GUVOHLIKKA O‘TGAN HO‘KIZ
1979-yilning (bizdan ellik yil so‘ng) bahor kezlaridagi bir kuni bolalar uyining o‘quvchilari 1929-yildayoq Chirchiq labiga solingan azot zavodiga ekskursiyaga chiqdilar.
Bu kecha o‘sha yerdagi ishchilarning umumiy yotoqxonalarida qo‘nmoqchilar.
Bolalardan bir turkumi kelib, o‘z murabbiyalaridan tarixiy bir hikoya eshitishni iltimos qildilar. Murabbiya ko‘ndi. Kechki mashg‘ulotdan so‘ng bolalar yotoqxonalariga kirdilar. Hammalari gavjum bo‘lishib, murabbiyadan hikoya kutdilar. Murabbiya ham va’daga muvofiq hikoya boshlamoqchi bo‘ldi.
Ukalarim, – dedi murabbiya, – hammalaringiz ham charchadingiz. Mening sizga aytadigan hikoyam ham hordiqni chiqaradigan hangomacha tarzida bo‘ladi.
O‘quvchilar ma’qul topdilar.
Bundan oltmish yillar ilgari sotsializm qurish uchun juda qizg‘in kurashlar borar edi. Har tarafda sinfiy kurash alangalanar edi. Kapitalistlar, boylar, ruhoniylar va ularning bolalari bizning haddan ziyoda sur’at bilan o‘sib bormoqda bo‘lgan og‘ir quri lishlarimizni ko‘ra olmas edilar. Har qanday tasodifdan foydalanib bizga zarba bermoqchi bo‘lar edilar. Ko‘pincha ular, bizning ijtimoiy tashkilotlarimizga ham kirib olishga muvaffaq bo‘lib, kambag‘al dehqon, ishchilarning manfaatiga zid bo‘lgan harakatlarda bo‘lar edilar.
O‘quvchilar murabbiyalarining so‘zini tinglab, sukutdalar.
Bundan rosa ellik yil burun «X» qishloqli kambag‘al bir dehqon qishloqning bozoridan o‘tib borar edi. Uning yo‘li «X» qishloq chorvadorlar shirkatining kooperativi yonidan o‘tdi. Kooperativ mudiri Ashirqul degan dehqonni chaqirib, to‘satdan:
Qani Ashirqul aka, uch so‘m oltmish tiyin chiqaring, – dedi. Ashirqul hayron bo‘lib sababini so‘ramoqchi bo‘lgan edi, kooperativ mudiri og‘zini qoqib:
Qo‘yavering, biz sizdan bekorga pul olmaymiz. Sizga juda ham qimmatbaho bir buyum beramiz, – dedi. Mudirning so‘ziga do‘kon yordamchilari ham qo‘shilib:
Obbo sodda odam-ey, siz beravering, kuysangiz, biz kafil, – dedilar.
Ashirqul ikkilanib uch so‘m oltmish tiyin chiqazib berdi. Kooperativ mudiri pulni olgandan keyin ma’noli qilib:
Endi, Ashirqul aka, sizning pulingizga bir turli, siz ko‘r magan yem beramiz. Bu yem markazdan kambag‘al dehqonlarning ish hayvonlariga atalib kelgan. Biz shu yemni tajriba qilmoqchimiz. Olib borib ho‘kizingizga berasiz, mazza qiladi, – dedi.
Xayr, baraka topinglar, ukalarim, – dedi Ashirqul aka minnatdorlik bilan. Qopni ochdi. Qayroqtoshga o‘xshash, oq bilan zangor aralash olachalpoq rangli, palaxsa-palaxsa narsani tortib qopga soldilar. Ashirqul aka bu muammo buyumni orqalab ho‘kizini xursand qilish uchun ovulga bordi.
Nima ekanini surishtirmay, ho‘kizga soldi. Faqat teringga somon tiqilgur ho‘kiz tumshug‘i bilan bir-ikki turtib yemakdan bosh tortdi.
Murabbiya hikoyasini shu yerda to‘xtatib, bolalarga qaradi.
Ukalarim, – dedi murabbiya, – hikoyaning davomida bir talay sizga yot bo‘lgan so‘zlar eshitildi, masalan: «Teringga somon tiqilgur», «harom o‘lgur»ga o‘xshash, bu so‘z zamonasining jumlalari bo‘lganidan meni kechirasizlar.
Bolalar ma’qul ko‘rdilar. Murabbiya so‘zida davom qildi:
Ashirqul aka ho‘kizning tepasida turib, yemning yaxshiligi, to‘q tutadigan ekanini maqtasa ham, ho‘kiz unamas edi. Na iloj qilsin.
«Yopiray, bu o‘zi qanday mo‘jiza yem bo‘lsa ekan, uch so‘m oltmish tiyinga o‘tday kuymasam yaxshi edi», deb bir yumalog‘ini olib tekshira boshladi. Ashirqul aka ne ko‘zi bilan ko‘rsin, bu mo‘jiza yem yomg‘irda qolib, ivigan, xamir bo‘lgan, mog‘orlab, qotib, qayroq toshday bo‘lib qolgan un ekan. Ashirqul aka garangsidi.
«Kooperativ ulug‘lari men bilan hazilkash emas edilar-ku?» deb ko‘targanicha yana kooperativga bordi.
Ota-onang to‘yingni ko‘rgurlar, bu qanday yem edi, sizlarning so‘zingizga kirib, ho‘kizimga uyatli bo‘ldim, pulni qay taring, shovvozlar, – dedi Ashirqul aka. Kooperativ mudiri sirning oshkora bo‘luvidan qo‘rqib, Ashirqul akani koopera tivning ichkarisiga olib kirdi. Bu voqeani hech kimga ayt mas likni iltimos qildi. Ocheredsiz choy, sovun, mayda- chuydalar berdi.
Do‘kon mudiri Ashirqul akani do‘kon eshigidan kuzatib qo‘yishda yelkasiga qoqib:
Endi, Ashirqul aka, agar ho‘kiz begona odamning ho‘kizi bo‘lganda, qorniga pichoq urar edim, qanday qilayki, sizniki-da, – dedi.
Ashirqul aka ham soqolini serkillatib:
To‘g‘ri aytasiz, hayvoni bezabon-da, harom o‘lgur, oldiga solingan buyum toshmi, kesakmi, zahri margmi, surishtirmay yeya berganda bunchalik gap-so‘z bo‘lmas edi, – deb uyiga jo‘nadi.
Ashirqul akaning kooperativda bo‘lgan bu voqeadan vijdo-
ni siqildi. Bu xiyonatni yashirib ketishga g‘azablandi. Tikka borib jinoyat qidiruv sho‘basiga xabar berdi. O‘sha kuniyoq kooperativdagi butun xizmatchilar qamoqqa olindilar.
O‘n besh kundan so‘ng bularga qishloqda namunali ochiq sud bo‘ldi. Sudning aybnomasida shunday yozilgan edi:
«X» qishloq chorvadorlar kooperativiga markazdan ikki vagon – ikki ming puddan ziyodroq unni dehqonlarga tarqatish uchun yuborilgan. Pudi ikki so‘m o‘ttiz tiyindan – besh ming so‘mdan oshiq bo‘lar edi. Bu unning kelganiga bir oydan ortiq vaqt o‘tgan bo‘lsa ham, kooperativ mudiri va xizmatchilari bo‘shatib olmaganlar. Un ochiq havoda yomg‘ir, qorlar ostida qolib ketgan.
Eng oxiri, kooperativdagilar o‘z jinoyatlarini yashirish uchun bir so‘m ellik tiyindan o‘n yetti nafar ishchi yollab, qayroq toshday qotib qolgan bu unni ushattira boshlaganlar va dehqonlarga yem o‘rnida tarqatmoqchi bo‘lganlar.
Dehqonlar, kooperativda shuncha un nobud bo‘lib yotgan holda, xususiylardan bir pud unni besh so‘mdan sotib olganlar.
Kooperativ xizmatchilarining bu qilmishlari mutlaqo sinfiy dushmanlik va ko‘ra-bila turib, jinoyatkorlikdir».
Sud majlisiga Ashirqul aka va uning ho‘kizi guvoh qatorida chaqirilgan edi. Ashirqul aka kooperativdan olgan o‘sha unning namunasini keltirdi. Tajriba uchun ho‘kizning oldiga soldilar. Ho‘kiz o‘z guvohligida sobit qoldi. Unni yemadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |