ELEKTRON LUG’ATLAR YARATISH
REJA:
1-§. O‘zbek lug‘atchiligi tarixi va talqini
2-§. Jahon tilshunosligida “o‘quv lug‘ati” terminining paydo bo‘lishi
3-§. Ideografik lug‘atlar va ularning ona tili ta’limida tutgan o‘rni
Foydalanilgan adabiyotlar ro’yxati
1-§. O‘zbek lug‘atchiligi tarixi va talqini
Lug’at – bu ma‘lum bir til so’zlarining muayyan bir maqsad, mavzu ostida jamlangan yig’indisidir. So’zni to’g’ri yozishda, ma‘nosini, etimologiyasini aniqlashda, tarkibini tahlil qilishda, jumla tuzishda, biror tushuncha haqida qo’shimcha ma‘lumot olishda lug’atlar yordamga keladi. Lug’atlar o’quvchining fikrlash qobiliyatini kengaytiradi, fanning turli sohalari, texnika, san‘at, adabiyot, nutq madaniyatini egallashda, milliy madaniyatni o’zlashtirishda muhim rol o’ynaydi.
Taniqli fransuz yozuvchisi A.Frans lug’atlar haqida to’xtala turib «…lug’at – alfavit tartibida joylashtirilgan xazina. Agar yaxshiroq o’ylab ko’radigan bo’lsak, lug’at – bu kitoblarning kitobi. U boshqa barcha kitoblarga yo’l ochadi…» degan edi.
Lug’atlar sivilizatsiya yo’ldoshi, milliy til xazinasi hamdir. «Har qanday so’z, - yozgan edi XIX asr tilshunosi, akademik I.I.Sreznevskiy, - xalq o’tmishidan darak beradi. So’zda o’zgarish bo’lgan bo’lsa hayotda ham o’zgarish bo’lgan bo’ladi, jamiyatdagi o’zgarish so’zda aks etadi». O’zbek xalqining betakror durdonasi «Devonu lug’otit turk»ning tarix, til, adabiyot, jug’rofiya, tibbiyot, madaniyat, san‘at va boshqa o’nlab tarmoqlar haqidagi qimmatli ma‘lumotnoma ekanligi buning yaqqol dalilidir.
Ma‘lum bir til yoki ikki va undan ortiq til so’zlarini muayyan maqsadga ko’ra yig’ib tizimlashtirgan holda lug’at tuzish va shu bilan bog’liq masalalarni ilmiy tadqiq qiladigan tilshunoslik sohasiga leksikografiya deyiladi. Maqsad va vazifalariga ko’ra lug’atchilik ikki tarmoqqa bo’linadi:
1. Ilmiy leksikografiya – lug’atchilikning nazariy masalalari bilan shug’ullanuvchi sohasi.
2. Amaliy leksikografiya – bevosita lug’at tuzish ishlari bilan shug’ullanuvchi soha.
Leksikografiya quyidagi muhim ijtimoiy vazifalarni bajaradi:
Ona tilini va boshqa tillarni o’rgatishga xizmat qiladi.
Ona tilini tasvirlash va me‘yorlashtirish vazifasini o’taydi.
Tillararo munosabatlarni ta‘minlaydi.
Til leksikasini ilmiy tekshiradi va talqin qiladi.
Lug’atlar mavzusi, mo’ljallanishiga ko’ra, avvalo 2 guruhga bo’linadi:
1. Ensiklopedik lug’atlar
2. Lingvistik lug’atlar
Kishilik bilimining barcha sohalari yoki biror sohasi bo’yicha tizimlashtirilgan ma‘lumotlarni beradigan lug’atga entsiklopedik lug’at deyiladi. Entsiklopedik lug’atlar o’z xususiyatlariga ko’ra umumiy entsiklopedik lug’atlar (UEL) va maxsus entsiklopedik lug’atlarga (MEL) bo’linadi.
UELlar al‘favit tartibida bo’lib, ularda so’zlar emas, balki shu so’zlardan anglashilgan tushunchalar uchu nasos bo’lgan narsalar, tarixiy voqealar, tabiiy va ijtimoiy hodisalar, shaxslar, geografik nomlar haqida ma‘lumot beriladi. Lug’at maqolalari lug’at yozilgan tilni tushunuvchi keng o’quvchilar ommasiga mo’ljallangan bo’ladi. Insoniyat tsivilizatsiyasining muhim yutuqlari haqidagi bilimlar majmui UELda jamlanadi. O’zbek tilida yaratilgan UEL namunasi sifatida O’zbek sovet entsiklopediyasi (O’zSE) va O’zbekiston Milliy entsiklopediyasini ko’rsatish mumkin.
MELlar fan-texnika, san‘at va madaniyatning ma‘lum bmr sohasiga oid tushunchalarni shu soha qiziquvchilari va mutaxassislari uchun mo’ljallab tavsiflaydi. Bunday lug’atlarda tor sohaga oid tushunchalar UELlardan farqlanib keng va batafsil sharhlanadi. O’zbek tilida MELning quyidagi namunalari yaratilgan: «Salomatlik entsiklopediyasi», «Uy-ro’zg’or entsiklopediyasi», «Bolalar entsiklopediyasi» va hk…
Lingvistik lug’atlarning ob‘ekti so’zlardir. Bunday lug’atlarda so’zlarning semantikasi, grammatik xususiyatlari, imlosi, talaffuzi, etimologiyasi va hokazolar haqida ma‘lumot beriladi. Lingvistik lug’atlar ham o’z navbatida umumiy lingvistik lug’atlar (ULL) va maxsus lingvistik lug’atlarga (MLL) bo’linadi.
