Intensiv parametrlar – sistemaning massasiga bog‘liq bo‘lmasdan, sistemalar kontaktda bo‘lganda tenglashadigan parametrlar( t, R, d, C, µ) – ular sistemaning asosiy holat parametrlar hisoblanib, sistemaning sifat xarakteristikalarini birlashtiradi.
Ekstensiv parametrlar – sistemaning massasiga bog‘liq bo‘lgan parametrlar(m, V, Csig‘., U, H, S, ΔG, ΔG‘) – sistemaning holat funksiyalari hisoblanadi.
Sistemaning ekstensiv xossalari, sistema qismlarining ekstensiv xossalari yig‘indisiga teng (additivlik xossaga ega).
Intensiv xossalari faqat sistemaning tabiatiga bog‘liq bo‘lib, additivlik xususiyatiga ega emas.
Termodinamik parametrlar tashqi va ichki parametrlarga bo‘linadi. Odatda, R(bosim) va T(harorat) sistemaga nisbatan tashqi parametrlar hisoblanadi.
Termodinamik jarayonlar
Jarayon sistemaning bir holatdan boshqa holatga o‘tishidir. Bunda sistemaning barcha termodinamik funksiyalari o‘zgaradi.
Sistemaning holat parametrlaridan qaysi biri termodinamik jarayon vaqtida o‘zgarishsiz qolishiga qarab quyidagilarga bo‘linadi:
T= const – izotermik jarayon (doimiy haroratdagi jarayon)
R= const – izobarik jarayon (ochiq kolbada boradigan jarayon)
V= const – izoxorik jarayon (avtoklavlarda boradigan jarayon)
Q= const – adiabatik jarayon (bunday jarayon vaqtida sistema tashqi muhitga issiqlik bermaydi va olmaydi ham. U o‘zining ichki energiyasi hisobiga ish bajaradi).
Tabiatda sodir bo‘layotgan hamma jarayonlarni o‘z-o‘zidan sodir bo‘ladigan (tabiiy) va o‘z-o‘zidan sodir bo‘lmaydigan jarayonlarga bo‘lish mumkin. Kimyoviy termodinamikada muvozanat holat, muvozanatsiz holat, qaytar va qaytmas jarayonlar tushunchalari mavjud.
O‘z-o‘zidan sodir bo‘ladigan jarayonlar – tashqaridan energiya sarflamasdan sodir bo‘ladigan jarayonlardir (m: issiqlikning issiq jismdan sovuq jismga o‘tishi, gazlarning aralashib ketishi, suvning yuqoridan pastga oqishi va b.).
O‘z-o‘zidan sodir bo‘lmaydigan jarayonlar – tashqaridan energiya sarflanganda sodir bo‘ladigan jarayonlardir (m: gazlar aralashmasini ajratish, nasos orqali suvni pastdan tepaga tortib olish).
O‘z-o‘zidan sodir bo‘ladigan jarayonlarda muvozanat yuzaga keladi. Sistemaning muvozanat holati deganda, vaqt o‘tishi bilan o‘zgarmaydigan holati tushuniladi.
Qaytar jarayonlar deganda, o‘zining dastlabki holatiga hech qanday energiya o‘zgarishlarisiz qaytadigan muvozanat holatidagi jarayon tushuniladi. Bunda sistema tomonidan bajariladigan ish qiymati maksimal bo‘ladi.
Qaytmas jarayonda sistemaga tashqaridan ta’sir etilganda sodir bo‘ladigan va oxirigacha boradigan jarayon tushuniladi. Bunda bajarilgan ish qiymati minimal bo‘ladi va sistemada muvozanat qaror topmaydi.
Termodinamik jarayon sistemada energetik o‘zgarishlar sodir bo‘lishiga olib keladi. Bu o‘zgarishlar sistemaning holat funksiyalari
(U, H, S, Q, A)ning o‘zgarishida ifodalanadi.
Ichki energiya (U) – sistemaning umumiy energiya zahirasini xarakterlaydi. Unga energiyaning barcha turlari – zarrachalarning ilgarilanma va aylanma harakat energiyalari, o‘zaro tortilish va itarilish energiyalari, ilgarilanma va aylanma harakat, atomlarning tebranish energiyasi, ichki molyar, elektronlarning qo‘zg‘alish energiyalari, yadro ichidagi energiyalar, nurlanish energiyalari kiradi. Ichki energiyaning qiymati modda tabiatiga, uning massasiga, holat parametrlariga bog‘liq.
Odatda 1 mol modda uchun hisoblanadi va molyar ichki energiya deyiladi, J/mol larda o‘lchanadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |