Protogor miloddan avvalgi 481-411 yillarda yashab ijod qilgan. Uning fikricha, “Inson qanday bo‘lsa, shu holida mavjud bo‘lgan. Inson jamiki narsalarning borlig‘i va yo‘qligi bilan ma’lum darajada mavjud narsalarning mezoni hisoblanadi”. Yana quyidagi fikrni bildiradi: “Xudolar to‘g‘risida men ularning na mavjudligi, na mavjud emasligi yoki ularning qanday tusda ekanligi haqidagi bilimga ega bo‘la olmayman chunki idrok etilmaslik va inson hayotining qisqaligi bilishga to‘sqinlik qiladi”.
Sofistlar etika, ijtimoiy fanlar va epistemologiya bilan aloqador bo‘lgan sohalarni baholashda ilg‘or bo‘lganlar. Bunday fikrlar hozirgi davrda ham dolzarb. Chunki bular muammoli sohalardir. Ularning fikrlarida nisbiylik va mutlaqlik, huquq va hokimiyat, altruizm; individ va jamiyat; aql-idrok va his-tuyg‘ular kabi atamalar mavjud bo‘lganki, bular haqida hozirgi faylasuflar ham fikr yuritadilar.
Qadimgi grek falsafasini rivojlantirishda Suqrot ijodi alohida o‘rin tutadi. U miloddan avvalgi 469 yilda tug‘ilib, 399 yilda vafot etgan. Uning ta’limotida ham epistemologik (epistemologiya-bilim, uning tuzilishi, tuzilmasi va rivojlanishini o‘rganadigan falsafiy-metodologik ta’limot) va etnik - siyosiy muammolar markaziy o‘rinni olgan. U sofistlarning ko‘p qarashlarini rad qilgan. Uning ijodida umumiy ne’mat (oliy ezgulik) va adolat hisoblanadigan qadriyatlar va me’yorlar mavjud. Suqrot falsafaning bilish muammosini hal etishga intildi. Uning talqinida bilim - bu bizning o‘zimiz va o‘zimiz o‘zimizning mavjudligimizni ko‘radigan vaziyatlar haqidagi bilimdir. Suqrot ijodida shu narsa xarakterliki, u bilimni tajribaga murojaat etish yo‘li bilan izlamagan. U bilimni tushunchalarni tahlil etish yo‘li bilan o‘zlashtirishga harakat qilgan va boshqalarni ham shunga chaqirgan. Suqrot ijodida adolatlilik, mardlik, saxovatlilik, yaxshi hayot kabi tushunchalar markaziy o‘rin egallagan.
Falsafa tarixidagi yana bir yirik grek faylasufi Aflotundir. Qarama-qarshi falsafiy fikrlar asosida Aflotun falsafasi paydo bo‘ldi (Aflotun eramizdan avvalgi 427-349 yillarda yashagan). Afina aristokratiyasining vakillari platonchilar idealistik qarashini oldinga surdilar. Aflotun ijodi asosida g‘oyalar yotadi. Uning fikricha, narsalar asosida g‘oya yotadi, sezgi qabul qiladigan narsa, ideya dunyosining ko‘lankasidir.
Aflotunning fikricha, hayotda bir-biriga qarama-qarshi bo‘lgan g‘oyalar mavjud bo‘lib, bu g‘oyalar o‘zgarmaydi. Sezgi organlarimizda ifodalangan narsalar paydo bo‘lishi va yo‘qolishi doimiy o‘zgaruvchan emaslikdandir. Eng oliy g‘oya bu xudo to‘g‘risidagi g‘oyadir. Bu narsa idealizm bilan dinning birligini ko‘rsatadi.
Aflotun bilish nazariyasini ham idealistlarcha tushuntirdi. Uning fikricha, bilim g‘oyalar orqali paydo bo‘ladi, tasavvur narsalar orqali hosil bo‘ladi. Abstrakt tafakkurni sezgilarga bog‘liq bo‘lmagan g‘oyalar dunyosida yashovchi, ruhni “eslash” jarayoni natijasi, deb tushuntirdi. Aflotun bilish bu – eslashdir, degan g‘oyasini o‘rtaga tashladi. U dialektikani ilohiy bilimning mantiqiy nazariyasi, deb hisoblaydi. Umumiy tushunchaning ahamiyatini ta’kidlashi, kishi tafakkurining faol rolini (idealistik bo‘lsa ham) ishlab chiqishi Aflotun ijodining ratsional mag‘zini tashkil etadi.
Aflotun “ideal davlat” ta’limotini ma’qullab, bu davlat fuqarolarini uch tabaqaga:
1) davlatni idora qiluvchi faylasuflar - dono; 2) davlatni ichki va tashqi dushmanlardan asrovchi qo‘riqchi askarlar - jasoratli; 3) jismoniy mehnat bilan shug‘ullanuvchi dehqonlar, hunarmandlar, itoatkorlarga bo‘ladi.
Qadimiy Grek faylasuflaridan yana biri bu Arastudir. Arastu (eramizgacha 384-322 yillar) fanlar klassifikatsiyasini birinchi bo‘lib tuzib berdi (falsafa, matematika, fizika). Uning fikricha, falsafa borliq to‘g‘risidagi fan, matematika va fizika borliqning ba’zi xususiyatlari to‘g‘risidagi fandir.
Arastu Aflotunning davlat nazariyasini tanqid qildi va quldorlik tuzumini tan oldi. U o‘z ijodida falsafa fanini amaliy faoliyatdan ajratib oldi, ya’ni bilim moddiy manfaatdan yiroq bo‘lsa, ilmiyroq bo‘ladi, deydi. Arastu ob’yektiv tabiatni bilishni, bilimning asosiy sharti deydi, lekin u izchil materializm pozitsiyasiga o‘ta olmadi. Materiya Arastuning fikricha, passiv imkoniyat, shakl faol o‘zgarish manbaidir. Materiya bilan harakat o‘rtasidagi bog‘lanishni ko‘rsatib, harakat, o‘zgarishning manbai ekanligini aytsa-da, lekin harakat, buyumlarning ichki ziddiyatlarida ekanligini ko‘ra olmadi.
U bilish jarayonini materialistik asosda tushuntiradi. Bilish manbai tabiatning o‘zidir, deb ob’yektiv borliqni qo‘yadi. Sezgilar orqali olingan hissiyot narsa va hodisalar siymosidir, deydi. Lekin sezgini chegaralab qo‘yadi. Sezgilar umumiy shaklni, ya’ni shakllar shaklini - xudoni bilishga imkon bera olmaydi.
Arastu o‘z ijodida sezgilar asosida topilgan bilimni tafakkur orqali hosil qilingan bilimdan ajratib qo‘yadi. Arastu kategoriyalar klassifikatsiyasini ishlab chiqdi. U imkoniyat va voqelik, materiya va shakl, mohiyat va hodisa kategoriyalarini dialektika asosida tushuntirishga urindi, lekin to‘la dialektik asosda hal qila olmadi. Din arboblari uning sodda dialektikasini uloqtirib, metafizikasini olib qoldilar.
Qadimgi Gretsiyada eramizdan oldingi II asr oxiri I asrning boshida Demokrit tarafdorlari ko‘proq materialistik fikrlarni olg‘a surdilar.
Do'stlaringiz bilan baham: |