ULLlar barcha soha kishilari, keng foydalanuvchilar ommasiga mo’ljallangan bo’lib, ularga izohli, imlo, orfoepik, tarjima lug’atlari kiradi.
MLLlar tor o’quvchilar ommasi – tilshunoslik bilan shug’ullanuvchilar va boshqa ilmiy tadqiqotlarga mo’ljallangan bo’ladi. MLLlarga morfem, chastotali, terminologik, ters, o’zlashma so’zlar, frazeologizmlar, dialektizmlar, sinonimlar, antonimlar lug’atlari kiradi.
Lug’atlar uch belgisiga ko’ra tasnif qilinadi:
Hajmiga ko’ra
So’zlikning berilish usuliga ko’ra.
Maqsadiga ko’ra.
I. Hajmiga ko’ra lug’atlar katta, o’rtacha va kichik lug’atlarga bo’linadi. Hajman keng qamrovli, muayyan soha bo’yicha barcha ma‘lumotlarni qamrab olgan mukammal lug’atlarga katta lug’at yoki akadem lug’at deyiladi. Bunday lug’atlar ko’pincha izohli, tarixiy, imlo bo’yicha tuziladi. O’zbek tilida bunday lug’at hali yaratilmagan. Uni tuzish masalasi 1928 yilda lug’at tadqiqotchisi R.Trench tomonidan ko’tarilib, 1933 yilda «Trench lug’at» nomi bilan 12 tomda nashr etilgan.
O’rtacha lug’atlar tipiga me‘yoriy lug’atlar kiritiladi. «O’zbek tilining izohli lug’ati» (1981), «Ruscha-o’zbekcha lug’at» (1950-55), «O’zbekcha-ruscha lug’at» (1959), barcha imlo lug’atlari, mavjud mavzuviy lug’atlar, ters, dialektologik lug’atlar o’rtacha lug’atlarga kiradi.
Hajman tor qamrovli bo’lib, shu soha ma‘lumotlarini to’la qamrab olganda ham bir-ikki kitobdan oshmaydigan lug’atlarga kichik lug’atlar deyiladi. Kichik lug’atlar maqsadi va chegaralanishiga ko’ra quyidagi turlarga bo’linadi:
1. Leksik qatlamlar lug’ati – ma‘nodoshlar, zid ma‘nolilar, iboralar, shakldoshlar, talaffuzdoshlar lug’ati…
2. Leksik tanlangan lug’atlar – biror muallif tomonidan tarixiy, badiiy yoki ilmiy asar asosida yaratiladigan lug’atlar. A.Borovkovning «O’rta Osiyo tafsiri leksikasi», E.Fozilovning «Starouzbekskiy yazk», A.Navoy asarlari uchun yaratilgan lug’atlar va hk.
3. Terminologik lug’atlar – biror fan yoki kasb-hunarga oid terminlar bilan bog’liq lug’atlar. «Paxtachilik terminlarining izohli lug’ati», «adabiyotshunoslik terminlari izohli lug’ati» va hk.
4. O’quv lug’atlari – maktab o’quvchilariga mo’ljallab yaratilgan lug’atlar. «O’zbek tilining so’z tarkibi o’quv lug’ati», «O’zbek tilining eskirgan so’zlar o’quv lug’ati» va hk.
II. So’zlik lug’at uchun tanlangan so’zlar ro’yxati bo’lib, lug’atning mazmunini tashkil etadi. So’zlikning berilish nuqtai nazaridan lug’atlar quyidagi turlarga bo’linadi:
Alfavit tartibli lug’atlar – so’zlikni tarkib toptirgan qismlar alfavit tarzida ichki va sirtqi tartib bo’yicha ro’yxatlashtiriladigan lug’atlar. Odatda, barcha entsiklopedik, imlo, izohli va boshqa lug’atlar so’zligi alfavit tartibida ro’yxatlanadi.
Mavzuviy lug’atlar – so’zlikni tarkib toptirgan so’zlar ro’yxati ma‘lum mavzularga bo’lib beriladigan lug’atlar. Bunda so’zlar turkumlarga ajratilib, ichki mavzuviy guruhlarga bo’lib beriladi.
Uyali lug’atlar – muayyan tilga mansub so’zlarni ma‘lum uya ostida birlaadigan guruhlari jamlanib izohlanadigan keng qamrovli lug’atlar. Bunday lug’at o’zbek tilida yaratilmagan.
III. Leksikografiyada lug’atlar yaratilish maqsadiga ko’ra quyidagi turlarga bo’linadi:
O’zbek xalqining ijtimoiy, milliy, madaniy taraqqiyotiga hissa qo’shish maqsadida yaratilgan lug’atlar – barcha turdagi entsiklopedik, tarjima, imlo, izohli lug’atlar.
O’zbek tilining ilmiy taraqqiyotiga hissa qo’shish maqsadida yaratilgan lug’atlar – grammatik lug’atlar, leksik qatlamlar lug’ati, frazeologizmlar, dialektizimlar lug’atlari.
Maktab o’quvchilarining so’z zahirasini kengaytirish, nutqiy savodxonligini oshirish, fikrlash qobiliyatini o’stirish maqsadida yaratiladigan metodik lug’atlar – maktablar uchun yaratiladigan mavzuviy o’quv lug’atlari.
Do'stlaringiz bilan baham: |