Sanoat inqilobining tugallanishi. XIX asrning 40-yillari oxirlarigacha bo’lgan davrda sanoatning gurkirab rivojlanishi va ilm-fan taraqqiyoti yangi bir hodisa-sanoat inqilobi tugallanishining ro’y berishiga olib keldi. Bu hodisa Buyuk Britaniyada XIX asrning 40--yillarida yuz berdi. Sanoatda bug’ mashinasi asosiy kuch bo’lib qoldi. Toshko’mir yoqilg’ining eng muhim turiga aylandi.
Parlament islohoti. Buyuk Britaniya parlamenti 1825-yilda ish tashlashda qatnashishni taqiqlovchi qonun qabul qildi. Bu qonun ishchilar o’rtasida keskin norozilik keltirib chiqargan. Natijada parlament islohoti o’tkazish masalasi zaruratga aylandi. Bu jamiyatda yetilgan muammolarni tinch yo’l bilan hal qilish degani edi. Oxir-oqibatda 1832-yilda parlament islohoti o’tkazildi. Islohot parlamentga saylov tartibini o’zgartirdi. Unga ko’ra, yirik sanoat markazlariga parlamentdan 144 o’rin ajratib berildi. Shu tariqa sanoat burjuaziyasi endi siyosiy jihatdan ham hukmron tabaqaga aylandi. Islohot parlamentning quyi palatasi mamlakat byudjetini nazorat qilish huquqini saqlab qoldi. Buyuk Britaniya hukumatining faqat quyi palata oldida javobgarligi belgilab qo’yildi. Quyi palata hukumatga ishonchsizlik bildirgan taqdirda, hukumat iste’fo berishga majbur bo’ladigan tartib o’rnatildi. 1832-yilgi islohotdan so’ng saylangan yangi parlament 13 yoshgacha bo’lgan bolalar uchun 8 soatlik ish vaqti belgiladi. 9 yoshgacha bo’lgan bolalar mehnati esa taqiqlandi. 1832-yilgi parlament islohoti mamlakatda saylov huquqi uchun kurashni batamom to’xtata olmadi. 1836-yilda London shahrida ishchilarning «Umumiy saylov huquqi uchun kurash ishchi Assotsiatsiyasi» tuzildi. U saylov huquqini kengaytirish masalasida 12 yilda parlamentga uch marta xartiya (chartiya)-yorliq topshirdi. Umumiy saylov huquqi uchun boshlangan bu harakat tarixga chartistlar harakati nomi bilan kirdi. Bu harakat garchand yengilgan bo’lsa-da, keyingi parlament islohotlariga o’z ta’sirini ko’rsatmay qolmadi. 1867-yilda ikkinchi parlament islohoti o’tkazildi. Unga ko’ra, shaharlarda o’z uyiga ega bo’lgan hamda alohida kvartirada turadigan barcha erkaklarga saylov huquqi berildi.
Tashqi siyosat. XIX asrning 50-yillarida Buyuk Britaniya sanoatning rivojlanish darajasi, savdoning ko’lami va dengizdagi qudrati jihatidan dunyoda o’z ustunligining cho’qqisiga yetdi. Bu qudrat unga mustamlakalari ustidan hukmronlikni yanada mustahkamlash va ularni kengaytirish imkonini berdi. Ingliz hukumati yer yuzining strategik jihatdan muhim mintaqalarida qudratli harbiy-dengiz bazalari qurishga va tayanch hududlarni qo’lga kiritishga alohida e’tibor berdi. Buyuk Britaniya XVIII asr va XIX asrning birinchi yarmi mobaynida dengiz va okeanlar orqali o’tadigan jahon yo’llarida tayanch punktlarni: Gibraltar (O’rta Yer dengizidan Atlantika okeaniga chiqish ustidan nazorat), Adan (Qizil dengizdan Hind okeaniga chiqish), Keyptaun (Ezgu Umid burunida – Afrikaning janubiy qismi), Singapur (Hindiston bo’sag’asi), Gonkong (Xitoy bo’sag’asi)ni bosib oldi. Ana shu harbiy bazalarga va o’z harbiy flotining juda katta ustunliklariga tayanib, Buyuk Britaniya XIX asrning o’rtalarida eng yirik mustamlakachi davlatga aylandi. Angliya mustamlakalaridan eng yirigi bo’lgan Hindistonning bir o’zida 300 milliondan ko’proq, ya’ni Buyuk Britaniyaning o’zidagiga nisbatan taxminan 10 baravar ko’p aholi yashar edi. Buyuk Britaniya tashqi siyosatda «nifoq solib, hukmronlik qil” qoidasini ustalik bilan qo’lladi.