1914- yilda boshlangan Birinchi jahon urushi xalqning shundoq ham og`ir hayotini butunlay izdan chiqardi. Garchi bu urush bizning yurtimizdan uzoqda- Yevropa hududida kechgan bo`lsa-da, Rossiya mustamlakachilari urush ortidagi turli qora ishlarni bajarish uchun bizning o`lkamizdan ham erkaklarni majburan mardikorlikka olardi. Boquvchisiz qolgan xonadonlar, ayollar va bolalar tirikchilik o`tkazishga nihoyatda qiynalishardi.
O`lkamizda yetishtiriladigan aksariyat noz-ne`matlarni esa chor hukumati turli bahonalar, aldovlar bilan tashib ketardi. Shaharlarda ishsizlik, qimmatchilik va qahatchilik avj olgandi. Ko`chalarda to`p-to`p tilanchilar va gadoylar daydib yurardi. Ular safiga urush bo`layotgan o`lkalardan non qidirib qochib kelgan yuz minglab och aholi qo`shilgandi. Bag`ri keng o`zbek xalqi muhtojlarga boshpana, o`z bolalari rizqidan qiyib bo`lsa-da, osh- non berardi. Rejissor Shuhrat Abbosovning “Toshkent- non shahri” filmini tomosha qilsangiz, bu voqealar dahshatini yanada yaqindan his qilasiz.
Do'stlaringiz bilan baham: |