858-modda. Mol-mulkni ishonchli boshqarishni boshqa shaxsga berish Ishonchli boshqaruvchi mol-mulkni shaxsan o‘zi boshqaradi, ushbu moddaning ikkinchi va uchinchi qismlarida nazarda tutilgan hollar bundan mustasno.
Ishonchli boshqaruvchi boshqa shaxsga ishonchli boshqaruvchi nomidan mol-mulkni boshqarish uchun zarur bo‘lgan harakatlarni amalga oshirishni topshirishi mumkin, basharti unga mol-mulkni ishonchli boshqarish shartnomasida ana shunday vakolat berilgan bo‘lsa yoki u bunga muassisning yozma roziligini olgan bo‘lsa, yoxud boshqaruv muassisining yoki foyda oluvchining manfaatlarini ta’minlash uchun vaziyat taqozosi bilan bunga majbur bo‘lsa va bunda boshqaruv muassisining ko‘rsatmalarini oqilona muddatda olish imkoniga ega bo‘lmasa.
Ishonchli boshqaruvchi o‘zi tanlagan ishonchli vakilning harakatlari uchun o‘zining harakatlari kabi javobgar bo‘ladi.
859-modda. Ishonchli boshqaruvchining javobgarligi Mol-mulkni ishonchli boshqarish paytida foyda oluvchining yoki boshqaruv muassisining manfaatlari to‘g‘risida yetarli g‘amxo‘rlik qilmagan ishonchli boshqaruvchi foyda oluvchiga mol-mulkni ishonchli boshqarish vaqtida boy berilgan foydani, boshqaruv muassisiga esa mol-mulkni yo‘qotish yoki unga shikast yetkazish bilan keltirilgan zararni, shuningdek boy berilgan foydani to‘laydi.
Agar ishonchli boshqaruvchi ushbu zararlar yengib bo‘lmaydigan kuch tufayli yoki foyda oluvchining yoxud boshqaruv muassisining harakatlari tufayli kelib chiqqanligini isbot qilib bera olmasa, yetkazilgan zarar uchun javobgar bo‘ladi.
Ishonchli boshqaruvchi o‘ziga berilgan vakolatlardan chetga chiqqan yoki o‘zi uchun belgilab qo‘yilgan cheklashlarni buzgan holda tuzgan bitim bo‘yicha majburiyatlarni ishonchli boshqaruvchi shaxsan o‘zi bajaradi. Agar bitimda qatnashuvchi uchinchi shaxslar vakolatlardan chetga chiqilganligini yoki belgilab qo‘yilgan cheklashlarni bilmagan bo‘lsalar yoki bilishlari kerak bo‘lmagan bo‘lsa, vujudga kelgan majburiyatlar ushbu moddaning to‘rtinchi qismida belgilab qo‘yilgan tartibda bajarilishi kerak. Bu holda boshqaruv muassisi ishonchli boshqaruvchidan u keltirgan zararning o‘rnini qoplashni talab qilishi mumkin.
Mol-mulkni ishonchli boshqarish munosabati bilan vujudga kelgan majburiyatlar bo‘yicha qarzlar ushbu mol-mulk hisobidan to‘lanadi. Ushbu mol-mulk yetarli bo‘lmagan taqdirda undiruv ishonchli boshqaruvchining mol-mulkiga, uning mol-mulki ham yetarli bo‘lmaganida esa — boshqaruv muassisining ishonchli boshqarishga topshirilmagan mol-mulkiga qaratilishi mumkin.
Mol-mulkni ishonchli boshqarish shartnomasi uni tegishli suratda bajarmaslik tufayli boshqaruv muassisiga yoki foyda oluvchiga yetkazilishi mumkin bo‘lgan zararning o‘rnini qoplashni ta’minlash uchun ishonchli boshqaruvchining garov berishini nazarda tutishi mumkin.