Qadimgi Xitoy falsafasi avvalo ijtimoiy muammolarga qarab moʼljal olgani bois, unda inson borligʼiga, shuningdek ijtimoiy borliqqa koʼproq eʼtibor berilgan. Аyni vqtda, tabiatning birinchi asoslari ham eʼtibordan chetda qolmagan. Bu qiziqish, xususan, narsalar va hodisalarning butun rang-barangligini belgilovchi besh stixiya (suv, er, daraxt, temir, olov) haqidagi taʼlimotda oʼz aksini topgan. Keyinroq «Oʼzgarishlar kitobi»da borliqning butun rang-barangligini tashkil etuvchi bunday birinchi asoslarning sakkiztasi qayd etiladi.
Xudolarning kelib chiqishi, ularning hayoti, ishlari, oʼzaro kurashi haqida hikoya qiladigan va shu tariqa qadimgi odamlarning dunyoning vujudga kelishi va evolyutsiyasi haqidagi tasavvurlarini aks ettirgan kosmogonik miflar Suqrotga qadar avvalo tabiat falsafasi sifatida yuzaga kelgan va rivojlangan yunon falsafasining birinchi manbai boʼlib xizmat qildi. Ilk yunon faylasuflari oʼz asarlarini odatda «Tabiat haqida» deb nomlaganlari, ularning oʼzlari esa naturalistlar, «fiziklar» deb atalishi bu fikrni tasdiqlaydi.
Sharq donishmandlari kabi, antik mutafakkirlarni ham borliqning manbalari qiziqtirgan. Qadimgi yunon falsafasi vujudga kelgan paytdan boshlab ular butun borliqning birinchi sababini mavjud voqelikning oʼzidan izlaganlar, uni dam suv (Fales) yoki havo (Аnaksimen) deb, dam hamma narsani boshqaradigan boqiy va cheksiz asos – «apeyron»(Аnaksimandr) taxminan mil. av. 611-545 yillar) deb tavsiflaganlar. (Аnaksimandr hatto jonli mavjudotlarning tabiiy kelib chiqishi gʼoyasini ilgari surgan. Uning fikricha, mazkur mavjudotlar dengiz suvida vujudga kelgan va suv oʼtlaridan paydo boʼlgan. Soʼngra baliqsimon mavjudotlar quruqlikka chiqqan va ulardan odamlar rivojlangan. Shunga oʼxshash fikrlarni Ksenofan (mil. av. 580-490 yillar) ham ilgari suradi. U hamma narsa er va suvdan vujudga keladi va rivojlanadi, hatto «biz ham er va suvdan paydo boʼlganmiz», deb hisoblaydi. Oʼsha davrning bosh falsafiy masalasi – «hamma narsa nima?» degan savolga javob berar ekan, Pifagor (mil. av. 580-500 yillar) «hamma narsa sondir», degan xulosaga keladi. U yerning sharsimonligi haqidagi gʼoyani birinchi boʼlib ilgari suradi. Keyinchalik bu gʼoyani Parmenid (mil. av. 540-480-yillar) qoʼllab-quvvatladi va unga yozma taʼrif beradi. Parmenid faylasuflar orasida birinchi boʼlib borliqni kategoriya sifatida tavsifladi va uni maxsus falsafiy tahlil predmetiga aylantirdi. U haqiqiy borliq mohiyatining oʼzgarmasligi haqidagi gʼoyani ilgari suradi. Parmenid fikricha, borliq paydo boʼlmagan va u yoʼq ham boʼlmaydi, chunki undan boshqa hech narsa yoʼq va boʼlishi mumkin ham emas. Borliq yagona (uzluksiz), harakatsiz va barkamoldir. U oʼz chegaralariga ega boʼlib, «ulkan mutlaqo yumaloq Sharga» oʼxshaydi.
Parmenidning yagona, ajralmas, oʼzgarmas va harakatsiz borliq haqidagi taʼlimoti ellinlar dunyosida shuhrat qozondi va eleatlar maktabi vakili boʼlgan (samoslik) Melis tomonidan davom ettirildi. U Parmenid fikriga asosan qoʼshilgan holda, «Tabiat yoki borliq haqida» deb nomlangan asarida borliq chegarasiz ekanligini qayd etadi. Uning fikricha, agar borliqning chegarasi borligini tan olsak, bu borliq yoʼqlik bilan chegaradosh ekanligini anglatadi. Biroq, hamonki yoʼqlik mavjud emas ekan, borliq ham chegarali boʼlishi mumkin emas.
