22.2. Kamyob metallar
Kamyob (nodir) metallar er qatlamida juda kam uchraydigan elementlarning shartli nomi bo‘lib, ular 45 ga yaqin metalldan iborat. Bular litiy, rubidiy, seziy, berilliy, radiy, galliy, indiy, talliy, germaniy, vanadiy, niobiy, tantal, selen, tellur, poloniy, molibden, volfram, reniy, skandiy, ittriy, lantan va 14 lantanoid, aktiniy, toriy, protaktiniy, uran va inert gazlardir.
Nodir elementlar nisbatan yangi yoki nisbatan kam o‘zlashtirilgan elementlardir. Nodir elementlarning aksarisi Er po‘stida oz, ba’zilari ko‘p uchraydi, hatto ularning Er po‘stidagi miqdori turmushda va texnikada eng ko‘p qo‘llanadigan elementlarnikidan ancha ortiq ekanligi ma’lum. Masalan, bir vaqtlar “nodir” hisoblangan titan elementining Er po‘stidagi miqdori tabiatdagi uglerod, azot kabi elementlarnikidan ancha ortiqdir. Barcha nodir elementlar Er po‘stining massa jihatidan 0,2% ini tashkil qiladi. Tog‘ jinsining 1 t sida o‘rtacha 65 g litiy, 46 g seriy, 150 g vanadiy, 220 g sirkoniy bo‘ladi.
Nodir elementlar ko‘pincha Er po‘stida 2 ta, 3 ta, 4 ta element bilan birga uchraydi. Masalan, I guruhga mansub litiy, rubidiy, seziy III guruhga oid selen, ittriy kabi nodir er elementlari bilan, IV guruhga oid germaniy sirkon bilan, V guruhga oid niobiy tantal bilan, IV guruh elementi – molibden esa volfram bilan birga uchraydi.
O‘rta Osiyodagi nodir elementlarning deyarli barchasi tarkibi murakkab rudalarda uchraydi. Angren konidan qazib olinadigan ko‘mir tarkibida galliy, germaniy, vanadiy, molibden , reniy elementlari mavjud. Olmaliqdagi Qalmoqqir metall konidagi rudalar tarkibida esa molibden, reniy kadi nodir elementlar uchraydi. Bu elementlar juda oz miqdorda bo‘lganligi sababli ularni boyitish va ajratib olishning samarali usullari va texnologiyalari hozircha ishlab chiqilmagan. Navoiy tog‘-metallurgiya kombinatiga qarashli xududlarda uran va boshqa aktinoid elementlar bor. Bugungi kunda sanoat miqyosida faqat uran birikmalari ajratib olinadi.
Nodir elementlardan xalq xo‘jaligida muhim ahamiyatga ega bo‘lgan qotishmalar olishda, optik asboblar va boshqalar yasashda keng foydalaniladi. Nodir metallarning qotishmalari bu – nodir elementlar bilan boshqa elementlarni qo‘shib suyuqlashtirish natijasida hosil bo‘ladigan qotishmalardir. Bunday qotishmalar uchun umumiy xossalar – issiqbardoshlik, korroziyabardoshlik, olovbardoshlik va boshqalar. Eng ko‘p ishlatiladigan nodir metallarning qotishmalar jumlasiga vanadiy qotishmalari, volfram qotishmalari, molibden qotishmalari, niobiy qotishmalari qotishmalari, reniy qotishmalari, tantal qotishmalari, sirkoniy qotishmalari va boshqalar kiradi. Bu qotishmalar mashinasozlik, asbobsozlik, raketasozlik va sanoatning ko‘pgina boshqa tarmoqlarida ishlatiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |