(Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 14.06.2018 y., 10/18/982-3/1348-son) O’zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi
O’zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining
Qarori
Auditorlik tashkilotlari uchun jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirg’in qurolini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish bo’yicha ichki nazorat qoidalarini tasdiqlash haqida [O’zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2018 yil 15 dekabrda ro’yxatdan o’tkazildi, ro’yxat raqami 3101] O’zbekiston Respublikasining «Jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashish to’g’risida»gi va «Auditorlik faoliyati to’g’risida»gi qonunlariga muvofiq O’zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi va Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti qaror qiladi:
1. Auditorlik tashkilotlari uchun jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashish bo’yicha ichki nazorat qoidalari 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Ayrim idoraviy normativ-huquqiy hujjatlar 2-ilovaga muvofiq o’z kuchini yo’qotgan deb topilsin.
3. Mazkur qaror rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran uch oy o’tgach kuchga kiradi.
Moliya vaziri D. KUCHKAROV Toshkent sh.,
2018 yil 14 noyabr’,
145-son
Bosh prokuraturasi huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti boshlig’i v.b. D. RAXIMOV Toshkent sh.,
2018 yil 14 noyabr’,
45-son
O’zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi va Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining 2018 yil 14 noyabrdagi 145, 45-son qaroriga 1-ILOVA
Auditorlik tashkilotlari uchun jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirg’in qurolini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish bo’yicha ichki nazorat QOIDALARI Mazkur Qoidalar O’zbekiston Respublikasining «Jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashish to’g’risida»gi va «Auditorlik faoliyati to’g’risida»gi qonunlariga muvofiq buxgalteriya hisobini yuritish bo’yicha professional xizmatlarni ko’rsatuvchi auditorlik tashkilotlari uchun jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashish bo’yicha ichki nazoratni tashkil etish va amalga oshirish tartibini belgilaydi.