Subʼektlilik va moddiylik. Faoliyatning subʼektliligi shu bilan izohlanadiki, u shaxsning oʼtmishdagi tajribasi, uning ehtiyojlari va moʼljallari, motivlari va maqsadlari, emotsiyalari va irodasini tavsiflovchi xususiyatlari, bilish qobiliyatlari va hokazolar bilan belgilanadi. Faoliyatning moddiyligi insondan tashqarida joylashgan va uning qoʼli bilan oʼzgartiriladigan tabiat va jamiyat kuchlariga qaratilganini anglatadi. Аmmo insonning oʼzi, uning oʼz-oʼzini kamol toptirishi, oʼz-oʼzini tarbiyalashi va shaxs oʼz oldiga qoʼyadigan maqsadlarga erishishga qaratilgan tegishli harakatlar ham oʼzgartirish faoliyatining predmeti boʼlishi mumkin. Inson faoliyati mehnat qurollari yordamida amalga oshiriladi. Uning hayvonlar faolligidan asosiy farqlaridan biri qurollilik hisoblanadi.
«Quruq qoʼl ham, oʼz ixtiyoriga tashlab qoʼyilgan aql ham katta kuchga ega emas, – degan edi F.Bekon. – Ish qoʼlga ham, aqlga ham kerak boʼlgan qurollar va vositalar yordamida bajariladi».
Takrorlash uchun savollar
1. Turli falsafiy tizimlarda inson haqidagi tasavvurlar qanday shakllangan?
2. Falsafiy antropologiya qachon vujudga kelgan va u nimani oʼrganadi?
3. Аntropologiyadagi falsafiy va boshqa yoʼnalishlar oʼrtasidagi farq nimada?
«Аdabiyotlar
1. Madaeva va b. Falsafa. –Toshkent: OʼzMU nashiryoti, 2019.
2. Q.Nazarov va b. Falsafa asoslari: o‘quv qollanma. - Toshkent: O‘zbekiston
faylasuflari milliy jamiyati, 2018. - 380 b.
3.Falsafa. Аxmedova M. tahriri ostida. -Toshkent: Oʼzbekiston
faylasuflari milliy jamiyati, 2006.
5-mavzu. Rivojlanish nazariyasi (Dialektika)
RЕJA:
1.Dialektikaning mohiyati, tarixiy shakllari va xususiyatlari.
2.Qonun tushunchasi, uning turlari.
3.Rivojlanish tushunchasi. Rivojlanishning umumiy qonunlari.
4.Kategoriya tushunchasi. Falsafa kategoriyalari.
TAYANCH SO‘Z VA IBORALAR: dialektika bahslashish, munozara, Geraklit, stixiyali dialektika, idealistik dialektika, materialistik dialektika, ob’ektiv va sub’ektiv dialektika, qonun, qonuniyat, rivojlanish, progress, regress, qarama-qarshilik, kurash, ziddiyat, ayniyat va tafovut, sifat, miqdor, me’yor, sakrash, inkorni-inkor, kategoriya, falsafa fanining kategoriyalari, alohidalik, xususiylik va umumiylik, sistema, struktura, element, butun va qism, zaruriyat va tasodif, imkoniyat va voqelik, mazmun va shakl, mohiyat va hodisa, sabab va oqibat.
1. «Dialektika» (yunon. dialektike – suhbat qurish san’ati) so‘zining «dialog» (yunon. dialogos – ikki yoki bir nechta suhbatdoshlar so‘zlashuvi) so‘zi bilan umumiy jihatlari bisyor. Dastlab dialektika bahslashish, munozara qilish san’ati sifatida tushunilgan, bunda fikrlar, qarashlar qarama-qarshiligi vositasida haqiqatning tagiga yetish maqsadida muammoni o‘zaro manfaatdor muhokama qilishga qaratilgan munozara nazarda tutilgan. Dialektik – bu savol berish va javob qaytarishga usta odam, deb hisoblangan.
Do'stlaringiz bilan baham: |