Falsafa va fan tarixida ijod muammolarining ishlab chiqilishi
Misr, Kichik Osiyo, Qadimgi Gretsiyada ilmiy-falsafiy ijod tizimlarining paydo bo‘lishi
Milet maktabi. Gretsiya mutafakkirlari ta’limotida ijod
Yevropa Ug‘onish davrida ijod.
Yangi davr falsafasi va nemis klassik falsafasida ijod muammolari
Misr, Kichik Osiyo, Qadimgi Gretsiyada ilmiy-falsafiy ijod tizimlarining paydo bo‘lishi
Qadimgi Misrda quldorlik davlati barpo etilgan edi. Qullar mehnatidan foydalanib suv chiqarish inshootlari, piramidalar, saroy va koshonalar qurilgan. Bizning eramizgacha IV-ming yillikning oxiri – III-ming yillikning boshlarida quldorchilik bu mamlakatda o‘zining eng yuqori cho‘qqisiga ko‘tarildi. Ana shu davrlarda Misrda astronomiya, kosmologiya, matematika fanlarining paydo bo‘lishiga birinchi qadamlar qo‘yilgan edi, bu birinchidan, ikkinchidan shu davrlarda afsonaviy qarashlar shakllana boshlangan edi. Shu sababli bu davrda, ushbu mamlakatda falsafa fani ijtimoiy ongning shakli sifatida ham shakllangan edi.
Qadimgi dunyo xo‘jaligini yuritish uchun bilim va amaliyot talab qilinardi. Nil daryosining suvini pasayib-ko‘tarilib turishi astronomiya fanini rivojlantirishga olib kelgan bo‘lsa, dehqonchilik sohalarini boshqarish esa amaldorlar faoliyatiga borib taqalar edi. Xo‘jalik yuritish ishlari faoliyatini olib borish aniqroq kalendarni talab qilar edi. Bu esa Quyosh va Oy, yulduzlar sistemasi bilan bog‘langandi. Bularning barchasi ilmiylikni, bilishni taqozo etar edi. Ijodni zaruriyatga aylantirgandi. Natijada matematika, algebra va geometriya paydo bo‘ldi. Jumladan, Vaviloniyaliklar 60 daqiqalik yozma vaqtni ijod qildilar. Bu yozma vaqt orqali hisob-kitob qilish hozir ham (bir soat – 60 daqiqa, 1 daqiqa – 60 sekund) ahamiyatini yo‘qotgani yo‘q.
Fazodagi yorug‘lik tarqatuvchi jismlar faqat yorug‘lik tarqatib qolmasdan balki olamning ijod manbai sifatida ham e’tirof etildi. Bu esa afsonaviy xudolarni ijod qilishga asos bo‘la boshladi. Vavilonliklarning fikricha «Oy xudolarning otasi» hisoblangan.
Qadimgi Misrdagi madaniyat insoniyat tarixida eng qadimgi madaniyat hisoblanadi. Gerodotning yozib qoldirishicha, yilning davomiyligi, ya’ni uning 365 ¼ kunligi ham Misrda ijod qilingan. Ayniqsa, geometriya sohasida ijod qilingan kashfiyotlar insonlarni hozir ham lol qoldirib kelmoqda. Jumladan, piramidalar o‘lchamlarining haqiqiy ilmiyligi, ya’ni kvadratlar, uchburchaklar, to‘g‘riburchaklar, trapetsiyalar, doiralarning o‘lchamlari fikrimizni asoslaydi. Demak, o‘sha paytlardayoq ijod qilishda maxsus uslublar ishlab chiqilishi natijasida ijod uchun sharoit yaratilgan. Ma’lum ma’noda nazariy bilimlar talab qilingan.
Diniy sohalarni va afsonalarni falsafiy tahlil qilish zarurati paydo bo‘lgan va falsafa fani ham taraqqiy qila boshlagan. So‘ngra afsonalarni diniy jihatdan emas, falsafiy tahlil qilish kuchliroq o‘rin ola boshlagan. Bu esa o‘sha paytda yashagan insonlardan bilim va ijodni talab qilardi. Masalan, “Arfist qo‘shig‘i” adabiy manbasida, diniy afsonaviy sohalar tanqid qilinib, vafot etgan inson u dunyodan xabar bera olmasligi, qaytib kelmasligi, shu sababli yer ustidagi hayotning qadriga etish kerakligi haqida mulohazalar yuritilgan. Bu ijodning oddiy ko‘rinishlari edi.
Eramizgacha bo‘lgan, ya’ni Antik dunyo deb ataluvchi davrlarda Gretsiyada ham izlanish, ijod yuqori cho‘qqiga ko‘tarilgan. Falsafa fan sifatida eramizdan avvalgi VII-VI asrlarda Gretsiyada shakllandi. Ayniqsa, Aleksandr Makendonskiy imperatorlik qilgan davrlarda falsafa ravnaq topa boshlagan.
Do'stlaringiz bilan baham: |