KURS ISHINING MAZMUNI
Kurs ishining mazmuni «Mikroiqtisodiyot. Makroiqtisodiyot» fani bo’yicha taqdim etilgan biron – bir mavzuga mos kelishi lozim. Qo’yilgan savollar respublika, viloyatlar, tumanlar shaharlar iqtisodiyotidagi ijtimoiy–mehnat munosabatlarini tartibga solishni o’z ichiga olishi kerak.
Agar o’rganilayotgan ob’ekt biron – bir korxona yoki tashkilot miqyosida bo’lsa, unda asosiy e’tibor ushbu korxona yoki tashkilotning mehnat ko’rsatkichlari dinamikasi, tahlili, rivojlanish tendentsiyasi, ishlab chiqarishni modernizatsiyalash va boshqaruv tuzilmasini rivojlanishiga qaratilishi lozim.
Kurs ishi mazmuni tanlab olingan mavzudan qat’iy nazar, quyidagilarni o’z ichiga olgan bo’lishi lozim:
kurs ishining kirish qismida mavzuning dolzarbligi, maqsadi va vazifalari, ob’ekti va predmeti, mavzuning o’rganilganlik darajasi, amaliy ahamiyati, ilmiy yangiligi, nazariy va uslubiy asoslari, tarkibiy tuzilishi bayon etiladi.
kurs ishining nazariy qismi (1-2 ta savol)da o’rganilayotgan mavzuning nazariy jihatlari yoritilib, ob’ektning ijtimoiy-iqtisodiy tavsifi, uning o’rni va ahamiyati, rivojlanishi va tarkib topish tarixi o’rganiladi;
ishning amaliy yoki tahliliy qismi (1-2 ta savol)da ijtimoiy-iqtisodiy jarayonlarning rivojlanish holati tahlil qilinib, rivojlanishdagi muvaffaqiyatlar va kamchiliklar aniqlanadi. Bu qism kurs ishining muhim va ahamiyatli qismi hisoblanib, talabadan iqtisodiy tahlil usullarini bilishga, amalga oshirilayotgan jarayonlarni baholash qobiliyatiga ega bo’lishni talab etadi.
kurs ishining yakuniy qismi (1-2 ta savol)da talaba o’rganilayotgan ob’ektning rivojlanish dinamikasi, tarkibiy o’zgarishlarni tahlil qilishni bilishi, iqtisodiy tahlil qilish jarayonida ob’ektda amalga oshirilayotgan o’zgarishlardan to’g’ri hulosalar chiqarishi, takliflarini bayon qilish, hamda kelajakdagi rivojlanishiga to’g’ri baho bera olishi lozim.
kurs ishining xulosa va takliflar qismida, talaba bajarilgan ishning natijalarini qisqacha bayon qilishi, ya’ni asosiy xolatni tavsiflashi va shu asosda xulosa va takliflarini bayon qilishi kerak.
Shunday qilib, kurs ishi tarkiban: kirish, mavzuning mohiyatini ifodalovchi 5-6 ta savol, xulosa va takliflar, foydalanilgan adabiyotlar ro’yxatidan iborat bo’lishi lozim.
Ishda kerakli ko’rsatkichlar asosida jadvallar, diagrammalar keltirilib, hisob-kitoblar amalga oshirilishi zarur.
Do'stlaringiz bilan baham: |