3-§. Ideografik lug‘atlar va ularning ona tili ta’limida tutgan o‘rni
Ma’lumki, til lug‘atini ta’riflashda ikki xil yo‘ldan, ya’ni «shakldan ma’noga» va «ma’nodan shaklga» tomon borish mumkin. Birinchi yo‘ldan borishda ta’riflovchining vazifasi so‘z, unga xos qo‘llanish usullari va ma’nolarining imkon qadar aniq va to‘liq tavsifini berishdan iborat. Ikkinchi usulda esa, aksincha, tushunchaning tildagi mavjud mazmun va ma’nolarining yuzaga chiqish usullari birma-bir yoritib beriladi. Bu ikki yo‘nalish tilshunoslikda ham, ta’limda ham birdek zarur. O‘zbek tilida shu kunga vadar chop etilgan barcha lug‘atlarning yaratilishida leksikograflar birinchi usulni tanlashgan.
Biz hamisha o‘zga tilni o‘rganishda, aksariyat hollarda o‘z tilimizda ham notanish so‘z yoki jumlaga ro‘para kelib qolsak, ana shu lug‘atlarga murojaat qilamiz. Ammo shunday holatlar ham bo‘ladiki, biz nima demoqchi ekanligimizni bila turib, fikrimizni ifoda qilish uchun kerakli so‘zni topa olmaymiz. Aynan shunday vaziyatlarda bizga ideografik lug‘at asqotgan bo‘lur edi. Chunki ideografik lug‘atning bosh maqsadi ma’lum bir fikrni ifoda etish uchun zarur bo‘lgan so‘zni tanlashda amaliy yordam berishdan iborat. Ehtimol, shu bois, bir yarim asrdan beri Yevropada bu turdagi lug‘atlarni yaratishga jiddiy ahamiyat berib kelinmoqda. Bunga Mark Piter Rojening dastlabki ideografik lug‘at sifatida tan olinadigan «Inglizcha so‘zlar va iboralar tezaurusi» (1852) va uning ketidan ispan, nemis, fransuz va boshqa tillarda dunyoga kelgan bir qator shu turdagi lug‘atlarni misol qilib ko‘rsatish mumkin.
Garchand Yevropa olimlari tomonidan Rojening «Tezaurus»i ilk ideografik lug‘at, deya e’tirof etilsa-da, tilshunoslik tarixida unga qadar ham bu turdagi lug‘atlar bo‘lganligi bizga ma’lum. Internet ning rambler.ru//.http: philologos narod.ru saytidan bu to‘g‘ridagi ma’lumotlarni qidirayotgan paytimizda ushbu informatsiya diqqatimizni tortdi.
O‘tmishning eng ahamiyatga molik ideografik lug‘atlari sirasiga quyidagilar kiradi:
- Y.Polluks. «Onomastikon» (mil.av.2 asr).
- Amara Sina. «Amarakosha» (mil.av.2-3 asr).
-D.Uilkins. «Real ifoda tajribasi va falsafa tili» (1668).
-M.Roje. «Inglizcha so‘z va iboralar tezaurusi» (1852) va h.k.
Bundan tashqari, «Sharq leksikografiyasi, xususan, arab va turkiy xalqlar leksikografiyasi tarixiga e’tibor bersak, bunday lug‘atlar Sharqda ancha uzoq tarixga egaligi ma’lum bo‘ladi. Xususan, o‘zbek tilshunosligi tarixida Zahiriddin Muhammad Boburning «Vaqoyenoma»sida ideografik lug‘atning ayri belgisi uchrasa, Muhammad Chingiy «Kelurnoma»si bunday lug‘atning ajoyib namunasi sanaladi» (Nur.;104). (Bu mavzuga ishimizning 1.1.2. bo‘limida batafsil to‘xtalamiz).
Xo‘sh, ideografik lug‘at o‘zi nima? «Ideografik lug‘at» va tilshunoslikda avvaldan ma’lum bo‘lgan «ideografik yozuv» atamalari o‘rtasida qandaydir aloqadorlik bormi yoki bu atamalardagi «ideografik» so‘zlari shunchaki tasodifiy omonimlarmi?
Tilshunoslik tarixidan bizga ma’lumki, qadimda odamlar ba’zi hodisa va voqealarni uzoq masofalarga yetkazish yoki abadiylashtirish maqsadlarini tabiatdagi jonli va jonsiz narsalarning rasmini chizish orqali amalga oshirganlar. Ushbu rasmli yozuvlar yoki, shakllar tilshunoslikda piktografiyalar deb nomlanadi. (Piktus - lotinchada «chizilgan», «grafo» so‘zi esa yunon tilida «yozaman» ma’nolarini anglatadi). Jamiyat taraqqiyotida piktografik yozuv asta-sekin takomillashib, rasmlar ko‘rinishidan shakllar ko‘rinishiga o‘tib bordi, ammo piktogrammalar orqali tabiatda mavjud aniq narsalarnigina aks ettirish mumkin bo‘lgan, ko‘z bilan ilg‘ab, qo‘l bilan ushlab bo‘lmaydigan tushunchalar va ma’nolarni ifodalashga esa ushbu yozuv qodir emas edi. Kishilar ongi va tafakkurining rivojlanishi va takomillashishi natijasida, piktografik yozuvdan farqli o‘laroq «tushunchalar yozuvi», ya’ni ideografik yozuv vujudga keldi. Bunda jonli va jonsiz narsalarning ramzlarini bir-biriga qo‘shish oqali mavhum tushuncha va harakatlarning ifodalari hosil qilinardi. Masalan, «og‘iz» ma’nosini ifodalovchi shakl bilan «it» ma’nosidagi shakl yonma-yon qo‘yilib, «hurmoq» ma’nosi yuzaga keltirilgan, «og‘iz» va «qush» ramzlari «kuylamoq» ma’nosini, «ko‘z» va «daraxt» - «ko‘rmoq» ma’nosini, «oy» bilan «quyosh» ramzlari «yorug‘lik» ma’nosini, ikki kaftning birlashtirilgan shakli «do‘stlik» ma’nosini ifodalagan. Ayrim ramzlar esa o‘zlarining aosiy ma’nosidan tashqari shartli ko‘chma ma’nolarda ham qo‘llanar edi. Masalan, «ko‘z» ramzi «ko‘zi o‘tkirlik» ma’nosida ham qo‘llangan. Bunda ramzning bosh yoki ko‘chma ma’noda qo‘llangani uning qurshovlari yordamida aniqlangan. Bu hodisa leksikadagi metonimiya yo‘li bilan ko‘chma ma’no hosil qilish jarayoniga o‘xshaydi, ya’ni predmetning nomi uning mahsuli nomiga o‘tadi: «til»- og‘iz bo‘shlig‘i organi, «til» – insonning so‘zlash qobiliyati; «ko‘z» - ko‘rish organi, «ko‘z» - o‘tkir ko‘zlilik. Demak, ideografik yozuv tushunchani ifodalashga bo‘lgan urinishlar asosida yuzaga kelgan va bu insonlarning o‘z g‘oyalari va fikrlarini yozuvda aks ettirishga intilishlari bilan belgilanadi. Shu o‘rinda ideografik so‘zining mazmuniga e’tiborni qaratishni lozim topdik:
«Ideya – grek. Obyektiv borliqni, voqelikni kishi ongida aks ettiruvchi, ayni zamonda kishining obyektiv borliqqa, vaoqelikka munosabatini ifodalovchi, kishilarning dunyoqarashlari asosini tashkil etuvchi tushuncha, tasavvur» (O‘TIL; 314). «Grafo» so‘zi esa yuqorida aytib o‘tganimizdek, «yozish» ma’nosini bildiradi. Garchand M.Roje o‘zining ma’noviy tamoyillar asosida tuzgan lug‘atini «Tezaurus» deb nomlagan bo‘lsa-da, ushbu manba ham so‘zlarni emas aynan tushunchalarni izohlashga yo‘naltirilganligi bois, tilshunoslikda «ideografik lug‘at» nomini olgan.
Demak, ideografik lug‘atda so‘zlar emas, balki ular anglatayotgan tushunchalar borliqdagi narsa va hodisalar bilan ma’noviy aloqalari asosida ongimizdagi, tasavvurimizdagi qurshovlari bilan birgalikda aks ettiriladi. Bunda so‘z ma’nosi unga ta’rif berish orqali emas, balki uni boshqa leksik guruhlar, tushunchalar bilan bog‘lash, qiyoslash, nisbatlash yordamida ochib beriladi. Shuning uchun ideografik lug‘atda so‘zlar alifbo tartibida emas, ma’noviy tamoyillari asosida, ya’ni mavzuiy to‘dalarga birlashgan holda joylashadi.
