shu sababli mineralokortikoidlarni yallig’lanishga tarafdor gormonlar deb atashadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |