QUYOSH SHAMOLI MASSASI OQIMIGA KORONAL MASSA TASHLANMALARI
ULUSHINING QUYOSH SIKLIDAGI O'ZGARISHI
B.M. Maxmudov, T.A. Alimov, Z.D. Mirtoshev, M.M. Mirkamalov
Samarqand davlat universiteti, Yadro fizikasi va astronomiya kafedrasi
Kirish. Koronal massa tashlanmalari (KMT) Quyoshdagi muhim hodisalardan biri hisoblanib,
ular Quyoshdan Yer yaqinidagi atrof-muhitga juda katta miqdordagi magnitlangan plazmani olib
keladi. Oldingi tadqiqotlar Quyosh shamoli massasining oqimi foniga KMT larning qo'shgan hissasini
aniqlashga harakat qilishdi va bunda KMT larning ulushi 3% dan 16% gachani tashkil etdi [1]. KMT
sodir bo’lish ma'lumotlaridan to'g'ri foydalanish uchun, ma'lumotlar KMT larning asbobga bog'liq
effektlari, massa va geometrik taqsimotlarini hisobga olgan holda tuzatilishi kerak. Avvalgi tadqiqotlar
turli koronograflardan olingan qisqa davrdagi ma'lumotlarga asoslanadi (masalan, Skylab, Solwind va
SMM) va shuning uchun turli ishchi sikldagi tuzatishlar va ko'rish funksiyasining o’zaro
kalibratsiyasini (interkalibratsiya) o'z ichiga oladi. Ushbu tadqiqotda, biz 23- va 24-Quyosh sikllari
uchun “Quyosh va Geliosfera Observatoriyasi (Solar and Heliospheric Observatory (SOHO)” kosmik
kemasi bortidagi “Katta Burchakli va Spektrometrik Koronograf (Large Angle and Spectrometric
Coronagraph (LASCO)” dan, ya’ni bitta instrumentdan olingan bir xildagi ma'lumotlar to'plamidan
foydalangan holda, KMT lar ulushini qayta ko’rib chiqdik.
Metodika va tahlil. KMT larning sodir bo’lish ko’rsatkichi, ularning burchak o'lchami, tezligi
va massasi SOHO bortidagi LASCO ning kuzatuv natijalariga asoslandi. Yerga yaqinida
Sayyoralararo KMT (SKMT) larning sodir bo’lish darajasi va ularning tezliklari ACE (Advanced
Composition Explorer) va WIND ning in-situ (joyida) kuzatuvlari natijalariga asoslandi. Shuningdek,
biz Yer yaqinidagi 1 a.b. masofada o'lchangan yillik miqdor asosida quyosh shamoli massasining
oqimiga KMT larning ulushini va uning 23- va 24-quyosh sikliga nisbatan o'zgarishini hisobladik. Shu
maqsadda, [2] metodiga ko'ra, KMT lar kengligi va ularning burchak o'lchamlari uchun tegishli
tuzatishlarni kiritish orqali, 10º li ekvatorial kenglik intervaldan chiqarilgan kunlik o'rtacha KMT
massasini hisoblab chiqdik. Ekliptik tekislikka chiqarilgan massa barcha uzunlamalar bo’yicha bir
xilda taqsimlangan deb hisoblab, 1 a.b. dagi ekvatorial massa oqimini aniqladik. Bundan tashqari,
ushbu massaning 10% ini geliy tashkil etishini nazarda tutib, biz KMT lar tufayli proton oqimini 1 a.b.
da aniqladik.
Do'stlaringiz bilan baham: |