Shunday qilib, qadimgi yunon falsafasining Suqrotga qadar boʼlgan davrida ontologiya sezilarli darajada rivojlanadi: oʼsha davr atoqli faylasuflarining deyarli barchasi borliq muammosini bevosita yoki bilvosita oʼrganadi, uni, odatda, boqiy va barkamol kosmos, «yagona tabiat», yaʼni moddiy-hissiy dunyo bilan tenglashtiradi. Masalan, empedokl (mil. av. 484-421 yillar) «borliq» atamasini bevosita ishlatmagan boʼlsa ham, «barcha narsalarning toʼrt negizi» (olov, havo, suv va yer) haqida soʼz yuritar ekan, dunyo (kosmos) tuxumsimon koʼrinishga ega deb hisoblagan, hayot nam va issiq suv oʼtlaridan kelib chiqqani haqida mulohaza yuritgan. Demokrit va Levkipp atomlarni muayyan modda sifatida tavsiflab, ularni «boʼshliq» - yoʼqlikka zid oʼlaroq, «toʼla» yoki «qattiq» borliq bilan tenglashtirgan. Shu davrda borliqni tushunishga nisbatan dialektik yondashuv ilk bor namoyon boʼladi. U butun dunyo muttasil harakat va oʼzgarish jarayonini boshdan kechiradi deb hisoblagan va shu munosabat bilan «ayni bir narsa mavjud va nomavjuddir» deb qayd etgan Geraklit (mil. av. 544-483 yillar) taʼlimotida ayniqsa boʼrtib koʼrinadi. Borliq tushunchasini Platon (mil. av. 427-347 yillar) sezilarli darajada kengaytirdi. U nafaqat moddiy, balki ideal narsalar ham borliqqa ega ekanligini falsafa tarixida birinchi boʼlib koʼrsatib berdi. Platon «haqiqiy borliq» - «obʼektiv mavjud gʼoyalar dunyosi»ni farqladi va uni «hissiy borliq»qa qarama-qarshi qoʼydi. Bunda u inson ongida mustaqil mavjud boʼlgan tushunchalar borligʼini ham koʼrsatib oʼtdi va shu tariqa ilk bor «borliq» tushunchasiga amalda mavjud boʼlgan barcha narsalarni kiritdi.
Markaziy Osiyoning eng qadimiy kitobi “Аvesto”da, borliq harakatdagi dunyo, butun jonli va jonsiz narsalarning uygʼunligidagi mavjudlik deb ifodalanadi.
Keyinchalik falsafa tarixida borliqning koʼp sonli har xil talqinlari shakllandi, lekin ularning barchasi borliq haqidagi hissiy va oqilona tasavvurlar atrofiga u yoki bu tarzda tiziladi. Bunda fikrlar va yondashuvlar rang-barangligi namoyon boʼladi.
Xususan, oʼrta asrlar Yevropa falsafasida «haqiqiy borliq - «Xudoning borligʼi» va «haqiqiy boʼlmagan», yaʼni Xudo yaratgan borliq farqlanadi.
Sharqning buyuk mutafakkiri Forobiy borliq muammosini hal qilishda “vujudi vojib” va “vujudi mumkin”ning oʼzaro nisbatiga murojaat qiladi. Uning fikricha “vujudi vojib” barcha mavjud yoki paydo boʼlishi mumkin boʼlgan narsalarning birinchi sababi. Birinchi sabab sifatida u oʼzga turtkiga muhtoj emas. U mutloq borliq va donishmandlik ifodasi. “Vujudi mumkin” esa doimo oʼzgarishda, ziddiyatli munosabatlarda boʼlib, unda barcha narsalar oddiydan murakkabga, tartibsizlikdan tartiblilikka qarab harakat qiladi. “vujudi vojib“ yaratgan eng buyuk voqelikdan biri inson aqlidir. U “Fuqarolik siyosati” asarida borliqni quyidagi olti darajaga boʼladi:
1. Birinchi holatdagi sabab.
2. Ikkinchi holatdagi sabab.
3. Uchinchi holatdagi aqli faol.
4. Toʼrtinchi holatdagi instinkt.
5. Beshinchi holatdagi shakl.
6. Oltinchi holatdagi materiya.
Forobiy bu darajalarning har biriga taʼrif beradi. Keyin u “uchinchi aql” - aqli faolni taʼriflaydi. Unga koʼra, aynan “aqli faol”ga koʼra, insonning tabiiy, maʼnaviy va ruhiy hayoti shakllanadi.
Ibn Sino fikricha ham borliqning asosi “vujudi vojib” yaʼni Аllohdir. Vujudi vojib bu birinchi mohiyat. Uning mavjudligi sababini boshqa narsalardan qidirish nooʼrin. Chunki birinchi sabab uning natijasi boʼlgan xilma xil jarayonlarning mohiyatiga bogʼliq boʼla olmaydi. Zero vujudi vojibning mavjudligi uning oʼziga bogʼliq. XVII-XVIII asrlarning materialist faylasuflari Golbax, Gelvetsiy, Lametri borliq tushunchasini fizik borliq bilan bogʼlaydi. Bu faylasuflarning naturalistik qarashlari mexanikaning faol rivojlanishi bilan belgilangan va ularning tabiat haqidagi tabiiy-ilmiy tasavvurlarini aks ettirgan. Bundan borliqni «naturallashtirish» gʼoyasi kelib chiqqan.
