6.13. Muassasalar – yuridik shaxs sifatida
Davlat muassasalari yuridik shaxs sifatida davlat budjetida turadigan va mustaqil smetaga ega bo`ladigan davlat muassasalari ishlab chiqarish bilan bog`liq bo`lmagan faoliyat, chunonchi, ma'muriy idora etish yoki ijtimoiy-ma'naviy ishlarni boshqarishni amalga oshiradi. Bular jumlasiga mustaqil smetaga, rahbarlarni kredit taqsimlash huquqiga ega muassasalar (shifoxonalar, oliy o`quv yurtlari, teatrlar, sud-prokuratura va boshqalar) kiradi. Yuridik shaxs hisoblangan davlat muassasalari o`z nizomlari doirasida o`zlari yuritayotgan vazifalarni amalga oshirib, turli fuqarolik bitimlari tuzadilar, o`zlariga biriktirilgan mulkdan operativ boshqarish huquqi asosida foydalanadilar. Davlat organlari o`z qarzlari uchun javobgar bo`ladi. Biroq mablag`i yetmasa, belgilangan tartibda davlat ham uning uchun javobgar bo`lishi mumkin.
6.14. Fuqarolarning o`zini o`zi boshqarish organlari – yuridik shaxs sifatida
Yangi tahrirdagi O`zbekiston Respublikasining “Fuqarolarning o`zini o`zi boshqarish organlari to`g`risida”gi qonunning mazmuniga ko`ra, fuqarolarning o`zini o`zi boshqarishi – bu fuqarolarning Konstitutsiya va qonunlar bilan kafolatlangan, ularning o`z manfaatlaridan, tarixiy xususiyatlaridan, milliy va ma'naviy qadriyatlardan, mahalliy urf-odatlar va an'analardan kelib chiqqan holda mahalliy ahamiyatga ega bo`lgan masalalarni hal qilishlaridir.
Mahalliy o`z o`zini boshqaruv organlari ichida mahalla alohida o`rinni egallaydi. O`zbekiston Respublikasida 1990 yil 31 oktabrda qabul qilingan Mulkchilik to`g`risidagi qonunning 10-mod-dasida “mahallalar egalik qiladigan, foydalanadigan va tasarruf etadigan mol-mulk mahalla aholisining birgalikdagi mehnat faoliyati yoki ularning mushtarak daromadlari, shuningdek mazkur mol-mulkdan xo`jalik maqsadlarida foydalanishdan kelgan tushumlar, yuridik va jismoniy shaxslarning ixtiyoriy badallari moddiy va xayriya yo`sinidagi yordamlari, xalq deputatlari mahalliy Kengashlari beradigan moddiy va moliyaviy resurslar asosida vujudga keltirilgan mol-mulkdan iborat” – deyiladi.
Mahallada istiqomat qiluvchi aholi mahalla mulkining subyektidir. O`zi saylab qo`ygan organlar mahalla mulkini to`la xo`jalik yuritish asosida egallaydi, undan foydalanadi va uni tasarruf etadi.
Yuqorida ta'kidlangan qoidalarga ko`ra mahallaga to`la yuridik shaxs huquqi berildi. Binobarin, mahalla turli fuqarolik-huquqiy munosabatlarida ishtirok etishi mumkin.
Do'stlaringiz bilan baham: |