Ionli kristallar. Panjarasining tugunlariga qarama-qarshi zaryadli ionlar navbat bilan joylashgan kristallar ionli kristallar deyiladi. Ionlar orasidagi o’zaro ta’sir kuchi, asosan, elektrostatik xarakterga ega. Ionli kristallarga osh tuzi NaCl, seziy xlor CsCl misol bo’ladi.
Atomli kristallar. Panjarasining tugunlarida kvant-mexanik tabiatdagi kuchlar tutib turadigan neytral atomlar joylashgan bo’ladi. Ular o’rtasida elektr xarakteriga ega bog’lanish ham mavjud. Bu bog’lanish har bir atomdan bittadan elektron juftligi orqali amalga oshiriladi. Bunday kristallarga olmos, grafit, germaniy va kremniy misol bo’ladi.
Metalli kristallar. Panjarasining tugunlarida metallarning musbat ionlari joylashgan bo’ladi. Kuchsiz bog’langan valentli elektronlar atomlardan ajraladi va elektron gazini hosil qiladi. Metalli kristallardagi bog’lanish panjara tugunlaridagi musbat zaryadli ionlar va manfiy elektronlar gazi orasidagi tortishish kuchlari yordamida ta’minlanadi. Metalli kristallarga ko’pchilik metallar misol bo’ladi.
Molekulali kristallar. Panjarasining tugunlarida ma’lum tartibda yo’naltirilgan molekulalar joylashgan bo’ladi. Ular orasida molekulalar o’zaro ta’siriga xos bo’lgan tortishish kuchlari mavjud bo’ladi. Molekulali kristallarga naftalin, paraffin, quruq muz ( ), muz va hokazolar misol bo’ladi.
Suyuq kristallar va ularning qo’llanilishi. Ba’zi organik moddalarning shunday holati mavjudki, garchi ular suyuqliklarga xos bo’lgan oquvchanlik xususiyatiga ega bo’lsalar-da, kristallarga xos bo’lgan molekulalarning ma’lum tartibda joylashuviga va fizik xossalariga ega bo’ladi. Moddalarning bunday holatiga suyuq kristall holati deyiladi. Odatda suyuq kristallar qattiq kristallarni eritish orqali hosil qilinib, hozirgi paytda ularning bir necha mingdan ortiq turlari ma’lum. Suyuq kristallar elektron hisoblash mashinalari, elektron soatlar, mikrokalkulyatorlar, reklama shitlari va boshqalarda keng qo’llaniladi. Yupqa ekranli televizorlar va monitorlarda ham ulardan foydalaniladi.
Amorf jismlar. Qattiq jismlarning ikkinchi ko’rinishi amorf jismlardir. Garchi ular qattiq jismlar sifatida qaralsa ham aslida sovitilgan suyuqliklardir. Amorf jismlar kristall strukturaga ega bo’lmaydi, ular o’zlarining ichki tuzilishlari bo’yicha suyuqlikka yaqin bo’lib, suyuqlikdan faqat molekulalar o’rtacha oralig’ining kichikligi bilan va shu tufayli molekulalar tortishish kuchlarining katta bo’lishi bilan farq qiladi. Amorf jismlar ularning aniq erish temperaturaga ega bo’lmasligi, isitilganda qovushoqlikning kamayishi natijasida suyuq holatga asta-sekin yumshash orqali o’tishi bilan ham kristall jismdan farq qiladi. Agar amorf jismning biror atomini markaziy atom sifatida qaralsa, unga yaqin bo’lgan atomlar ma’lum tartib bo’ylab joylashadi. Lekin markaziy atomdan uzoqlashgan sari tartib buzilib, atomlarning joylashuvi turli xil, ya’ni tasodifiyga aylanib qoladi. Kristall jismlardan farqli o’laroq, amorf jismlarda qo’shni atomlarning o’zaro joylashuvida yaqin tartibgina mavjud bo’ladi. Amorf jismlarga shisha, plastmassa, beton, mum, smola, polimerlar va boshqalar misol bo’ladi. Oltingugurt, glitserin, shakar va boshqa moddalar ham kristall, ham amorf ko’rinishda mavjud bo’lishi mumkin. Bunga ba’zan shishasimon shakl ham deyiladi. Amorf jismlar har doim izotrop xossaga ega bo’ladi. Past temperaturalarda amorf jismlarning xossalari qattiq jismlarnikiga o’xshab ketadi. Bu holda ular deyarli oqmaydi. Lekin temperatura ortgan sari amorf jismlar asta-sekin yumshab, ularning xossalari suyuqliklarning xossalariga yaqinlasha boradi. Amorf jismlar tabiatda kristall jismlarga nisbatan kam tarqalgan.
Do'stlaringiz bilan baham: |