Yangi davr, soʼngra nemis klassik falsafasi davri «substantsiya» (dunyoni tushunish zamirida yotuvchi, nisbatan barqaror va mustaqil holda mavjud mohiyat), «mutlaq «Men»ning erkin, sof faoliyati» (Fixte), «obʼektiv rivojlanuvchi gʼoya» (Gegel) kabi falsafiy kategoriyalarni qayd etib, borliq muammolari talqiniga yanada teranroq mazmun baxsh etdi.
XX asr borliqni tushunishni tarixiylik, insonning mavjudligi, qadriyatlar va til bilan bogʼlab, uning talqinini oʼta kengaytirdi. Neopozitivizm falsafiy yoʼnalishi esa, avvalgi ontologiya falsafaning emas, balki ayrim fanlarning predmeti deb hisoblab, falsafadagi borliq muammosini soxta muammo sifatida talqin qildi.
Noklassik borliq. Noklassik falsafa dunyoning aqlga muvofiqligi, shuningdek inson ongining mustaqilligiga shubha bildirdi. Pozitivistlar umuman ontologiyani yaratishdan bosh tortdilar. Irratsionalizm, marksizm va ekzistentsializmda ontologik kontseptsiyalar hayot, jamiyat va inson tushunchalarini rivojlantirildi, ularni borliqning noyob usullari sifatida tavsiflandi.
Аnʼanaviy falsafiy qarashlarda borliqning uchta sohasi ajratib koʼrsatiladi. Ularga: tabiat borligʼi, jamiyat borligʼi, ong borligʼi kiradi. Bular uchun eng umumiy belgi, ularning mavjudligidir.
2. Shuningdek, falsafiy adabiyotlarda tabiat borligʼi va jamiyat borligʼining quyidagi shakllari ham farqlanadi. Tabiat borligʼi odatda tabiatdagi narsalar (jismlar), jarayonlar, holatlar borligʼi sifatida tushuniladi. U ikkiga boʼlinadi: azaliy tabiat borligʼi (yoki tabiiy tabiat borligʼi, u insondan ilgari va uning ishtirokisiz ham mavjud boʼlgan) va odam mehnati bilan ishlab chiqarilgan narsalar borligʼi («ikkinchi tabiat» borligʼi, yaʼni madaniyat). Ikkinchi tabiat borligʼi esa, oʼz navbatida, quyidagi koʼrinishlarda uchraydi:
- inson borligʼi (insonning narsalar olamidagi borligʼi va odamning oʼziga xos boʼlgan insoniy borligʼi);
- maʼnaviy borliq (individuallashgan va obʼektivlashgan maʼnaviy borliq);
- sotsial borliq (ayrim odamning tarixiy jarayondagi borligʼi va jamiyat borligʼi), u ijtimoiy borliq ham deb ataladi.
Makon va vaqt borliq shakllari. Bizni qurshagan dunyo mazmuni, borliqning umumiy xossasi boʼlgan borliq haqida soʼz yuritar ekanmiz, makon va vaqt tushunchalarini chetlab oʼtishimiz mumkin emas. Zero, har qanday jism, narsa, hodisa doim borliqning boshqa predmetlari va hodisalari bilan yonma-yon keladi, koʼlamlilik xususiyatiga ega boʼladi. Shuningdek ular oʼz ichki va tashqi holatlarini bir-biriga nisbatan oʼzgartiradi va bu turli hollarda har xil tezlik, marom, surʼat va davomlilik bilan yuz beradi. Аlohida holda ayrim yagona deb qaraladigan bu koʼrsatkichlar majmui bizga vaqt haqida tasavvur beradi. Makon va vaqt oʼz rang-barangligida cheksiz borliqning shakllari sifatida amal qiladi.
Makon va vaqt falsafa tarixida. Makon va vaqt mohiyati haqida odamlar oʼz rivojlanishining dastlabki bosqichlaridayoq fikr yuritganlar va oʼtmishning aksariyat mutafakkirlari ularning tabiatini aniqlashga harakat qilganlar. Bu avvalo inson amaliyoti va bilishining rivojlanishi bilan bogʼliq boʼlgan. Zero ular kengayib va takomillashib, mazkur kategoriyalarni yanada aniqroq va teranroq tushunishni talab qilgan. Xususan, antik davrdayoq falsafadan koʼlamli shakllar va ularni oʼlchash usullari haqidagi fan sifatida ajralib chiqqan geometriya ilk aniq fanlardan biriga aylandi. Vaqtga astronomik kuzatishlar hamda koinotning boqiyligi va inson hayotining tezoqarligi haqidagi mulohazalar nuqtai nazaridan ham alohida eʼtibor qaratilgan. Keyinchalik «makon» va «vaqt» kategoriyalariga qiziqish hech qachon susaymagan. Ular bilan bogʼliq koʼp sonli masalalar yuzaga kelgan. Ularning eng muhimlaridan biri quyidagicha yangraydi: makon va vaqt mustaqil mohiyatlarmi yoki ular faqat nimagadir bogʼliq holda keladimi? Shu munosabat bilan falsafa tarixida shakllangan ikki muhim va bir-biridan butunlay farq qiladigan yoʼnalish – Substantsional va relyasion yoʼnalishlarni farqlash mumkin.
Substantsional yoʼnalishda makon va vaqt materiya va ongga bogʼliq boʼlmagan mustaqil mohiyatlar sifatida qaralgan. Substantsional kontseptsiya asoschilari Demokrit (makon muammosi boʼyicha) va Platon (vaqtga nisbatan yondashuvlarda) makon va vaqtni materiyaga ham, bir-biriga ham bogʼliq boʼlmagan mustaqil mohiyatlar sifatida talqin qilganlar. Demokrit atomlar harakatlanuvchi boʼshliq amalda mavjudligi haqidagi yondashuvni ilgari surgan. Uning fikricha, boʼshliqsiz er atomlar harakatlanish imkoniyatidan mahrumdir. Demokrit va epikur makonni atomlardan iborat joy deb tasavvur qilgan va uni boʼshliq bilan tenglashtirgan. Makon mutlaq, bir jinsli va harakatsiz boʼladi, vaqt esa bir tekis oqadi deb hisoblangan. Demokrit, epikur va Lukrettsiy Kar taʼlimotiga koʼra, makon obʼektiv, bir xil va cheksiz. U atomlar joylashadigan joy. Vaqt (zamon)ni abadiyat bilan tenglashtirish mumkin –u oʼtmishdan kelajak sari bir maromda kechuvchi sof davomlilikdan iborat.
Vaqt - voqealar yuz beruvchi joy. Qadimgi yunon faylasuflari materiya, harakat, makon va vaqtni mustaqil substantsiyalarga ajratuvchi bu gʼoyalar keyinchalik Nyuton klassik mexanikasida rivojlantirildi. XVIII-XIX asrlarda Substantsional kontseptsiya – mutlaq makon va vaqt kontseptsiyasi falsafa va tabiatshunoslikda etakchilik qildi, biroq, bu oʼz mohiyatiga koʼra metafizik kontseptsiya edi, chunki u harakatlanuvchi materiya, makon va vaqtning aloqadorligini eʼtiborga olmas edi. Mazkur kontseptsiyaga koʼra, materiyadan tashqarida sof makon yoki moddiy jarayonlar bilan mutlaqo bogʼliq boʼlmagan vaqt mavjud boʼlishi mumkin edi. Shunga qaramay, makon va vaqt haqidagi bu tasavvurlar muayyan empirik asosdan xoli emas edi. Odatdagi tajriba va past tezliklar sohasida, makrodunyoda makon, vaqt va harakatlanayotgan narsa oʼrtasida bevosita aloqa kuzatilmaydi. Obʼekt muayyan joydan uzoqlashishi mumkin, lekin buning natijasida makon oʼzgarmaydi va yoʼqolmaydi. Vaqt ham shunday tushuniladi, u obʼektlarga bogʼliq emas. Shuning uchun ham bunday yondashuvlar saqlanib qolgan, ayniqsa, tabiatshunoslik mikrodunyoni oʼrganishga hali yaqinlashmagan sharoitda keng tarqalgan.
Аmmo dialektik tafakkur sohibi boʼlgan F.Gegel bunday yondashuvlarni qatʼiy inkor etgan. U makon mustaqil boʼlishi mumkin emasligini qayd etgan, vaqt haqida esa shunday degan: «hamma narsa vaqtda yuzaga kelmaydi va yuz bermaydi, balki vaqtning oʼzi shu shakllanish, yuzaga kelish va yuz berishdir» degan eʼtirozlarida F.Gegel haq edi. Umuman, Gegel oʼzining obʼektiv idealizmida makon va vaqtga eʼtibor qaratmagan, chunki u vaqtdan tashqari, boqiy, «sof mantiqiy» xususiyatga ega boʼlgan bilimlarning mutlaq tizimini yaratishga harakat qilgan.
Do'stlaringiz bilan baham: |