Fuqaroni bedarak yo‘qolgan deb topish yoki vafot etgan deb e’lon qilish
Fuqaroning huquq layoqati uning o‘limi natijasida batamom tugaydi. Ammo huquqiy munosabatdan kelib chiqadigan noaniqliklarni bartaraf etish uchun shu huquqiy munosabatlarning ishtirokchilaridan biri bo‘lgan fuqaro ayrim sabablarga ko‘ra doimiy yashash joyidan uzoq muddatga ketib qolganda, uning haqiqiy yashash joyini aniqlash imkoniyati bo‘lmasa, bunday hollarda bedarak yo‘qolgan deb topilishi mumkin.
Fuqarolik huquqida, umuman huquqning boshqa sohalarida ham bedarak yo‘qolgan deb topish instituti katta amaliy ahamiyatga ega. Bu institut bedarak yo‘qolgan fuqaroning qarindoshlari va boshqa manfaatdor shaxslarning shaxsiy va mulkiy huquqlari ta’minlanishini kafolatlaydi.
Turmushda shunday voqealar ham bo‘ladiki, ba’zan bir fuqaro o‘zining doimiy yashash joyiga uzoq muddat kelmay qo‘yadi. U o‘zining qaerda turganligi to‘g‘risida bironta ma’lumot ham yubormaydi. Uning qaerda yashayotganini yoki qaerga ketganini aniqlashga qaratilgan barcha harakatlar behuda ketadi. Uning tirik yoki o‘likligini aniqlash mumkin bo‘lmaydi. Bunday hollarda ham huquqiy munosabat qatnashchisi bo‘lgan fuqaroning ancha vaqt yo‘qolib ketishi uning huquqiy munosabatdagi taqdiriga ta’sir qilmasligi kerak. Odatda, bunday fuqaroning doimiy yashab turadigan joyida qandaydir mulklari qoladi. Bu shaxs biror-bir majburiyatda qarzdor yoki kreditor bo‘lishi mumkin. U shuningdek, huquq va majburiyatning egasi bo‘lgani uchun boshqa kishilarning shaxsi bilan bevosita bog‘liq bo‘lishi, Jumladan, nikohda bo‘lishi, ota-onalik huquq va majburiyatiga ega bo‘lishi ham mumkin. Fuqaroning uzoq vaqt doimiy turar joyiga qaytib kela olmasdan bedarak yo‘qolib ketishi ko‘p vaqtga cho‘zilib ketmasligi kerak. CHunki davlat fuqarolik huquqi munosabatning bunday beqarorligiga befarq qaray olmaydi. Bedarak yo‘qolgan fuqaroning yaqin kishilarining, kreditorlarining, davlatning va nihoyat o‘zining shaxsiy manfaatlari, bunday noaniqlik va beqarorliklarning tugatilishini talab etadi.
Basharti bedarak yo‘qolgan fuqaro o‘lgan bo‘lsa, uning biror-bir huquqiy munosabatda bo‘lishi to‘g‘risida gap ham bo‘lishi mumkin emas. Binobarin, unga tegishli bo‘lgan huquq va burchlar boshqalarga o‘tishi kerak. Manfaatdor shaxslar esa, uning vorislariga nisbatan o‘zlarining tegishli e’tiroz va da’volarini bildirish imkoniyatiga ega bo‘lishlari mumkin.
Fuqarolik kodeksining 33-moddasining birinchi qismida bedarak yo‘qolgan deb topish to‘g‘risida umumiy qoida beriladi. Unga asosan, agar fuqaroning qaerdaligi haqida uning yashash joyida bir yil davomida ma’lumotlar bo‘lmasa manfaatdor shaxslarning arizasiga muvofiq sud bu fuqaroni bedarak yo‘qolgan deb topishi mumkin. Fuqaroni bedarak yo‘qolgan deb topish uning fuqarolik huquqlarini bekor qilmaydi. Aksincha, bedarak yo‘qolgan deb topilgan fuqaroning huquqlarini himoya qilish uchun zarur choralar amalga oshirilishi talab qilinadi.
Bedarak yo‘qolgan deb topilgan fuqaroning mol-mulkini doimiy suratda boshqarib turish zarur bo‘lsa, bu mol-mulk sudning qaroriga muvofiq vasiylik va homiylik organi tomonidan belgilanadigan va ushbu organ bilan tuziladigan ishonchli boshqaruv to‘g‘risidagi shartnoma (FKning 49-bobi) asosida ish olib boradigan shaxsga topshiriladi. Bu mol-mulkdan bedarak yo‘qolgan shaxs qonunga muvofiq boqishi kerak bo‘lgan fuqarolarga ta’minot beriladi, uning soliqlar va boshqa majburiyatlar bo‘yicha qarzlari to‘lanadi (FKning 34-moddasi).
Do'stlaringiz bilan baham: |