Yevropada ideografik lug‘atni M.Rojedan so‘ng tezaurus deb ham atay boshladilar. «Tezaurus» so‘zi yunon tilida xazina ma’nosini anglatadi. Tilshunoslikda bu atama o‘zining bosh ma’nosidan tashqari yana ikki xil ma’noda qo‘llanadi: birinchisi – «eng mukammal lug‘at» ma’nosini bildirsa, ikkinchi ma’nosi leksikografiya sohasidan yiroq bo‘lib, insonga xos bilish qobiliyatining tugal majmuini ifodalaydi. Tezauruslar haqiqatan ham tom ma’nodagi leksik xazina bo‘lib, u borliqdagi barcha narsalar, voqea va hodisalar haqidagi tushunchalarni qamrab oladi. Tezaurus yoki ideografik lug‘atda leksik birliklar orasidagi semantik (sinonimik, omonimik, partonimik, graduonimik va h.k.) munosabatlar ko‘rsatiladi. Shuning uchun mashhur rus tilshunosi Y.N.Karaulov «Barcha uni tashkil etuvchi birliklari orasidagi kuchli semantik munosabatni yaqqol namoyon etuvchi lug‘atlarni biz «Tezaurus» deb ataymiz», deya qayd etadi o‘zining «Obhaya i russkaya ideografiya» maqolasida (K.Y.) Tezauruslarning maqsad-muddaosi so‘zlarning cheksizlik va rang-baranglik tabiatiga ega bo‘lgan nutqiy bog‘lanishlarini ko‘rsatish emas, balki barqaror lisoniy birliklar, ya’ni leksemalarning asl mohiyatini ochib berishga qaratilgan. Binobarin, bunday lug‘atlarni tuzishda semasiologiya sohasida amalga oshirilgan izchil sistemaviy tadqiqotlar muhim tayanch omil vazifasini o‘taydi va «leksikografni beadad nutqiy ma’nolarni tartibga keltirish va lug‘atlarga kiritish hamda izohlash mushkulotlaridan xalos etadi» (B.M.; 159).
Mashhur rus tilshunosi L.V.Shcherba o‘zining lug‘atchilik nazariyasiga bag‘ishlangan maqolasida turli lug‘atlar doirasida olti xil qiyoslashni ko‘rsatar ekan, tezauruslar va ideografik (olim ularni ideologik deb atagan – Y.H.) lug‘atlarni lug‘atlarning alohida-alohida ko‘rinishlari sifatida talqin qiladi. Olimning fikriga ko‘ra, tezauruslarning o‘ziga xos xususiyati shundaki, ularda ma’lum tildagi so‘zlarning barchasi, eng kam qo‘llanadiganlari ham, hatto nutqda bir bora bo‘lsa-da uchraganlari ham tilga olinadi va har bir so‘zning tagida uni talqin qilish uchun mazkur tilda mavjud bo‘lgan turli matnlardan sitatalar keltiriladi. Oddiy (ya’ni odatdagi) lug‘atlarni olim «fonetik so‘zlar ro‘yxati», deya baholagani holda ideologik (ya’ni ideografik) lug‘atlarga so‘z-tushunchalar va ularning ma’nodoshlarining ro‘yxati», deya baho beradi. (L.SH.;10, 16). O.S.Axmanovaning «Lingvistik terminlar lug‘ati»da «ideologik lug‘atlarda so‘zlar mavzu qatorlari asosida joylashishi» ta’kidlangan(Ax.;421). Ko‘plab olimlar (shu jumladan, zamonamiz tilshunoslari ham) lug‘atlarning har ikkala turini, ularda ma’lum umumiyliklar mavjudligi sabab, bir siraga kiritadilar. Ularning bu boradagi nazariy ishlarini o‘rganib chiqar ekanmiz, tezauruslar bilan ideografik lug‘atlarning bir turdagi lug‘atlar sanalishiga quyidagi umumiy jihatlar sabab bo‘lgan, degan xulosalarga kelamiz:
Ularda ma’lum til leksik boyligi butunlay qamrab olinadi.
Ularning asosini onomasiologiya tashkil etadi.
Ularda so‘zlar emas, tushunchalar izohlanadi.
Ularda so‘z-tushunchalar mavzuiy tamoyillari asosida iyerarxik holatda joylashadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |