FARZANDI SOLIH
Mulla Shoshqol domlaning beshta bo‘yi yetgan, qaddi barkamol, saydovutday-saydovutday qizlari bo‘lsa ham, bittagina o‘g‘ilning gadoyi edi. Er-xotin har kech Xudo bir farzandi solih ato qilishini so‘rar edilar.
«O‘g‘il tug‘ilsa, Zangiotaga qo‘chqor so‘yamiz»,– dedilar, bo‘lmadi. «O‘g‘limiz bo‘lsa, oti «Xudoybergan» bo‘lsin», – dedilar, bo‘lmadi.
«Bir o‘g‘il farzandi solih ko‘rsat, boshi Bahovaddin balogardonga nazr», – dedilar, bo‘lmadi. Axiyri er-xotin Abdumalik eshonga qo‘l berdilar. Xotin yetti kecha-kunduz eshonning ostonasini supurdi, innaykeyin, eshonning «nafasi» bilan bo‘yida bo‘lib, to‘qqiz oy, to‘qqiz kun, to‘qqiz soat deganda, chehrasidan «nuri imon» balqib turgan bir o‘g‘il – farzand tug‘di. Er-xotin eshonga hurmatan bolaning ismini «Ostonaqul» qo‘ydilar.
Zamonlar o‘tdi. Mulla Ostonaqul ulg‘aydi. Bola Shoshqol domladan ko‘ra Abdumalik eshonga o‘xshash, lanj va tor peshona, yassi bashara, chaman fe’l edi.
Ostonaqul beshta opalari o‘rtasida arzanda edi. Shoshqol domla o‘g‘lini boshqa ustozga bersa, urib-so‘kishidan cho‘chib, o‘zi tarbiya qila boshladi. Mulla Ostonaquldagi zehn «burroligi» yetti yilda ham «Haftiyak»ning «sassi»sidan nari o‘tishga yo‘l qo‘ymadi.
Yana yillar o‘tdi. Ostonaqul yigit bo‘ldi. Har otaning vazifasi bo‘lgani kabi Shoshqol domla o‘z o‘g‘lini bir kasbga solib qo‘yishi kerak edi. Domla o‘zi mullavachcha bo‘lib, domla-imom bo‘lib, boyonlarday farog‘atda umrguzaronlik qila olmagani uchun o‘g‘lini savdogar qilishga niyat qilib qo‘ygan edi. Opalari, enalari ham mulla Ostonaqulni erkalaganda: «O‘lmasa, magazinchi bo‘ladi, ko‘pas qal’achi bo‘ladi», deb taltaytirar edilar. Kunlarning saodatli bir fursatida mulla Shoshqol domla o‘g‘li Ostonaqulni yoniga chaqirdi.
– O‘g‘lim, – dedi u, – siz ertadan boshlab kasb-korga tushasiz, men siz uchun mana shu molni xarid qildim. Olib borib, bozorga soting, tannarxi ikki so‘mdan, siz ikki yarim so‘m, o‘n bir-o‘n ikki tangadan sotsangiz ham mayli, ozdan ko‘payadi. Xudo kushoyishingizni bersin, omin olloh-u akbar. O‘g‘lining qo‘liga to‘rt dona chachvon (chimmat) tutqazdi.
Ostonaqul ertasiga kallayi saharlab yana qaytadan otaona, opalaridan fotiha olib, bozorga jo‘nadi.
U eng avval yarmarkaga chiqdi, undan kapponga kirdi, undan ot bozoriga, qo‘y bozoriga, xullasi, kirmagan bozori qolmadi. Vaqt peshindan oqqan bo‘lsa ham, birorta azamat: «Uka, nima ko‘tarib yuribsan, sotasanmi, qanchadan?» – deb so‘ramadi. Mulla Ostonaqulning haddan ziyod qorni ochdi.
Namozgar haddida bozor kasodligidan arazlab, uyiga qarab jo‘nadi.
Tole, agar yor bo‘lsa, shisha sandon sindurur, Agar baxt yor bo‘lmasa, atala dandon sindurur.
Qoq yog‘och bozorning oldiga kelganda, ro‘paradan bitta oq namat ko‘targan kishi chiqib qoldi. O‘zi cho‘qqisoqol, qirra burun, ko‘zlari ichiga botgan kishi edi.
— Yaxshi yigit, – dedi, – qo‘ltig‘ingizdagi nima?
— Chimmat.
— Sotasizmi, jonidan?
— Hovva.
— Qanchadan?
— Uch so‘mdan.
— Qani ko‘raylik-chi. – Xaridor har to‘rt chimmatni birin-birin ko‘rib chiqdi. Mulla Ostonaqulga qaradi: – Endi, uka, – dedi, – men ham olibsotarman, mana shu qo‘ltig‘imda ko‘rganingiz namatni sotmoqchi bo‘lib yuribman. Bir necha xaridor chiqsa ham narxi kelishmadi, sotmadim. Essizki, naqd pul bo‘lganda hammasini aytganingizga berib olar edim.
Ostonaqul umidsizlandi.
Namatingizni necha pulga sotmadingiz?
O‘n to‘rt so‘mga, – dedi-da, xayrlashib keta boshladi.
«Bitta yaxshi namat ellik so‘mga dovur bor, buniki juda arzon, chimmatga bir amallab ayirbosh qilaman, zoyelik tortmayman», degan fikr Ostonaqulning miyasidan yashin tezligida o‘tdi.
Hoy, aka, – dedi u, – bu yoqqa qarang.
Nima deysiz?
Bo‘lmasa chachvon bilan ayirbosh qilamiz.
Ketuvtchi kishi orqasiga qaytdi.
Unda sizning ikki so‘mingiz yetmaydi-ku, nima qilamiz? – dedi. Ostonaqul yalindi, yolvordi:
Bir ko‘rganda uzilishib ketarmiz, – dedi. To‘rt chachvonni birdan «eng oliy» namatga alishdi. Har ikkovi yangi buyumni qo‘ltiqlab, yo‘lga tushib jo‘nadilar.
Ostonaqulning qadamlari go‘yo o‘ziniki emas edi. U qanday bo‘lsa ham uyga yetib, bu g‘animatni ota-onalariga ko‘rsatib xursand qilmoqchi edi. Yo‘1-yo‘lakay qo‘ltig‘idagi namatga qarab, sevinar edi. Ostonaqul mahallaga kirib borganida bir to‘da kishilar ko‘cha boshida gurunglashib o‘tirgan ekanlar. Hammalari Ostonaqulga qaradilar.
Ha, maxzum, bunchalik ildam, yo‘l bo‘lg‘ay, qo‘ltig‘ingizdagi nima?
Shunday, bozordan uyga, bu namat.
Necha pulga oldingiz?
O‘n ikki so‘m.
Ne miqdor arzon, bir qo‘lga tushiribsiz-da, maxzum, qani, bir ko‘raylik-chi.
Ostonaqul faxr va aqllilik ko‘rsatib, qo‘ltig‘idagi namatni ularga berdi, ular maqtay-maqtay namatning qatini ocha boshladilar.
Ostonaqul o‘zini unutayozdi. Hammalari ham hayronlikda qoldilar. Namat allaqaysi bir musofir ko‘p qo‘nadigan choyxonadan chiqqan eski namat bo‘lib, butun badani tanchalar, ustun o‘rinlari uchun ilma-teshik bo‘lgan ekan.
Maxzumi tushmagur olarda ko‘rmay olgan ekan. Ko‘ruvchilar ichaklari uzilguncha kuldilar. Mulla Ostonaqulni mazax qildilar. Tezdan buni bo‘yincha bozoriga eltib sotmog‘ini maslahat berdilar. Ostonaqulning butun umidlari bir pul bo‘lib, bo‘yincha bozoriga qarab jo‘nadi.
Bo‘yincha bozorida namatga qayrilib qaraguvchi topilmadi. Eng oxiri, Ostonaqul bir bo‘yinchachiga yalinib-yolvorib, namatni bitta ich bo‘vinchaga alishdi va uyga qarab jo‘nadi.
Yo‘lda Ostonaqulning juda xo‘rligi kelib ketdi. Ko‘zidan milt-milt yoshini oqizib, eshikka keldi. Ichkariga kirishga qo‘rqib, darvoza yonidagi supachada bo‘yinchani bo‘yniga ilib, yig‘lab o‘tirdi. O‘g‘li – mulla Ostonaqulning bunchalik kech qolganidan xavotir olgan Shoshqol domla ko‘chadan xabar olish uchun chiqdi. Qarasa, yo‘lakda bo‘ynida bo‘yincha o‘g‘ilcha yig‘lab o‘tiradi.
Ostonaqul butun bo‘lgan voqeani so‘zladi. Shoshqol domlaning ko‘zi qinidan chiqib ketayozdi. Tutdi – so‘kdi, tutdi – so‘kdi. Bo‘yinchani qo‘liga olib:
Keltirgan bo‘yinchang hech bo‘lmasa otniki ham emas, eshak bo‘yincha, kichikligini qara, xo‘tik, – deb g‘azab qildi.
Ertasiga «farzandi solih»ni o‘z orqasiga solib yetaklab, bir juvozkashga shogird berib keldi.
1930
Do'stlaringiz bilan baham: |