23-modda. Litsenziyaning amal qilishini tugatish
Litsenziyaning amal qilishi quyidagi hollarda tugatiladi:
litsenziat litsenziyaning amal qilishini tugatish to‘g‘risida ariza bilan murojaat qilganda;
yuridik shaxs tugatilganda — tugatilgan paytdan e’tiboran yoki uning faoliyati qayta tashkil etish natijasida tugatilganda — qayta tashkil etilgan paytdan e’tiboran, bundan uning o‘zgartirilishi, shuningdek yangidan vujudga kelgan yuridik shaxsni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish sanasida qayta tashkil etilayotgan yuridik shaxslarda faoliyatning ayni bir litsenziyalanadigan turini amalga oshirish uchun litsenziya mavjud bo‘lgan taqdirda qo‘shib yuborilishi mustasno;
(23-moddaning birinchi qismi uchinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasining 2017-yil 18-apreldagi O‘RQ-429-sonli Qonuni tahririda — O‘R QHT, 2017-y., 16-son, 265-modda)
yakka tartibdagi tadbirkor davlat ro‘yxatidan o‘tganligi to‘g‘risidagi guvohnomaning amal qilishi tugatilganda;
yakka tartibdagi tadbirkorning muomalaga layoqatliligi belgilangan tartibda cheklanganda yoki u muomalaga layoqatsiz deb topilganda;
litsenziat litsenziya shartnomasida nazarda tutilgan litsenziya talablarini va shartlarini muntazam ravishda yoki bir marotaba qo‘pol ravishda buzganda;
litsenziat litsenziyaning amal qilishini to‘xtatib turishiga olib kelgan holatlarni litsenziyalovchi organ yoki sud belgilagan muddatda bartaraf etmaganda;
(23-moddaning birinchi qismi yettinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasining 2011-yil 7-sentabrdagi O‘RQ-292-sonli Qonuni tahririda — O‘R QHT, 2011-y., 36-son, 363-modda)
litsenziyalovchi organning litsenziya berish to‘g‘risidagi qarorining qonunga xilofligi aniqlanganda;
litsenziyaning amal qilish muddati tugaganda.
Litsenziyaning amal qilishini tugatish litsenziyalovchi organ qaroriga binoan amalga oshiriladi, ushbu moddaning uchinchi qismida nazarda tutilgan hollar bundan mustasno.
Litsenziyaning amal qilishini tugatish ushbu moddaning birinchi qismi oltinchi—sakkizinchi xatboshilarida ko‘rsatilgan hollarda sud tartibida amalga oshiriladi, qonunchilikda belgilangan hollar bundan mustasno.
(23-moddaning uchinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Litsenziyalovchi organning litsenziyaning amal qilishini tugatish to‘g‘risidagi qarori litsenziatga yozma shaklda, qaror qabul qilingan kundan e’tiboran uch kundan kechiktirmay yetkaziladi. Litsenziyaning amal qilishini tugatish to‘g‘risidagi sud qarori litsenziatga va litsenziyalovchi organga qonunchilikda belgilangan muddatlarda yetkaziladi. Litsenziat litsenziyaning amal qilishini tugatish to‘g‘risidagi qarorni olgan kundan e’tiboran o‘n kun ichida litsenziya litsenziyalovchi organga qaytarilishi va yo‘q qilinishi kerak.
(23-moddaning to‘rtinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Litsenziyaning amal qilishini tugatish to‘g‘risidagi ma’lumot ommaviy axborot vositalarida, shuningdek litsenziyalovchi organning rasmiy veb-saytida e’lon qilinishi kerak.
(23-moddaning beshinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2015-yil 29-dekabrdagi O‘RQ-396-sonli Qonuni tahririda — O‘R QHT, 2015-y., 52-son, 645-modda)
Tugatish to‘g‘risidagi qaror qabul qilingan sanadan e’tiboran litsenziyaning amal qilishi tugatiladi.
Litsenziyalovchi organning litsenziyaning amal qilishini tugatish to‘g‘risidagi qarori ustidan sudga shikoyat qilish mumkin. Sud litsenziyaning amal qilishini tugatishni asossiz deb topgan taqdirda, litsenziyalovchi organ litsenziat oldida unga yetkazilgan zarar miqdorida javobgar bo‘ladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |