Qadimshunos olimlar tomonidan “Fargʻona Afrosiyobi”, deya ta’rif berilib, Axsi yoki Axsikent nomi bilan ataluvchi koʻhna shahar xarobalari bugungi kunda Toʻraqoʻrgʻon tumanidagi Shahand va Gulqishloq qishloqlari orasida, Sirdaryoning shimolida doʻngtepaliklar koʻrinishida yastanib yotibdi. Mazkur Eski Axsi manzilgohi Fargʻona vodiysidagi eng yirik arxeologik yodgorlik hisoblanadi1.
Oʻrta Osiyo tarixiga bagʻishlangan qator ilmiy manbalarda moziy Axsikent nafaqat Fargʻona vodiysi, balki butun Turkiston, Jahon tarixida oʻziga xos oʻringa ega boʻlgan shaharlardan ekani xususida ham ma’lumotlar berib oʻtilgan.
Axsikent yurtimizdan yetishib chiqqan koʻplab allomalarning kindik qoni toʻkilgan zamin hamdir. Xususan, Abul Qosim Mahmud ibn Muhammad as-Soʻfiy Axsikatiy, “Zul Fazoil” (“Fazilatlar sohibi”) nomi bilan shuhrat qozongan Abu Rashod Axsikatiy, “Zul Manoqib” (“Maqtovga sazovor xislatlar egasi”) laqabini olgan Abul Vafo Muhammad ibn al Qosim al-Axsikatiy, “Maliki shuaro” (“Shoirlar podshosi”) va “Amiri shuaro” (“Shoirlar amiri”) darajasiga erishgan Abdul Fazl Muhammad Tohir Asiriddin Axsikatiy, Tojuddin Abu bin Ahmad al-Axsikatiy al-Xoʻjandiy, Sayfiddin Axsikatiy, Mavlono Poyanda Oxun Axsikatiy, Muhammad Yusuf ibn Imomuddin Axsikatiy, Ibrohim ibn Yusuf bin Imomuddin Axsikatiylar diniy va dunyoviy ilmlar sohasida shuhrat qozonganlar.
Tariximizning turli davrlarida poytaxt vazifasini oʻtagan Axsikentning eng koʻhna davriga doir ma’lumotlarni asosan bizgacha saqlanib qolgan Xitoy manbalaridan, shuningdek, bu yerda oʻtkazilgan arxeologik qazishmalar natijalari asosidagi xulosalardan olamiz.
Shaharning Islom dini kirib kelganidan keyingi, ya’ni, oʻrta asrlar davri tarixini yoritishda esa asosan arab, fors hamda turkiy tilli manbalardan foydalanamiz. Balazuriy, Tabariy, al-Muqaddasiy, Yoqut al-Hamaviy, ibn Havqal, ibn Hoʻrdodbeh, Abu Zayd Ahmad ibn Saxl al-Balxiy, Istahriy,Sayid Muhammad Tohir ibn Abdulqosim Kosoniy2, Muhammad binni Najib al-Baqron, Abdurazzoq Samarqandiy, Muhammad Solih, Hofiz Tanish Buxoriy, Abul Fazl Allomiy, Mirxond, Abul Fazl Bayhaqiy, al-Fosih Havofiy, Xondamir, Zahiriddin Muhammad Bobur, Mirzo Muhammad Haydar, Mahmud ibn Vali asarlarida Axsikentning geografik joylashuv oʻrni, oʻlka ijtimoiy-siyosiy hayotidagi ahamiyati haqidagi ma’lumotlar keltirilgan.
Manzilgohni qazib oʻrgangan qadimshunos olimlar moddiy – ashyoviy dalillar va eng koʻhna yozma xitoy manbalariga tayangan holda shaharning paydo boʻlishini taxminan miloddan avvalgi III asrlarga toʻgʻri kelishi ma’lumotini berganlar. “Ajoyib at-taboqot” asarida koʻrsatilishicha, shahar 1030 hijriy sanada1 zilzila natijasida butunlay vayronaga aylangan. Axsikentning arxeologik jihatdan oʻrganilishi 1885-yildan boshlangan. Dastlab, Peterburg universitetining professori, taniqli arxeolog va sharqshunos N. I. Veselovskiy ish olib bordi. 1913-yilda I. A. Kastane tomonidan navbatdagi qazishma va tadqiq ishlari oʻtkazildi. 1939-yilda Katta Fargʻona kanali qurilishi davrida professor M. Ye. Masson bu yerda arxeologik razvedka ishlari bilan shugʻullandi. 1960-yildan esa Oʻzbekiston Fanlar akademiyasining akademigi Yahyo Gʻulomov boshchiligida mutaxassislar Axsikentda arxeologik qazishma ishlarini amalga oshirdilar. I. Axrorov, Y. Qosimov, A. Anorboyev va boshqa tadqiqotchi olimlar tomonidan 1967-1969, 1970-1974, 1980-1990 va undan keyingi yillarda arxeologik qazishmalar oʻtkazildi hamda muhim ma’lumotlar, ashyoviy dalillar toʻplandi.
Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Arxeologiya instituti katta ilmiy xodimi, tarix fanlari doktori A. Anorboyev Axsikentda uzoq yillar davomida ilmiy tadqiqot va qazishma ishlarini olib borishi natijasida koʻplab ilmiy maqola va risolalar chop etdi1. Olim Eski Axsi manzilgohi qadimgi Xitoy tarixiy manbalarida koʻrsatib oʻtilgan Davan (Fargʻona) davlatining poytaxti boʻlganligini ilmiy jihatdan isbotlab berdi.
Olim qadimgi davrdagi Fargʻona davlati va poytaxtining nomi Xitoy manbalarida qanday yuritilganligiga aniqlik kiritdi. Ya’ni, xitoyliklar Fargʻonani Dayyuan (Davan), poytaxtini esa, Yuan, deb ataganliklarini isbotladi. “Yuan” soʻzi xitoychada atrof chekkasi tepalik yoki togʻlar bilan oʻralgan makonga nisbatan ishlatilganligini, “day” soʻzi esa, katta, ma’nolarini berishini mutaxassis olimlar fikrlariga tayangan holda eslatib oʻtdi1. Sugʻd tilida “par” soʻzi devor yoki oʻrab olingan ma’nosini, “kan” soʻzi esa odamlar toʻplanadigan joy ma’nolarini berganligiga olim e’tibor qaratib, xitoy tilidagi “Dayyuan” soʻzi ham aynan tarjimada “Fargʻona”- “Parkana” ma’nolariga mos tushishini koʻrsatib berdi. Shu bois xitoy manbalarida Dayyuan (Davan), deb atalgan davlat Fargʻona boʻlib, uning poytaxti Yuan esa, qadimgi Axsikent ekanligini ilmiy jihatdan asosladi. “Dayyuan” soʻzi esa, “Fargʻona” soʻzining xitoy tilidagi tarjimasiga aynan mos tushadi. Chunki, arab tilidagi manbalarda ham Fargʻona nomi bir paytning oʻzida davlat va shu davlat poytaxtining nomi sifatida berilgan.
Qolaversa, koʻplab mahalliy va arab manbalarida Axsikent Fargʻona vodiysining qadimgi poytaxti ekanligi ta’kidlab oʻtilgan2.
Aytish joizki, moʻgʻullar tomonidan Fargʻona vodiysi qanday bosib olinganligi haqidagi ma’lumotlar manbalarda kam yoritilgan. Shunga qaramasdan, soʻnggi paytlarda shaharlar tarixiga oid chop etilgan deyarli barcha asarlarda shaharlari ham yurtimizning boshqa hududlarida boʻlgani kabi, 1220-1221-yillardagi moʻgʻullar istilosi davrida butunlay vayron etilganligi ta’kidlanib yozildi.
Shuningdek, aksariyat olimlar Axsikent haqida ham shahar moʻgʻullar davrida vayron etilgach, temuriy Umarshayx mirzo davriga kelib aholi undan 5-6 kilometr gʻarbroqda yangi Axsi shahriga asos solganligini qayd etdilar. Temuriylar davri Axsikenti yoki Umarshayx mirzoning poytaxti Axsi bu – hozirgi Axsi qishlogʻi oʻrnida boʻlganligini e’tirof etishdi. ХIХ asr oxiri ХХ asr boshlariga kelib Axsikent tadqiqoti bilan shugʻullangan yevropalik sharqshunos va arxeolog olimlar Axsikent yoki Axsi, deganda faqatgina bitta ob’yektni nazarda tutishgan. U ham boʻlsa, bugungi Shahand-Jomashoʻy yoʻli yoqasida, Sirdaryoning oʻng qirgʻogʻida joylashgan Eski Axsi arxeologik yodgorligidir.
Do'stlaringiz bilan baham: |