Farmasevtika bozorida reklama. Reklama atamasining mohiyati.
Reklama farmasevtik korxonalari maxsulotiga nisbatan iste’molchilar talabini shakllantirish va ularning xatti- harakatiga ta’sir o‘tkazishning eng samarali vositalaridan biri bo‘lib, farmasevtik reklama yordamida maqsadli auditoriya e’tibori dori vositalariga jalb etiladi, kompaniyaning siymosi shakllantiriladi, uning ijtimoiy foydaliligi ko‘rsatib beriladi.
Reklama maxsulot yoki korxona to‘g‘risida ma’lumot beruvchi, farmasevtik mahsulotning iste’mol qiymatini tasvirlagan yoki kompaniyaning ijobiy mavqeini targ‘ibot etgan holda, xarid etuvchi auditoriyani tayyorlash vositasidir.
Reklamadan mohirlik bilan foydalanish farmasevtik korxonaning bozordagi mavqeini, imidjini, maxsulotga bo‘lgan talab darajasini saqlab qolish va oshirish imkonini beradi. Reklama quyidagi vaziyatlarda qo‘llanishi mumkin:
o‘xshash maxsulotni ishlab chiqaruvchi raqiblar bilan kurashishda,
yangi preparatni bozorga chiqarish muddatini qisqartirish maqsadida,
preparatningtanilishida, unga bo‘lgan ishonchni mustahkamlashda,
iste’molchilarning ushbu korxona ishlab chiqargan farmasevtik maxsulotning afzalligi haqidagi xabardorlik darajasini kuchaytirishda.
Reklamaning farmasevtik biznes va jamiyatdagi o‘rnini izohlash uchun uning mohiyatini, reklama faoliyatidagi asosiy atamalarni tushunish zarur.
Reklamaning marketingdagi o‘rnini belgilashda, har kanday biznesda marketing iste’molchilarning ehtiyoj va talablarini qondirishga qaratilgan strategik jarayonligini e’tiborga olish kerak. Farmasevtik korxona o‘z marketing xatti-harakatlarini qaratadigan aniq iste’molchilar maqsadli bozorni tashkil etadi. Bunda ushbu maqsadli bozorning korxona tomonidan ishlab chiqariladigan mahsulotga bo‘lgan talabini shakllantirishga qaratilgan reklama faoliyati marketing kompleksining asosiy elementlaridan birini tashkil etadi.
Reklamaning kommunikativ (muloqotli) ahamiyati farmasevtika bozoridagi sub’ektlarning o‘zaro munosabatlarini o‘rgangan holda, bir-birlarini tushunishga yo‘naltirilgan turli xil ma’lumotlarni yetkazishda yordam berishdan iborat. Bunda reklama auditoriyaga dori vositalari haqida ma’lumot berib, ularning ongida ushbu ma’lumotlar asosida ushbu dori vositalarining sifatliligi, samaradorligi kabi xususiyatlari yordamida ularning mavqeini shakllantirishga yordam beradi.
Reklamaning iqtisodiy roli – maxsulot yoki xizmat to‘g‘risida ma’lumot berib, ularning taniqli va mashxur bo‘lishiga erishish asosida talab, savdo xajmi va ishlab chiqarish sur’atlarining o‘sishiga sabab bo‘lishidir.
Reklama iqtisodiyotni rivojlantirish va turmush darajasini oshirishga ta’sir etuvchi omil sifatida ta’riflanadi. Reklama iste’molchilarning diqqat e’tiborini farmasevtik maxsulotning narxidan chetga tortishda, yoki iste’molchilar uchun narxning ahamiyatini oshirishda, bozordagi raqobatni kuchaytirishda marketing mutaxassislari tomonidan qo‘llaniladigan ma’lumotlar manbaidir.
Reklamaning ijtimoiy ahamiyatishaxs va jamiyatga ruhiy ta’sir etishdan iborat. Reklama ma’lum bir dori vositalaridan foydalanishning zamonaviy tendensiyalarini aks ettiradi.
Do'stlaringiz bilan baham: |