III Xulosa
Soʻnggi paytlarda frazeologik birliklarning semantikasi masalalari tilshunos olimlarning tobora koʻproq e’tiborini jalb etmoqda. Frazemalar mazmun-mohiyati umumiy nazariyasi muammolari bilan bir qatorda, frazeologik birliklarning semantik kategoriyalariga oid izlanishlar olib borilmoqda. Tilshunoslik bo'limi sifatidagi frazeologiyaning asosiy diqqat e'tibori frazeologizm, frazemalar tabiatini va ularning kategorial belgilarini o'rganishga shuningdek, nutqda qo'llanish qonuniyatlarini aniqlashga qaratiladi. Sohaning eng muhim muammosi frazeologizmlarni nutqda hosil qilingan so'z birikmalaridan farqlab, ajratib olish va shu asosda frazeologizmlar belgilarini aniqlashdir. O'zbek tilshunosligida bu sohadagi tadqiqotlar o'tgan asrning 50-yillarida boshlangan, shu paytdan buyon frazeolohizm,frazemalarning ko'p jihatlari Shavkat Rahmatullayev, Bobur Yo'ldoshev, Mamatov tomonidan o'rganilgan hamda bu sohadagi lug'atlar Sh.Rahmatullayev, M.Sodiqova, Sh.Imyanova tomonidan ishlab chiqilgan. "O'zbek tilining izohli frazeologik lug'ati" Shavkat Rahmatullayev muallifligida 1978-yilda nashr etilgan beqiyos manbadir. Yozuvchilardan A.Qodiriy, A.Qahhor, Hamid Olimjon, Oydin, Said Ahmad asarlarining frazeologik tarkibi tadqiq qilingan. Ma’lumki, har bir til frazemalarining semantikasi bir biriga oʻxshash boʻlmagan murakkabligi bilan ajralib turadi. Tillardagi intensifikatsiya va deintensifikatsiya kategoriyalari orqali lisoniy belgilarni kuchaytirish yoki susaytirish, ularning miqdorini kamaytirish yoki ozaytirish holatlari vujudga keladi. Ushbu holatning yorqin koʻrinishi frazemalarning paydo boʻlishida, ularning oʻzaro pragmatik munosabatlarida namoyon boʻladi. Falsafiy kategoriyalardan boʻlgan miqdor oʻzgarishlarining sifat oʻzgarishlariga boʻlgan ta’siri, qonuniyatini frazemalar misolida yaqqol koʻrishimiz mumkin. Ular tilning leksik sathida mavjud boʻlgan nomlash, sifat, miqdor, baho, emotsionallik, obrazlilk, tasvirlash, ekspressivlik kabi subyektiv-pragmatik kategoriyalar bilan uzviy bogʻliq boʻlgan holda yangi til birligi sifatida voqealanadilar hamda tilning semantik tizimida sifat koʻrsatkichiga ega boʻlgan yangi birlik sifatida shakllanadilar. Demak, frazemalarni o'rganish amaliy jihatdan barcha uchun foydali manbadir. Chunki jonli so'zlashuv uslubida nutqqa to'g'ri keladigan iboralarni qo'llash so'zlovchiga ham tinglovchiga ham mazmunli so'zlashuv muhitini yaratib bera oladi .Shuning uchun ham bu sohaning nafaqat nazariyotda, balki inson nutqidagi ahamiyati beqiyosdir.
Do'stlaringiz bilan baham: |