Fuqarolarning jamg‘arib boriladigan pensiya ta’minoti tizimi
|
O‘zbekiston Respublikasida jamg‘arib boriladigan pensiya ta’minoti masalalari «Fuqarolarning jamg‘arib boriladigan pensiya ta’minoti to‘g‘risida»gi Qonuniga asosan tartibga solinadi.
2005 yildan joriy etilgan mazkur tizim amaldagi fuqarolarning davlat pensiya ta’minoti tizimiga qo‘shimcha ravishda, ish beruvchilarning pensiya yoshiga yetgan xodimlarning moddiy ahvolini yaxshilash, shu asosida pensionerlarga amaldagi pensiya to‘lovlariga qo‘shimcha ravishda daromad olish manbalarini yaratish, keksalik chog‘ida fuqaroning o‘z farovonligi uchun shaxsiy javobgarligini oshirish maqsadida joriy qilindi.
|
Jamg‘arib boriladigan pensiya tizimi ishtirokchilari
|
Yuridik shaxslar – ish beruvchilar, ularda mehnat shartnomasi asosida yollanib ishlovchi fuqarolar pensiya tizimi ishtirokchilari hisoblanadi. Yakka tartibdagi tadbirkorlar, yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lmagan dehqon xo‘jaliklarining a’zolari va vaqtinchalik ish faoliyati bilan shug‘ullanmaydigan fuqarolar jamg‘arib boriladigan pensiya tizimida ixtiyoriylik asosida ishtirok etadilar.
|
Majburiy pensiya badallari
|
Fuqarolarning shaxsiy jamg‘arib boriladigan pensiya hisobvarag‘iga har oyda ularga hisoblangan ish haqidan soliqqa tortilmaydigam minimum (eng kam ish haqining bir baravari) chegirib tashlangan holda uning bir foizi miqdorida badal belgilangan.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2005 yil 28 iyundagi «Jamg‘arib boriladigan pensiya tizimini takomillashtirish va texnik ta’minlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qaroriga asosan:
-
. fuqarolarning shaxsiy jamg‘arib boriladigan pensiya hisobvaraqlariga o‘tkaziladigan majburiy pensiya badallari byudjetga to‘lanadigan soliqlar va yig‘imlarga tenglashtirilgan;
-
. 2005 yilning 1 iyulidan e’tiboran barcha yuridik shaxslar fuqarolarning shaxsiy jamg‘arib boriladigan pensiya hisobvaraqlariga majburiy badallarni jismoniy shaxslarning daromad solig‘i bilan birgalikda mazkur soliq uchun belgilangan shakl va muddatlarda amalga oshirish tartibi joriy etilgan.
|
Majburiy pensiya badallarini oylik ish haqiga ta’siri
|
Jamg‘arib boriladigan majburiy pensiya badallarining to‘lanishi natijasida ishlayotgan fuqarolar uchun ish haqidan (daromadidan) hech qanaqa yo‘qotish bo‘lmaydi. Ishlovchi fuqaroning shaxsiy hisobvarag‘iga o‘tkazib berilayotgan har oylik pensiya majburiy badallari ushbu xodimning daromadiga qonunda belgilangan tartibda hisoblangan jismoniy shaxslarning daromad solig‘idan chegirib qolinadi.
Misol uchun, korxonada ishlovchi xodimga 2016 yil yanvar oyi uchun 1500.0 ming so‘m ish haqi hisoblansa, bu holda jamg‘arib boriladigan majburiy pensiya badallari miqdori 13697,6 ((1500000-130240)*1%) so‘mni tashkil etadi va ushbu miqdor xodimning daromadidan hisoblangan 195224 so‘m soliq summasidan chegirilib, fuqaroning shaxsiy jamg‘arib boriladigan xisobvarag‘iga o‘tkaziladi. Natijada ishlovchi fuqaroning naqd pulda olayotgan oylik maoshi miqdori hech kamaymaydi.
Bundan tashqari, Qonunning 14-moddasiga asosan fuqarolarning shaxsiy jamg‘arib boriladigan pensiya hisob-varaqlarida to‘plangan mablag‘lar uchun hisoblangan foizlar hamda bu mablag‘lar hisobiga berilgan pensiyalar soliq to‘lashdan ozod qilinadi.
Shu bilan birga, Soliq kodeksining 179-moddasi 31-bandiga muvofiq, jismoniy shaxslarning O‘zbekiston Respublikasi Xalq bankidagi fuqarolarning shaxsiy jamg‘arib boriladigan pensiya hisobvaraqlariga ixtiyoriy ravishda yo‘naltirilgan summalariga soliq solinmaydi.
|
Jamg‘arib boriladigan pensiya ta’minoti bo‘yicha davlat kafolatlari
|
Davlat jamg‘arib boriladigan pensiya tizimida ishtirok etuvchi fuqarolarga shaxsiy jamg‘arib boriladigan pensiya hisobvaraqlarida jamg‘arilgan mablag‘lari saqlanishi hamda to‘lanishini kafolatlaydi.
Qonunning 5-moddasiga asosan fuqarolarning shaxsiy jamg‘arib boriladigan pensiya hisobvaraqlaridagi mablag‘larining saqlanishi va to‘lanishi Davlat tomonidan kafolatlanadi.
Shuningdek, Qonunning 10-moddasida shaxsiy jamg‘arib boriladigan pensiya hisobvaraqlarida to‘plangan mablag‘larga daromad hisoblash foizi inflatsiya darajasida yuqori bo‘lishi lozimligi ko‘rsatilgan.
|
Jamg‘arib boriladigan pensiya to‘lovlarini olish
|
Shaxsiy jamg‘arib boriladigan pensiya hisoblarida to‘plangan pul mablag‘lari faqat ana shu hisob egalari bo‘lgan fuqarolarga tegishlidir. Ularning o‘zlari, ishonch bildirgan boshqa shaxslar yoki merosxo‘rlardan boshqa hech kim pul mablag‘ini olish huquqiga ega emas.
Fuqarolar shaxsiy jamg‘arma pensiya mablag‘larini olishlari davlat pensiyasi olish huquqiga ega bo‘lingan paytdan boshlab bir vaqtda yoki oyma - oy teng ulushlarda olishlari mumkin, uning shakli oluvchi tomonidan belgilanadi.
Hisobvaraq egasi vafot etgan holda unda to‘plangan badallar qonunda belgilangan tartibda merosxo‘rga o‘tadi. Bunda meros qolgan mablag‘ bir vaqtda to‘la hajmda to‘lanadi. Shuningdek, mamlakatdan tashqariga ko‘chib ketadigan fuqarolar o‘z jamg‘armalarini birdaniga olishlari mumkin.
|
Jamg‘arib boriladigan pensiya tizimida nazorat
|
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2005 yil 28 iyundagi «Jamg‘arib boriladigan pensiya tizimini takomillashtirish va texnik ta’minlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi PQ-110-sonli Qaroriga asosan yuridik shaxslar tomonidan jamg‘arib boriladigan pensiya majburiy badallarining to‘g‘ri, to‘liq hisoblanishi va o‘z vaqtida o‘tkazib berilishi ustidan nazorat O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi zimmasiga yuklatilgan.
|
Jamg‘arib boriladigan pensiya to‘lovlarini kiritish uchun javobgarlik
|
Fuqarolarning jamg‘arib boriladigan pensiya ta’minoti to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzganlikda aybdor shaxslar belgilangan tartibda javobgar bo‘ladilar.
|