Vayrona shahar
Lord Lyuvisning vampirlaridan holi bo'lgan yagona makon bo'ylab, ohsohlanib yurib kelayotgan Satella uning yelkasidan ushlab kelayotgan Edni chetga itarib, yerga dumalab qoldi. Ed darhol o'zini o'nglab, Satellaning orqasidagi yarasiga achinish bilan qaray boshladi.
–Yaramas Lyuvis! Anabella xonimning shtabidan vaqtida qochganimizda, mana shunday jarohat orttirib olmasding!-baqirdi Ed.
–Men Mikaelni o'ldirmoqchi edim...ammo qo'limdan kelmadi. Lekin bu hammasi tugadi deganimas! U o'ladi! Uni o'z qo'llarim bilan o'ldiraman!
–Afsuski, endi kech. U o'lib bo'lgan,-Ed va Satellaning orqasidan qandaydir tanish ovoz eshitildi. Ed Satellani yerga qo'yib, tezlik bilan ortiga o'girildi.
–Albert? Oxirgi marta jang qilganimizda anavi jodugar Elizabet sabab tirik qolganding. Agar o'sha payt u yelkamga xanjar sanchib qolmaganida, sen allaqachon nargi dunyoga ravona bo'lgan bo'larding.
–O'zingga juda ko'p ishonib yuborma, Ed. Ikkinchi fermada bo'lgan jangimiz birinchi raund edi. Davomiga tayyormisan?-Albert tirjayib, qo'lidagi miltig'ini Edga o'qtadi.
Ed o'rnidan turib, kumush qilichini qinidan chiqardi:
–Bizni qanday topib kelding?
–Umuman olganda, men manavi gulni Lord Lyuvisning shtabiga olib borish uchun ketayotgandim,-Albert qo'lidagi miltig'ini yerga uloqtirib, cho'ntagidan qip-qizil bo'lib ochilib turgan vampir gulini chiqardi,–Bu kimligini bilasanmi? Bu Anabella. Juda kulguli-ya? Men Anabellani uch dona barmog'imda ko'tarib turibman...
–Yaramas! Ovozing o'chsin! Ed, o'ldir uni!-Satella yotgan joyida baqira boshladi.
Albert qovog'ini solib, jilmayib qo'ydi va uzun kumushrang qilichini chiqardi.
–Men qo'rqoq emasman. Seni miltig'im bilan otib o'ldirishim mumkin edi, ammo men adolatli jang tarafdoriman. Qolaversa, seni o'ldirish uchun menga miltiq shart emas.
–Sen xo'jayiningga o'xshamaysan, Albert. Senga o'xshagan sodiq itlarni topish oson emas,-Ed Albert tomonga shamol tezligida yugurib, qilichi bilan zarba berdi. Albert esa vaqtida chap berib, noto'g'ri tarafga og'ib ketgan Edning oyog'idan chalib yerga yiqitdi. Ammo u Edga qilichini sanchgunicha Ed o'rnidan turib, o'zini o'nglab oldi.
–Ed! Miltiqni ol! Oyog'ing tagida turibdi-ku!-baqirdi hech narsa qilolmay yotgan Satella.
Ed biroz o'ylanib turdi-da, miltiqni qo'liga olib, ancha uzoqroqqa uloqtirib yubordi.
–Men ham halol jang qilaman. Qo'rqoqlarcha yengganimdan ko'ra, mardlarcha o'lganim yaxshi.
–Ahmoq! Agar sen o'lsang, u meni ham o'ldiradi! Ol, miltiqni!
Ed Satellaning gaplariga quloq solib o'tirmay, shiddat bilan Albert tomonga sakradi. Albert yana chap berib qolib, qo'lidagi qilichi bilan Edning oyog'iga zarba berdi. Edning chap oyog'i yaralanib, azob bera boshladi. Ammo u taslim bo'lmay, bor kuchi bilan qilichini ortiga aylantirib o'tdi. Albert yana vaqtida egilib qolib, Edning yaralangan oyog'iga tepib yiqitdi.
–Odamlar bilan yuraverib, o'zing ham ularga o'xshab ojiz bo'lib qolibsan.
Albert bor kuchi bilan qilichini Edning ko'ksiga yo'naltirdi. Lekin Ed kaftlari bilan qilichni ushlab qoldi. Uning qo'llaridan to'q qizil qon oqa boshladi.
–O'zingga bunchalik azobli o'limni tanlama, Edvard. Baribir o'lasan...
Ed bor ovozi bilan baqirib, bor kuchini yig'ib, qilichni ushlab turdi. Ammo kaftidagi og'riq uni tinch qo'ymayotgandi. Uning kuchi tugab, qilichni qo'yib yubordi. Lekin qilich uning ko'ksiga kirishidan avval ularning ortidan momaqaldiroqday gumburlagan tovus eshitildi. Albertning yuragini miltiqdan otilib chiqqan o'q teshib o'tib, uni Edning ustiga yiqitdi. Ed darhol og'zidan qon oqayotgan Albertning jasadini chetga dumalatib, qaltiragancha o'rnidan turdi.
–Satella...nima qilib qo'yding?
–Men halol jang bo'lishi haqida qasam ichmagandim,-dedi qo'liga miltiq ushlab o'tirgan Satella,-Zo'r qurol ekan. Naq yuragiga tekkizdima...
Ed darhol u tomonga emaklab, yelkasidan tutdi.
–Ahvoling yaxshimi? Jarohating nima bo'ldi?
–Sir saqlab nima qilaman, hali ham og'riyapti. Hatto nafas olishga qiynalyapman. Endi mana bu vampirni deb ikkalamiz ham yura olmaydigan bo'lib qoldik.
–Yo'q, men yura olaman. Shuningdek, men qilichdan yaralandim. Jarohatim ertalabgacha tuzalib ketadi. Senga esa o'q tegdi. O'sha la'nati quroldan otlilgan o'q. Menimcha seni davolash kerak.
–Arzimagan narsa...sen undan ko'ra anavi yaramasning qo'lidagi gulni olib kel. Anabella xonimni allaqanday itlar qo'lida qolib ketishini xohlamayman.
Ed o'rnidan turib, zo'rg'a ishlatayotgan barmoqlari bilan Albertning cho'ntagida osilib turgan gulni avaykab chiqardi.
–Qara Ed, biz aynan shu yerda tanishgan ekanmiz. Aniqrog'i men sen bilan tanishganman. Sen esa xushsiz yotganding.
–Aldab nima qildim,-dedi Ed,-Avvaliga Mikaeldan emas, sendan qo'rqqanman. Mana senga gul,-Ed vampir gulini Satellaga uzatdi. Satella ham gulni avaylab ushlab, ko'zidan beixtiyor oqib ketgan achchiq yoshni artib, nafrat bilan shivirladi:
–Mikaelni o'ldirishga ulgurmadimmi, u holda Lyuvisni o'ldiraman! Uni majag'lab tashlayman!...
Do'stlaringiz bilan baham: |