6.10. Matlubot kooperativi – yuridik shaxs sifatida
Ishtirokchilarning moddiy (mulkiy) ehtiyojlarini qondirish maqsadida fuqarolarning a'zoligiga asoslangan ixtiyoriy birlashmasi matlubot kooperativi hisoblanadi va birlashuv uning a'zolari tomonidan o`z mulkiy (pay) badallarini qo`shish yo`li bilan amalga oshiriladi (FKning 73-moddasi).
Matlubot kooperativi ustavida quyidagi ma'lumotlar bo`lishi kerak: kooperativ a'zolari qo`shadigan pay badallarining miqdori, kooperativ a'zolari pay badallarining tarkibi va ularning qo`shish tartibi, badalni qo`shish majburiyatini buzganlik uchun javobgarlik, kooperativni boshqarish organlarining tarkibi va vakolatlari, ular tomonidan qarorlar qabul qilish tartibi, shu jumladan qarorlar bir ovozdan yoki ovozning ko`pchiligi bilan qabul qilinadigan masalalar va shuningdek kooperativ ko`rgan zararlarni kooperativ a'zolari tomonidan to`lash tartibi to`g`risidagi masalalari ko`rsatiladi52.
Matlubot kooperativining nomida uning faoliyatini asosiy maqsadi ko`rsatilishi, shuningdek “kooperativ” so`zi yoki “matlubot jamiyati” degan so`zlar bo`lishi kerak.
Matlubot kooperativining a'zolari uning majburiyatlari bo`yicha har bir kooperativ a'zosi to`laydigan qo`shimcha badalning to`lanmagan qismi doirasida subsidiar javobgar bo`ladilar. Bu holda kooperativ a'zolari solidar javob beradilar (FKning 73-moddasi, 5-bandi).
Matlubot kooperativining tijorat faoliyatiga nisbatan Fuqarolik kodeksining tijoratchi tashkilotlar to`g`risidagi qoidalari qo`llaniladi.
O`zbekiston Respublikasi Matlubot kooperatsiyasi xalqaro kooperativ alyansida va boshqa xalqaro tashkilotlarda qatnashishi mumkin53.
6.11. Jamoat birlashmalari – yuridik shaxs sifatida
O`zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va boshqa qonunlarida belgilangan huquqlari, erkinliklarini va siyosat, iqtisod, ijtimoiy rivojlanish, fan-madaniyat, ekologiya va hayotning boshqa sohalaridagi qonuniy manfaatlarini birgalikda ro`yobga chiqarish uchun birlashgan fuqarolarning xohish-irodalarini erkin bildirish natijasida vujudga keladigan ixtiyoriy tuzilma jamoat birlashmasidir. Siyosiy partiyalar, ommaviy harakatlar, kasaba uyushmalari, xotin-qizlar, yoshlar va bolalar tashkilotlari, faxriy va nogironlar uyushmalari, ilmiy-texnikaviy, madaniy-ma'rifiy va boshqa ko`ngilli jamiyatlar, ijodiy uyushmalar, yurtdoshlar birlashmalari, fondlar, assotsiatsiyalar va fuqarolarning boshqa birlashmalari jamoat birlashmasi deb ataladi.
Faoliyati jamiyatning axloqiy negizlarini, umumbashariy insonparvarlik qadriyatlarini buzishga qaratilgan, shuningdek konstitutsion tuzumni g`ayriqonuniy yo`l bilan o`zgartirish yoki O`zbekiston Respublikasi xududining birligini buzish, urushni, zo`ravonlikni va shafqatsizlikni, jamiyatni parchalashga olib boradigan ijtimoiy, shu jumladan sinfiy shuningdek irqiy, milliy va diniy adovatni avj oldirish, qonun bilan ta'qiqlangan boshqa xatti-xarakatlar qilish maqsadini ko`zlaydigan jamoat birlashmalarining tuzilishiga yo`l qo`yilmaydi. Xarbiylashtirilgan jamoat birlashmalari va qurolli tuzilmalar, shuningdek diniy xarakterga ega partiyalar, ularning filiallari va boshqa struktura bo`laklari tashkil etish ta'qiqlanadi.
Jamoat birlashmalari qonunda ko`rsatilgan miqdordan kam bo`lmagan tashabbuskor guruh tomonidan tuziladi54. Buning uchun ta'sis qurultoyi yoki umumiy yig`ilish chaqirib, unda ustav va rahbar organlari tasdiqlanadi.
Ustavda quyidagilar ko`rsatiladi:
1. Jamoat birlashmasining nomi, maqsadi va vazifasi.
2. Jamoat birlashmasining o`z faoliyatini amalga oshiradigan hudud ichki tuzulishi.
3. Jamoat birlashmasiga qabul qilish shartlari va tartibi.
4. Jamoat birlashmasi a'zolarining huquq va burchlari.
5. Jamoat birlashmasidagi uning tashkilotlari, rahbar organlarining vakolatlari va ularning tuzish tartibi.
6. Jamoat birlashmasi mablag`lari va uning vujudga kelish manbalari.
7. Jamoat birlashmasining manzilgohi.
8. Ustavga o`zgartirishlar kiritish tartibi.
9. Jamoat birlashmasi faoliyatini to`xtatish tartibi.
Xalqaro jamoat tashkilotlarining, respublika, viloyatlararo birlashmalarning ustavlari O`zbekiston Respublikasi Adliya vazirligida ro`yxatga olinadi. Viloyat, tuman, shahar hududlarining doirasida amal qiluvchi birlashmalar viloyat hokimligi Adliya boshqarmalarida ro`yxatga olinadi. Jamoat birlashmalari va ularning tashkilotlari ustavi ro`yxatga olingandan boshlab yuridik shaxs huquqini oladi. Siyosiy partiyalar xo`jalik faoliyati bilan shug`ullanishlari mumkin emas.
O`z oldiga siyosiy maqsadlarni qo`ygan jamoat birlashmalari esa xo`jalik faoliyati bilan shug`ullanishi mumkin, lekin bu haqda ularning ustavlarida ko`rsatilishi kerak.
Jamoat birlashmalari faoliyati asosan O`zbekiston Respublikasining Jamoat birlashmalari to`g`risida55 gi, Siyosiy partiyalar to`g`risida56 gi, Kasaba uyushmalari, ularning huquqlari va faoliyatining kafolatlari to`g`risida57 gi, Nodavlat notijorat tashkilotlari to`g`risida58gi qonunlari va boshqa qonun hujjatlari bilan tartibga solinadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |