Mavzuni takrorlash va mustahkamlash uchun savollar hamda topshiriqlar:
Konfliktlarni bartaraf etishda tolerantlik.
Tolerantlikni zamonaviy tushunish va anglash jarayonlari.
Konfliktlarni bartaraf etishda mediatsiya.
20-MAVZU: MEDIATSIYA QOIDALARI
Tayanch iboralar:
Mediatsiya – vositachilikning asosiy qoidalari
2018 yil 3 iyulida imzolangan “Mediatsiya to‘g‘risida”gi qonun 2019 yilning 1 yanvaridan e’tiboran amal qila boshladi. Shu munosabat bilan jamiyatimiz ijtimoiy ongiga “mediatsiya” voqeligining, yangi institutining tub mohiyatini singdirish, uning ahamiyatini, qadr – qimmatini hamda afzalliklarini keng jamoatchilikka tushuntirish, izohlab berish o‘ta dolzarb masalaga aylandi.
Ushbu dolzarblikning boisi, bir tomondan, dunyo miqyosida ko‘plab xorijiy davlatlar amaliyotida mediatsiyaning yuqori samara bilan qo‘llanilayotganligi, ikkinchi tomondan, xalqimizning tarixan shakllangan, biroq hozirda anchayin unitilayozgan “murosai madora” degan qadriyati hamda an’analarini qayta jonlantirish ehtiyoji kun tartibiga chiqqanligidadir. Shunga ko‘ra, mediatsiya institutining nazariy – huquqiy asoslarini, yuridik hamda ijtimoiy – ma’naviy tabiatini, mazmunini, prinsiplarini, strukturasini, o‘ziga xos xususiyatlari hamda belgilarini, tasnifi (modellari)ni kompleks mushohada etish ham nazariy, ham amaliy ahamiyat kasb etadi.
Avvalo, shuni ta’kidlash joizki, mediatsiya instituti uzoq tarixiy ildizlarga ega. Nizolarni uchinchi shaxslar vositachiligida hal etish usuli qadim davrlardan, xatto ibtidoiy tuzum davridan boshlab qo‘llanilib keladi. Tarixiy manbalarda e’tirof etilishicha, mediatsiya usulidan qadimgi Bobil, Shumer hamda Finikiya davlatlarida tijorat sohasida, savdogarlar o‘rtasidagi nizoli vaziyatlarni yechishda foydalanilgan. Shuningdek qadim Yunonistonda, Afina respublikasida ham turli kelishmovchiliklarni hal qilishda vositachilar (mediatorlar) xizmatidan foydalanilgan.
Qadimgi Rimda miloddan avvalgi VI asrda yaratilgan Yustinian kodeksida nizoli holatlarni bartaraf etish uchun vositachilik instituti tan olingan. Rimliklar bahs – munozaralarni hal qiluvchi shaxslarni «medium» (“vositachi”) deb ataganlar. Ular alohida nufuzli toifa hisoblanganlar.
Murosai madora bizning qadimiy ajdodlarimiz tabiatiga xos fazilatlardan sanalib, “Avesto” da o‘z ifodasini topgan va o‘sha davrlardan boshlab rivojlanib kelgan. Ko‘xna davrdan to hozirgacha urug‘ hamda qabila oqsoqollari, keyinchalik mahalla raislari (oqsoqollari), yoshi ulug‘, hayotiy tajribasi katta bo‘lgan hurmatli insonlar, avvalo, oilaviy nizolarni bartaraf etishda, qolaversa, maishiy, mulkiy, tijoriy, savdo, qarz oldi-berdisi kabi masalalarga oid nizolarni bejanjal yechishlarda, tomonlarni murosaga keltirishda salmoqli hamda umum uchun foydali faoliyatni amalga oshirib kelganlar. Demak, tarixiy manbalarga tayanib, xulosa chiqarish mumkinki, insonlar o‘rtasida yuzaga kelgan kelishmovchilik, mojaro, ziddiyat va nizolarni tinch, muzokara, murosa yo‘li bilan xolis vositachilar orqali hal etish, taraflarni murosaga keltirish va yarashtirishdek qadimiy odatlar yurtimizda azaldan shakllangan1. Bag‘rikenglik, kechirimlilik, yarashuv kabi fazilatlar xalqimiz tabiatiga xos bo‘lib, insoniy qadriyatlar silsilasida asrab-avaylab kelingan.
Do'stlaringiz bilan baham: |