Qondagi mineralokortikoidlar miqdorining boshqarilishi. Buyrak usti bezlaridan chiqadigan mineralokortikoidlar miqdori organizmdagi natriy va kaliy miqdoriga bevosita bog’liq. Masalan, organizmga natriy yuborilganda qondagi N3 miqdorining ortishi aldosteron sekretsiyasini susaytiradi, natijada siydik bilan natriy chiqishi kuchayadi. Organizmda natriy yetishmasligi esa, aksincha, aldostsron sekretsiyasini kuchaytiradi va shu sababli buyrak kanalchalarida N3 reabsorbsiyasini oshiradi. Adosteron ter bezlari orqali natriy chiqishini ham kamaytiradi: organizm qizib ketganda qattiq terlash sababli natriy chiqib ketishini shu yo’l bilan to’xtata oladi.
Chiqayotgan aldosteron miqdori qondagi va to’qima suyuqlig’idagi natriy va kaliyning absolyut miqdorigagina emas, balki natriy va kaliy ionlarining nisbatiga ham bog’liq. Qondagi natriy ionlari yetishmagandagina emas, balki qondagi kaliy ionlari ortganda ham aldostsron sekretsiyasining kuchayishi, qondagi kaliy ionlari yetishmaganda esa aldosteron sekretsiyasining susayishi bunga dalil bo’la oladi. Shunday qilib, natriy ionlari bilan kaliy ionlari mineralokortikoidlarning ajralib chiqish prosessiga qarama-qarshi ta’sir etadi. Ammo, buyrak usti bezlari po’stlog’ining hujayralariga qondagi natriy ionlari konsentratsiyasining o’zgarishidan ko’ra kaliy ionlari miqdorining o’zgarishi kuchsiz ta’sir etadi.
Mineralokortikoidlar sekretsiyasini o’zgartiruvchi faktorlarga to’qima suyuqligi bilan qon plazmasining miqdori ham kiradi. Ularning ko’payishi aldosteron sekretsiyasini susaytiradi, organizmdan natriy chiqib ketishiga va u bilan bog’langan suvning ajralishiga sabab bo’ladi.
Aldosteron chiqish aktivligi natriy va kaliy ionlarining buyrak usti bezi hujayralariga bevosita ta’sir etishi yo’li bilangina emas, balki gipotalamus orqali boshqariladi. Gipotalamusning yemirilishi mineralokortikoidlar ichki sekretsiyasining natriy, kaliy ionlari miqdoriga va organizmdagi suv miqdoriga qaramligini yo’qotadi va bu sekretsiyani keskin darajada susaytiradi. Buyrak usti bezini innervatsiyalovchi nervlar qirqib qo’yilsa, shuningdek buyrak usti bezi ko’chirib o’tkazilsa gipotalamus mineralokortikoidlar sekretsiyasini boshqaraveradi. Gipofiz olib tashlangandan keyin gipotalamus ta’siri saqlanadi. Gipotalamus aldosteron sekretsiyasini vegetativ nerv sistemasining tolalari orqali, shuningdek gumoral yo’l bilan boshqaradi. Gipotalamusning ba’zi nerv hujayralari qonga fiziologik aktiv modda chiqaradi, bu modda buyrak usti bezining po’stlog’iga ta’sir etib, aldosteron sekretsiyasini kuchaytiradi, deb faraz qilishadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |