2-bob. Ichki nazorat tizimini tashkillashtirish 5. Auditorlik tashkilotning ichki nazorat tizimi uning faoliyat ko’rsatish xususiyatlari, faoliyatining asosiy yo’nalishlari, mijozlar bazasi va mijozlar hama ularning operatsiyalari bilan bog’liq bo’lgan tavakkalchilik darajasini hisobga olgan holda tashkil etiladi.
6. Mas’ul xodim auditorlik tashkiloti rahbarining buyrug’i bilan tayinlanadi. Mazkur Qoidalarning 1-ilovasiga muvofiq auditorlik tashkiloti o’zining mas’ul xodimi va mazkur Qoidalar talablarining bajarilishi to’g’risidagi ma’lumotni har yili 10 yanvariga qadar O’zbekiston Respublikasi Moliya vazirligiga yuboradi.
7. Mas’ul xodim rahbarlik lavozimini egallagan va auditorlik tashkilotining shtatdagi auditori bo’lishi lozim.
8. Mas’ul xodim lavozimiga tayinlanuvchi shaxs auditorlik faoliyati va jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashishga oid qonun hujjatlari hamda ushbu sohadagi xalqaro standartlarni bilishi shart.
9. O’z faoliyati va shaxsiy xulq atvorida ishonib topshirilgan bo’linmani noto’g’ri boshqargan, shuningdek iqtisodiyot sohasidagi jinoyati uchun avval sud tomonidan jinoiy javobgarlikka tortilgan shaxslar mas’ul xodimi lavozimiga tayinlanishi mumkin emas.
10. Mas’ul xodimlarning so’nggi yangiliklarga, jumladan jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishning, terrorizmni moliyalashtirishning va ommaviy qirg’in qurolini tarqatishni moliyalashtirishning zamonaviy usullari, uslublari va yo’nalishlari haqidagi axborotga ega bo’lishlarini ta’minlash hamda jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashish borasidagi qonun hujjatlari va majburiyatlarning barcha jihatlarini aniq tushuntirib berish maqsadida auditorlik tashkilotlari muntazam ravishda xodimlarni qayta tayyorgarlikdan o’tkazishlari shart.
11. Mas’ul xodim quyidagi funksiyalarni bajaradi:
jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish va/yoki terrorizmni moliyalashtirish uchun auditorlik tashkiloti xizmatlaridan foydalanish xavfining oldini olish uchun qonun hujjatlarida, mazkur Qoidalarda va ichki qoidalarda ko’zda tutilgan choralarni ko’rish;
jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish, terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashishga oid qonun hujjatlari, ushbu Qoidalar va ichki qoidalar talablariga rioya qilinishi nazoratini amalga oshiradi;
jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga va terrorizmni moliyalashtirishga oid qonun buzilish holatlari to’g’risidagi axborotni auditorlik tashkilotning rahbariga taqdim etadi;
auditorlik tashkiloti faoliyatida jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashish to’g’risidagi qonun hujjatlari, mazkur Qoidalar va ichki qoidalar talablariga rioya qilinmaganligi bo’yicha aniqlangan kamchilik va qoidabuzarliklarni bartaraf etish yuzasidan auditorlik tashkilotining rahbariga ko’rib chiqishi uchun takliflar kiritadi;
auditorlik tashkilotning rahbariga ushbu Qoidalar bajarilishi natijalari to’g’risidagi hisobotni kamida bir yilda bir marotaba taqdim etadi;
shubhali operatsiyalar, ularni bajarishga urinishlar to’g’risidagi xabarlarni maxsus vakolatli davlat organiga o’z vaqtida uzatilishini, shuningdek maxsus vakolatli davlat organining qo’shimcha axborotni taqdim etish to’g’risidagi so’rovlarining bajarilishini ta’minlaydi;
ichki nazoratni tashkil qilish, jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashish to’g’risidagi qonun hujjatlari talablarini buzish holatlarini bartaraf etish bo’yicha O’zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi va maxsus vakolatli davlat organining mas’ul shaxslari bilan o’zaro hamkorlikni amalga oshiradi;
Ro’yxatni auditorlik tashkiloti xodimlariga yetkazadi.
12. Mas’ul xodim quyidagi huquqlarga ega:
ichki nazoratni amalga oshirish maqsadida auditorlik tashkiloti xodimlaridan kerakli boshqaruvchilik, buxgalteriya va boshqa hujjatlarni talab qilib olish;
auditorlik tashkilotining rahbariga xabar qilinishi lozim bo’lgan operatsiyaga nisbatan kelgusi xatti-harakatlar bo’yicha takliflar kiritish.
Mas’ul xodim qonun hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega bo’lishi mumkin.
13. Mas’ul xodim quyidagilarga majbur:
o’z vakolati doirasida mazkur Qoidalar va ichki qoidalar bilan yuklatilgan maqsadlarga erishish va vazifalarni bajarish uchun zarur choralarni ko’rish;
jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga va terrorizmni moliyalashtirishga oid o’z tavvakalchiliklarini aniqlash va baholash bo’yicha tegishli choralarni ko’rish, bu tavakkalchiliklarni hujjatlarda qayd qilish va ularni kamaytirish choralarini ko’rish;
mijozlarni lozim darajada tekshirish va identifikatsiyalash hamda Ro’yxat bilan solishtirishni ta’minlash bo’yicha choralarni ko’rish;
benefitsiar mulkdorlarni aniqlash va identifikatsiyalashni ta’minlash bo’yicha tegishli choralarni ko’rish;
maxsus vakolatli davlat organiga belgilangan tartibda shubhali operatsiyalar to’g’risida, shu jumladan ular aniqlangan kundan keyingi bir ish kunidan kechiktirmay ularni amalga oshirishga urinishlar to’g’risida xabarlarni berib borish;
olingan axborotning maxfiyligiga rioya qilish;
ichki nazoratni amalga oshirish davomida olingan hujjatlarning saqlanishini va qaytarilishini ta’minlash;
qonun hujjatlariga muvofiq boshqa majburiyatlarni bajarish.
14. Auditorlik tashkilotlar mazkur Qoidalar talablaridan kelib chiqqan holda, quyidagilar aks etgan ichki qoidalarni ishlab chiqishlari lozim:
tavakkalchiliklarni aniqlash, baholash, monitoring qilish, kamaytirish va hujjatlashtirishga doir choralarni amalga oshirish tartibi;
mijozlarni va ularning benefitsiar mulkdorlarini lozim darajada tekshirish, shuningdek mijozlar operatsiyalarining muntazam nazoratini amalga oshirish qoidalari;
kerakli axborotni rasmiylashtirish va uning maxfiyligini ta’minlash tartibi;
shubhali operatsiyalarni aniqlash tartibi, shuningdek bunday operatsiyalar to’g’risidagi xabarlarni tayyorlash va maxsus vakolatli davlat organiga yuborish tartibi;
kadrlarni tayyorlash va o’qitishga qo’yiladigan malakaviy talablar;
jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish, terrorizmni moliyalashtirish va ommaviy qirg’in qurolini tarqatishni moliyalashtirish maqsadida texnologik yutuqlardan foydalanilishining oldini olishga qaratilgan choralar;
yuqori mansabdor shaxslar va ularning yaqin qarindoshlari bilan amaliy ish munosabatlarini o’rnatish hamda ular tomonidan o’tkaziladigan operatsiyalarini monitoring qilish tartibi;
yuqori tavakkalchilik darajasi toifasiga kiritilgan mijozlarning hisobini yuritish va monitoring qilish hamda bunday mijozlar operatsiyalarini monitoring qilish tartibi;
qonun hujjatlariga zid bo’lmagan boshqa qoidalar.
15. Ichki qoidalar jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishning va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashishga oid qonun hujjatlari, mazkur Qoidalar talabalariga muvofiq bo’lishi va aniqlangan tavakkalchiliklar va ularning bahosidan kelib chiqib tuzilishi lozim. Ichki qoidalar, ularga kiritilgan o’zgartirishlar va qo’shimchalar auditorlik tashkilotining rahbari tomonidan tasdiqlanadi.
16. CHet el auditorlik tashkiloti alohida bo’linmalari (agar mavjud bo’lganda) jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishning va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashish borasidagi chora-tadbirlarni amalga oshirishda ular joylashgan mamlakat talablariga rioya qilishlari lozim, mazkur talablar O’zbekiston qonunchiligi talablaridan farq qilgan taqdirda jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashish sohasidagi xalqaro standartlarni qo’llashi lozim.
17. Auditorlik tashkiloti o’zining xorijdagi alohida bo’linmalaridan mazkur ajratilgan bo’linmalar joylashgan mamlakat qonunchiligidagi taqiqlar tufayli jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashish bo’yicha tegishli tadbirlarni amalga oshirish mumkin bo’lmagan holatlar to’g’risida bosh ofisni xabardor qilishni talab qilishga majburdir.