Tajriba.
Konduktometrik titrlashda elektr o’tkazuvchanlini toppish uchun ishlatiladigan asbobdan foydalaniladi. Bu asbobda sirtiga platina qorasi qoplangan ikkita platina sim elektrod rolini o’ynaydi. Elektrodlarning bir uchi shisha sharchaga payvandlangan, ikkinchi uchi esa ichiga simob solingan ikkita shisha nayga ulangan bo’ladi, chunki shunday qilinganda simlar asbob bilan yaxshi kontakt hosil qiladi. Shisha naylar idishning qopqog’i (7) ga mahkam o’rnatilgan. Qopqoqda yana ikkita teshik bor: teshiklarning biri orqali aralashtirgich (5) tushiriladi. Tajriba boshlashdan avval elektrodlar platina qorasi bilan qoplanadi. Konduktometrik metodda elektr o’tkazuvchanlikning mutlaq qiymati emas, balki nisbiy qiymatni o’lchash kifoya bo’lganlikdan idishning doimiy qiymatini o’lchash shart emas, ammo shunga qaramay, tajriba o’tkazilayotganda idishning doimiy qiymati o’zgarmasligi shart.
I dishga (stakanga) tekshirilishi lozim bo’lgan eritmadan ma’lum hajmda (10-20 ml) quyiladi. Agar elektrodlar eritmaga botmay qolsa, ular elektrodlarni qoplanguncha ustidan distillangan suv qo’shiladi. Ma’lum konsentrasiyaga ega bo’lgan ishqor eritmasi byuretkaga quyiladi (mikrobyuretkadan foydalanish ancha qulay), byuretka tekshiriluvchi eritma solingan idish tepasiga o’rnatiladi. Idishga shisha aralashtirgich tushiriladi, chunki ishqor eritmasi qo’shilgandan keyin eritma aralashtirib turiladi. Shundan keyin bu idish asbobga ulanadi, qarshiliklar magazinidan qarshiliklar tanlab olinadi va kontaktning reoxorddan shunday holati topiladiki, bunda qarshiliklar magazinidagi qarshilik shundayligicha qoladi.
Agar tekshirilayotgan eritma kuchli kislota bo’lsa, qarshiliklar magazinidan shunday qarshilik tanlanadiki, bunda eritma titrlana boshlaganda kontakt reoxordning o’rtasida turgan bo’ladi. Kuchsiz kontakt neytrallanadigan bo’lsa eritma titrlana boshlaganda kontakt reoxordning boshida turishi kerak, chunki titrlash prosessida elektr o’tkazuvchanlik ko’payadi.
Kislota eritmasi uchun kontakt reoxordda qanday holatda turishi topilgandan keyin, byuretkadan asta-sekin (0,1-0,2 ml dan) ishqor eritmasi quay boshlanadi, bunda idishdagi eritma yaxshi aralashtiriladi va har gal eng sekin ovoz eshitilganda kontakt reoxordning qaysi joyida turishi topiladi, bu vaqt qarshiliklar magazinidagi qarshilik o’zgartirilmaydi. Kislota neytrallangandan keyin, yana ortiqcha ishqor berilib, 3-4 ta nuqta topiladi. Kuchli kislota titrlanayotgan bo’lsa, kontakt reoxordda qarshi tomonga siljiganidan, kuchsiz kislota titrlanganda esa (bir xil miqdor eritma qo’shilganda) kontakt anchagina siljiganidan reaksiya tamom bo’lganligi bilib olinadi.
Olingan ma’lumotlardan foydalanib, eritmalarning elektr o’tkazuvchanligi yoki elektr o’tkazuvchanlikka proporsional keladigan reoxord nisbati hisoblab chiqariladi, bu qiymat sarf qilingan ishqor eritmasi miqdorlari uchun boshqa-boshqa topiladi. Shundan keyin grafik tuziladi, bunda abscissa o’qiga ishqorning sarf qilingan millilitrlar soni, ordinata o’qiga elektr o’tkazuvchanlik yoki tajribadan topilgan qiymat qo’yiladi. Topilgan nuqtalar ustidan qiya to’g’ri chiziqlar o’tkaziladi, chiziqlar o’zaro kesishguncha davom ettiriladi. Kesishgan nuqtaga to’g’ri kelgan abssissadagi nuqta kislotani neytrallash uchun zarur bo’lgan ishqor eritmasi hajmiga to’g’ri keladi. Ishqor eritmasining konsentrasiyasi ma’lum bo’lsa, shundan foydalanib, tekshirilgan kislota eritmasining konsentrasiyasi topiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |